Klinikasi. Yashirin davri 4 kundan 20 kungacha (ko‘pincha 7— 12 kun) davom etadi. Kasallik o‘tkir boshlanib, kuchli et uvushadi va tezda tana harorati 39—40°C gacha ko‘tariladi. Harorat egri chizig‘i to‘lqinsimon tus oladi. Kasallikning dastlabki kunlari isitma doimiy xarakterda bo‘ladi; 6—10-kunlarga kelib, tana harorati qisqa lizis bilan tushadi. Leptospiroz uchun isitma residivi xos, ya’ni ayrim bemorlarda 3—12 kundan keyin isitmaning qayta ko‘tarilishi kuza- tiladi. Kasallikning birinchi kunidayoq kuchli umumiy holsizlik, bosh og‘rig‘i va chanqash seziladi. Alohida belgilari — bu mushaklardagi (ayniqsa yelka, ko‘krak, qorin mushaklarida) kuchli og‘riqlardir. Bu og‘riqlar hatto mushaklarni asta paypaslaganda ham kuchayadi. Ayrim vaqtlarda og‘riqlar shunchalik kuchli bo‘ladiki, hatto bemor qimirlay olmay qoladi. Mialgiyalar (mushaklardagi og‘riqlar) 8— 10 kun davom etadi. Leptospirozda bemorning tashqi ko‘rinishi ham o‘ziga xos. Kasallikning dastlabki kunlari yuz shishgan va qizargan bo‘lib, skleralarga qon quyilishi aniqlanadi. Bo‘yin va ko‘krak qafasining yuqori qismlari ham qizargan bo‘ladi, lab va burun qanotlari shilliq pardalariga gerpetik toshmalar toshadi. Leptospirozning og‘irroq shakllarida kasallikning 3—5-kunidan boshlab, skleralar va keyinroq teri sarg‘ayadi. Siydik to‘q rangda bo‘ladi. Najas rangi odatda o‘zgarmaydi. Jigar sohasi paypaslab ko‘rilganda og‘riydi, jigar kattalashadi. Taloq ham kattalashishi mumkin. Bu vaqtda bemorlarda ekzantema kuzatiladi. Toshmalar ko‘pincha qizamiq, qizilcha yoki skarlatinasimon ko‘rinishlarda uchraydi. Ayrim hollarda ular o‘zaro qo‘shilib eritematoz (qizargan) sohalarni hosil qiladi. Toshma elementlari o‘rnida yengil pigmen- tatsiya (dog‘lar) qoladi. Gemorragik sindrom inyeksiya joyi va skleralarga qon quyilishlar shaklida qayd etiladi. Yurak-qon tomirlar sistemasida puls kamayishi (bradikardiya), arterial bosim pasayishi, yurak tovushlarining bo‘g‘iqligi va EKGning o‘zgarishi kuzatiladi. Nafas yo‘llari o‘zgarishlari bronxit, ayrim paytlarda o‘pkaga qon quyilishi natijasida balg‘amning qon aralash ajralishi shaklida uchraydi. Siydik ajratish sistemasida oliguriya, ba’zan anuriya aniqlanadi. Nerv sistemasida intoksikatsiya belgilari — kuchli bosh og‘rig‘i va uyqusizlik kuzatiladi. Og‘ir holatlarda ularga qo‘zg‘alishlar va ongning buzilishi qo‘shiladi. Meningeal belgilar (ensa mushaklari rigidligi, ijobiy Kernig va Brudzinskiy simptomlari) kuzatilishi mumkin. O‘lim hollari o‘tkir buyrak yetishmovchiligi va uremik koma natijasida kelib chiqadi.