KULGU DARG‘ASI G‘afur G‘ulom etagini silkitsa, kulgi to‘kilardi. U kirgan xonadonda
bir hovli kulgi qolardi. U har bir xonadonning ko‘pdan kutgan aziz
mehmoni edi. Qayerga borsa, o‘sha yerda atrofini yosh-u qari o‘rab olardi.
Donolar davrasida dono edi. Bedilni, Hofizni, Jomiyni sevib o‘qirdi.
Ozarbayjon, tojik, turkman, uyg‘ur, qozoq, tatar, qirg‘iz tillarida bemalol
gaplasha olardi. U hozirjavob odam edi. Dushanbadagi bir davrada aytgan
gaplarini haligacha qoyil qolib eslayman. – Siz meni o‘zbek, Tursunzodani
tojik deyapsizlar. Tojikning oti Tursun bo‘lsa, o‘zbekning oti G‘ulom
bo‘lsa, uning tojikligi-yu, mening o‘zbekligim qayoqqa borardi? Yo‘q,
birodarlar, biz hammamiz qardoshmiz. Milliy ayirmachilikni xayolimizga
ham keltirmaymiz. Qarang, hatto ismlarimiz ham ayqash-chuyqash bo‘lib
ketgan-a! (Said Ahmad) (101 ta so‘z). INSHO Adabiyot fanidan nazorat ishi bo’lishi kerak edi. Adabiyot
o‘qitivchimiz Mahmud Ilhomov doskaga bir necha mavzuni yozib
qo‘ydilar. Oxirgisi erkin mavzudagi insho ekan: «Mening Vatanim».
Menga shu mavzu yoqdi.
«Mening Vatanim» deb sarlavha qo‘ydim. Ancha vaqtgacha inshoni
nimadan boshlash kerakligini bilmay o‘tirdim. Mahmud Ilhomovich
qiynalib o‘tirganimni sezdi, shekilli, partalar orasidan asta-asta yurib,
mening yonimga kelib to‘xtadilar. Daftarimga qaradilar. Hech narsa
yozilmagan.
– Boshlab olish shunaqa qiyin bo‘ladi, - dedilar o‘qituvchimiz. Vatan
haqida o‘qiganlaringni bir eslab ko‘rgin. Kecha yod aytib bergan
she’ringdan boshlasang ham bo‘ladi.
E.Vohidovning «O’zbegim» she’rini yod aytib bergan edim.
She’rning birinchi satrini sarlavhadan keyin epigraf qilib yozdim,
shundan keyin fikr quyilib kelaverdi… (103 ta so‘z)