Xulosa:
a) Falsafa barcha fanlar bilan bog‘liq xolda rivojlanadi va boshqa fanlar kabi uzoq tarixiy taraqqiyot natijasi sifatida mustaqil fanga aylangan;
b) Falsafa fani tabiiyotshunoslik, jamiyatshunoslik, insonshunoslik, texnikashunoslik fanlari xulosalarini bir-biriga bog‘lab, insoniyatni ilmiy-falsafiy dunyoqarash egasi qiladi; falsafa fani insonshunoslik fanlari va san’atning rivojiga yo‘l ochadi;
g) Falsafa donishmandlik yo‘llarini ravon qiladi, olam sirlarining ich-ichiga kirib borish imkoniyatini yaratish jarayonida mistika bilan bog‘lanadi;
Dunyoqarash kishilarning olam xaqidagi ahloqiy, falsafiy, xuquqiy, estetik, ilmiy, diniy va xokazo qarashlari majmuidan iborat. Dunyoqarashda kishilarning muayyan tarixiy davrdagi olam xaqidagi umumlashgan, yaxlit bilimlari aks etadi. Dunyoqarashning asosini insonning olamga munosabati tashkil etadi. Inson butun umri davomida o‘zini o‘rab olgan dunyoning mohiyatini anglashga harakat qiladi. Dunyoqarashning sub’ekti inson (individ), ijtimoiy guruhlar, sinflar, partiyalar, jamiyat a’zolari hisoblanadi. Dunyoqarash kishilarning nafaqat olamga, balki o‘z-o‘zlariga munosabatini ham ifodalaydi. SHu ma’noda dunyoqarashni inson tomonidan olamni va o‘z-o‘zini anglash jarayoni, deb hisoblash o‘rinlidir.
Dunyoqarash o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
- Dunyoqarash olam va odam haqidagi yaxlit, umumlashtirilgan bilimlardan iborat. Unda olam, voqelikdagi turli o‘zgarishlar, taraqqiyot haqidagi o‘y-fikrlar, orzu-umidlar, his-tuyg‘ular, kayfiyatlar, bilimlar aks etadi.
- Dunyoqarash kishilarning amaliy faoliyatlari jarayonida vujudga keladi va rivojlanadi. Inson faoliyati esa xilma-xil: mchnat, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy sohadagi xatti-xarakatlar; shu ma’noda dunyoqarashni anglash va faoliyatning uyg‘unligi tarzida ifodalash mumkin.
- Dunyoqarashda individ, ijtimoiy guruhlar, sinflar, millatlarning yashash sharoitlari, turmush tarzlari, ular hayotining tabiiy-ilmiy hamda ijtimoiy-ma’naviy omillari o‘z ifodasini topadi. Dunyoqarash kishilar ijtimoiy hayoti- ijtimoiy borliqning in’ikosidir. Dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishi uzluksiz tarixiy jarayon bo‘lib, jamiyatdagi o‘zgarishlar, taraqqiyot unda o‘z ifodasini topadi. Turli ijtimoiy tuzumlarda dunyoqarashning o‘ziga xos mazmuni va shakllari vujudga keladi va taraqqiy etadi.
- Dunyoqarash olamning inson tomonidan anglanishigina emas, balki uning baholanishi hamdir. Alohida olingan kishilar, ijtimoiy guruhlar, sinflar, millatlar o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda olamni anglaydilar, Undagi predmet, xodisalar, jarayonlarga o‘z munosabatlarini bildiradilar, ya’ni baholaydilar. SHu ma’noda dunyoqarash deganda uni tashkil etuvchi ikki elementni, birinchidan, olam haqidagi bilimlarni, ikkinchidan, inson hayotining muhim tomonini tashkil etadigan qadriyatlarni tushunmoq lozim. Inson olamni va o‘z-o‘zini anglashi, o‘z xatti-harakatlariga, maqsad va manfaatlariga boshqalarning nuqtai-nazarini hisobga olgan holda baho berishi uning dunyoqarashining qay darajadaligidan, qanchalik mustaqil fikr yurita olishidan dalolat beradi.
- Dunyoqarash o‘z ichiga dunyoni his qilish, dunyoni tushunish jarayonlarida hosil bo‘ladigan idrok, kayfiyatlarni ham qamrab oladi.
Dunyoqarashning ikkita darajasi mavjuddir. Uning birinchisini, kishilarning kundalik hayotini amaliy tajribasi hamda kasbiy faoliyati asosida to‘plangan bilimlar, tasavvurlar, qarashlar tashkil qilsa, ikkinchisini esa ilm-fan tufayli to‘plangan nazariy bilimlar, g‘oyalar yig‘indisi tashkil etadi. Ularning ikkalasi bir-biri bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi.
Dunyoqarashning uzluksiz o‘zgarib, yangilanib, rivojlanib turuvchi jarayon ekanligini uning tarixiy tiplarining shakllanishi va almashinuvidan ham bilsa bo‘ladi. Dunyoqarashning tarixiy tiplariga mifologik, diniy va ilmiy-falsafiy dunyoqarashlar kiradi.
Dostları ilə paylaş: |