Patogenezi va patologik anatomiyasi. Quturish virusi zararlangan teri orqali kirgandan keyin nerv tolalari orqali perinevral yo‘l bilan tarqaladi, bosh hamda orqa miyaga yetib boradi. Keyinchalik virus so‘lak bezlariga kiradi va so‘lak bilan tashqi muhitga ajrala boshlaydi. Virus markaziy nerv sistemasiga kirib, uzunchoq miya neyronlarida, gipokampda, miya asosi tugunlari va orqa miyaning bel qismida ushlanib qoladi. Zararlangan miya hujayralari sitoplazmasida (ko‘pincha Ammonov shoxi neyronlarida) kiritmalar — Babesh- Negri tanachalari hosil bo‘ladi, ular spetsifik antigenga ega. Nerv sistemasining bu bo‘limlari zararlanishi natijasida kuchli reflektor qo‘zg‘alish va talvasa rivojlanadi, bu ayniqsa yutinish va nafas mushaklarida yaqqol seziladi. So‘lak ajratish va terlash kuchayadi. Keyinchalik nerv markazlari zararlanishi tufayli oyoq-qo‘l hamda yurak mushaklari falajlanadi va kasallik o‘lim bilan tugaydi. Makros- kopik tekshirishlarda bosh va orqa miyada patomorfologik o‘zgarishlar aniqlanadi. Miya to‘qimalari shishib, gipokamp, uzunchoq miya, miyacha, orqa miya va simpatik gangliyalar sohasida tomirlar to‘laqonligi va qon quyilishlar kuzatiladi. Quturgan hayvonlar oshqozonida yeb bo‘lmaydigan mayda cho‘plar, toshlar, shishalar va boshqa narsalarning topilishi tashxis qo‘yishda katta ahamiyatga ega. Quturishdan o‘lgan kishilar miyasini gistologik tekshirib ko‘rilganda nerv hujayralari shishganligi va ular yadrosining parchalanishi, vakuollanish, protoplazmasida yog‘lar ko‘payishi, Ammonov shoxi hujayralarida esa — Babesh-Negri tanachalari aniqlanadi. Bu tana- chalar quturish tashxisining so‘zsiz tasdig‘i hisoblanadi. Muromsev usulida bo‘yalganda ular ko‘kish yadroga ega bo‘lgan binafsha rangli kiritmalar shaklida ko‘rinadi. Klinikasi. Yashirin davr odatda 1—3 oy davom etadi (10 kundan 1 yilgacha chegaralarda). Kasallik kechishida uch davr farqlanadi: 1) boshlang‘ich davri; 2) qo‘zg‘alish davri; 3) falajlanish davri. Boshlanish davrida bemorlarda tishlangan joyda jarohat qachon- lardir chandiq hosil qilib bitib ketgan bo‘lsa-da, yoqimsiz sezgi (qunishish, tortishib og‘rishlar, qichishish, teri sezuvchanligining oshishi (giperesteziya) paydo bo‘ladi. Bu davrda umumiy holsizlik va bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Harorat subfebril bo‘ladi. Bir vaqtda ruhiyatning buzilishi belgilari rivojlanadi: qo‘rquv, vahima va tushkun kayfiyat paydo bo‘ladi. Bemor ruhan tushgan, odamovi, ovqat yeyishdan bosh tortadigan bo‘lib qoladi, qo‘rqinchli tushlar ko‘ra boshlaydi. Boshlang‘ich davr 2—3 kun davom etadi. Qo‘zg‘alish davri gidrofobiya, aerofobiya va sezuvchanlik oshishi bilan xarakterlanadi. Gidrofobiya (suvdan qo‘rqish) shu bilan xarakterlanadiki, bunda bemor suyuqlik ichishga harakat qilganda, keyinchlik esa suvli idishni lablariga yaqinlashtirganda ham halqum va hiqildoq mushaklari o‘ta og‘riqli ravishda qisqaradi, nafas olish shovqinli bo‘lib, qisqa muddatli talvasali nafas olishlar, hatto qisqa muddatli nafas olishlarning to‘xtashi kuzatiladi. Bunday talvasalar keyinchalik to‘kilayotgan suvning tovushi eshitilganda ham yoki hatto «suv» so‘zi aytilganda ham yuzaga kela boshlaydi. Talvasalar bemor betiga havo oqimini puflaganda ham (aerofobiya) kuzatiladi. Tana harorati subfebril bo‘ladi. Xuruj yorug‘lik ta’sirida (fotofobiya), shovqinlar va qattiq gaplashishlar (akustikofobiya), teriga teginish hamda boshni burish, yo‘tal va mushaklar taranglashganda ham kuzatilishi mumkin. Ko‘pincha kuchli terlash, ko‘p miqdorda va tinimsiz so‘lak ajralashi (sialoreya) kuzatiladi. Bemor so‘lagini yutishga ulgurmaydi, muntazam og‘izdan so‘lak oqib turadi, u kiyimlarini ho‘l qilib tashlaydi va har tomonga sachratadi. Qo‘z- g‘alish kuchayadi, eshitish va qo‘rquv gallusinatsiyalari aniqlanadi. Ular ko‘pincha tahdid (do‘q-po‘pisa qiluvchi) xarakterida bo‘ladi. Ba’zan agressiv harakatlar bilan kechadigan beboshlik (quturish, haddidan oshish) xurujlari qayd etiladi. 2—3 kundan keyin qo‘z- g‘alish qo‘l-oyoqlar, til, yuz mushaklari falajlanishlari bilan kechadi. Falajlanish davri ruhan tinchlanish bilan xarakterlanadi. Qo‘r- qish hamda vahimalar, gidrofobiya va ruhiy qo‘zg‘alishlar xuruji yo‘qoladi, bemorda sog‘ayishga umid paydo bo‘ladi. Bir vaqtda holsizlik, apatiya, so‘lak ajralishi kuchayadi, qo‘l-oyoqlar falajlanishi, bulbar o‘zgarishlar, chanoq a’zolari funksiyalarining buzilishlari qayd etiladi. Tana harorati 40—41°C gacha ko‘tariladi. Kasallikka kuchayib boruvchi taxikardiya va gipotoniya xarakterlidir. Bu davr 18—20 soat davom etadi, kasallik odatda o‘lim bilan tugaydi. O‘lim yurak va nafas markazlari falajlanishi natijasida vujudga keladi. Kasallik 3—7 kun davom etadi. Quturishning atipik shakllari ham uchraydi. Bularga bulbar, serebromaniakal, miyachaga tegishli va falajlanish shakllari kiradi. Bulbar shakliga es-hush saqlangan holda, disfagiya va nafas olish buzilishi; serebromaniakal shakliga — alahsirash, psixozlar rivoj- lanishi va kam uchraydigan talvasa xurujlari, miyachaga tegishli shakliga bosh aylanishi, turg‘un bo‘lmagan chayqalib yurishlar xos; falajlanish shakli — kasallikning boshlanishidayoq falajliklar mono-, gemi- va paraplegiyalar shaklida kuzatiladi, ayrim hollarda yuqoriga ko‘tariluvchi falajlanishlar namoyon bo‘ladi. Shuni ham unutmaslik kerakki, sanab o‘tilgan barcha shakllariga yutish, mushaklar spazmi va suvdan qo‘rqish belgilari xarakterli hisoblanadi.