Etiologiyasi. Qo‘zg‘atuvchi pikornaviruslarga mansub. Virion kattaligi 20—30 nm, RNK ga ega, to‘qima kulturalari va rivoj- lanayotgan tovuq embrionida o‘sadi. Tirik vaksinalar sifatida ishla- tiladigan virus shtammlari olingan. Laboratoriya hayvonlaridan oqsimga dengiz cho‘chqalari va yangi tug‘ilgan sichqonlar juda sezgir. Oqsim virusi tashqi muhitga chidamli bo‘lib, quritilganda va muz- latilganda yaxshi saqlanadi, spirt va efirga kam sezgir. 60°C gacha qizdirilganda va ultrabinafsha nurlar ta’sirida tez nobud bo‘ladi. Epidemiologiyasi.Infeksiya rezervuari va manbai kasal hayvonlar, ayniqsa yirik shoxli hayvonlar, cho‘chqalar va echkilar, ba’zi hollarda hayvonlarning boshqa turlari hisoblanadi. Kasal hayvonlar virusni tashqi muhitga so‘lagi, suti, najasi va siydigi orqali ajratadi. Virus tashqi muhitda 2—3 oygacha saqlanadi. Odam kasallikni asosan xom sutli mahsulotlarni iste’mol qilganda, ba’zi hollarda esa kasal hayvonlar bilan bevosita aloqada bo‘lganda (shilinishlar, qirilishlar bo‘lganda teri qoplamlari orqali) yuqtiradi. Odamda kasallik sporadik shaklda uchraydi. Katta odamlar bolalarga nisbatan oqsimga kam mo- yil bo‘ladi. Patogenezi va patologik anatomiyasi.Infeksiya darvozasi zarar- langan teri yoki og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavati hisoblanadi. Infeksiya kirgan joyda birlamchi afta, ya’ni birlamchi affekt hosil bo‘ladi, unda viruslar to‘planib rivojlanadi. Keyinchalik virus kirish darvozasidan qonga o‘tadi (virusemiya), gematogen yo‘l bilan butun organizm bo‘ylab tarqaladi, og‘iz va burun bo‘shlig‘i, til va kaft terisida, ayniqsa tirnoqlar orasida va barmoqlararo burmalarda yig‘iladi. Bu yerda ikkilamchi aftalar paydo bo‘ladi. Virusemiya vaqtida tana harorati ko‘tariladi va umumiy intoksikatsiya belgilari paydo bo‘ladi. Teri va shilliq qavatlarning zararlangan sohalaridagi bioptatlarda o‘choqli nekrozlar uchraydi. O‘lim hollari juda kam kuzatiladi. Patologoanatomik tekshirib ko‘rilganda og‘iz bo‘shlig‘i, qizil- o‘ngach, ichaklar shilliq pardalarida nekroz o‘choqlari hamda yiringli-nekrotik traxeobronxit va uretrit aniqlanadi. Yurak mushak- larida o‘zgarishlar qayd etiladi, jigar, buyrak va miyada venoz to‘laqonlik aniqlanadi.