Shimoliy va Janubiy Amerikani atrofdagi orollari bilan birga odatda Amerika deb ataladigan bir qit’aga birlashtiradilar. Biroq bu ikki materik tabiiy sharoitiga ko’ra bir-biridan butunlay farq qilib, bu hol ularning geografik o’rni va rivojlanish tarixi bilan bog`liq.
G`arbiy yarim shardagi bu materiklar tabiatidagi katta tafovut ularning har birini alohida ko’rib chiqishni taqozo etadi.
Amerikaning Yevropaliklar tomonidan kashf etilishi, bosib olinishi hamda o’zlashtirilishi murakkab jarayon bo’lib, ancha uzoq davom etgan.
Amerika qit’asiga kiruvchi Grenlandiya oroli va Shimoliy Amerika materigining shimoliy rayonlari yevropaliklarga (normanlarga) eramizning I minginchi yillari oxiridayoq ma’lum bo’lgan. Normanlar XIV asrga kelib, materikning ichkarisiga ham kirib borganlar deb taxmin qiladilar. Keyinroq XV asr oxiridagi X. Kolumb sayohatlariga qadar bu kashfiyotlar unutilib ketgan. XV asr oxirida Markaziy Amerikadagi deyarli barcha orollar va Markaziy Amerika bo’ynining ancha qismi, so’ngra esa janubiy materikning shimoliy sohillari kashf qilindi. Shu vaqtdan e’tiboran Amerikani ispanlar, inglizlar va fransuzlar tomonidan kashf qilinishi, o’rganilishi va bosib olinishi boshlandi. 1507 - yili kartograf M. Valdzemyuller bu yangi yerlarni birinchi bo’lib qit’a deb taxmin qilgan florensiyalik sayyoh Amerigo Vespuchchi nomi bilan atadi. Shimoliy Amerika bilan Janubiy Amerikaning alohida materiklar ekanligi haqidagi tasavvur ancha keyin paydo bo’ldi.
XVIII asr o’rtalaridan boshlab rus olimlari va dengizchi sayyohlari Aleut orollarida, Alyaskada va Tinch okean bo’ylarida katta tadqiqotlar olib bordilar. Bu tadqiqotlarni V. Bering va A. I. Chirikov ekspedistiyalari boshlab berdi, keyinchalik ularni A. A. Baranov, M. S. Gvozdev va boshqalar davom ettirdilar.
Bir oz keyinroq (XIX asr oxiri-XX asr boshida) ayrim rus olimlari Janubiy Amerikaning turli rayonlarida tadqiqotlar o’tkazdilar. N. M. Albovning Argentina va Olovli Yer orollariga, A. S. Ioninning materikning sharqiy qismiga oid ishlari katta ahamiyatga egadir.
Dostları ilə paylaş: |