Ijtimoiy borliqning in’ikosi natijasida dunyoqarash shakllanadi, unda ijtimoiy turmush aks etadi. Dunyoqarash insoniyat erishgan bilimlar darajasiga hamda ijtimoiy tuzumga bogʻliq boʻladi.
1.1.2.-chizma. Dunyoqarash shakllari
Dunyoqarashda intellektual, emotsional va ruhiy asoslar uzviy bogʻliq boʻlib, ular har bir inson uchun individual xususiyatlar sifatida amal qiladi. Dunyoqarashning shakllanishi natijasida subyektning e’tiqodlari, qilmishlari va harakatlari majmui vujudga keladi. Dunyoqarashda inson va insoniyat oʻzligini namoyon etadi.
Dunyoqarashning amaliy darajasi stixiyali tarzda shakllanadi (oddiy, kundalik dunyoqarash). Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy dunyoqarash deb ataladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi, odamlarga kundalik hayoti, faoliyatiga yoʻl koʻrsatib, ularni xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi.
Dunyoqarashning muhim elementi – shubha, u insonni dogmatizm, ya’ni biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi.
Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.2
Dunyoni sezish – inson oʻzini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Inson oʻzining hislari, tuygʻulari, kayfiyati, qarashlari orqali olamni tasavvur qiladi, uning obrazini
2 Нигина Шермухамедова. Фалсафа. Дарслик. “Idris Abdurauf Nashr” -Т.2021; 21-24 бетлар; Қ.Назаров. Фалсафа асослари. Ўзбекистон файласуфлари миллий жамияти нашриёти. Т.2012 31-36 бетлар; Sh.O.Madaeva. FALSAFA. O`quv qo`llanma. “MUMTOZ SO`Z” . 2019 й.,5-10 betlar.
subyektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorugʻ boʻlib tuyulishi mumkin boʻlgan nur, sogʻlom odam uchun normal boʻladi; daltonik ranglar gammasini koʻrish qobiliyati normal boʻlgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojiaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – inson atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishidir. Dunyoni idrok etish toʻgʻri yoki notoʻgʻri boʻlishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq notoʻgʻri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga oʻxshash fantaziyalar paydo boʻladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek, tabiatda yuz beruvchi voqealar va jarayonlarning oʻzaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir. Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos boʻlsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir.
Har bir davrning, avlodning, ijtimoiy guruhning oʻziga xos dunyoqarashi boʻladi, shu sababli har qanday dunyoqarash ijtimoiy- tarixiy xarakterga ega. Uning shakllari oʻzgaradi, tarixiy koʻrinishlari muttasil yangilanib turadi.
Insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, uning dunyoqarashi, ya’ni dunyoni sodda, cheklangan tushunishidan tortib, oʻzining mifologik, diniy va falsafiy bosqichlari tomon rivojlanib borganligini koʻramiz. Ularning har biri oʻziga xos xususiyatlariga koʻra bir-biridan farq qiladi. Shu ma’noda dunyoqarashning tarixiy shakllarini quyidagi tarixiy turlarga ajratamiz (qarang 1.1.4.-chizma).
Mifologik dunyoqarash. Mifologiya (yun. mifhos – afsona, rivoyat; logos – soʻz, tushuncha, ta’limot) – miflar majmui boʻlib, miflarni oʻrganadi. Mif (yun. mifhos – afsona, rivoyat) – turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi dunyoqarash. Mifologiya ijtimoiy ong shakllaridan biri va kishilarning tabiiy va ijtimoiy hodisalarning mohiyatini anglashda ilk bosqich hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |