Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati: 1. Falsafa. Axmedova M. Taxriri ostida.-T.: UFMJ, 2006.
2. Falsafa. Mamashokirov S. Tahriri ostida. -T.: Sharq, 2005.
3. Shermuxamedova H.A. Falsafa.-T.: Noshir, 2012. -1207 b.
4. Shermuxamedova N.A. Gnoseologiya-bilish nazariyasi.-T.: Noshir, 2009.
5. Shermuxamedova N.A. Falsafaga kirish.-T.: Noshir, 2012.
6. Shermuxamedova N.A. Borlik va rivojlanish falsafasi.-T.: Noshir, 2013.
7. Shermuxamedova N.A. Inson falsafasi.-T.: Noshir, 2017.
8. Izzetova E., Pulatova D. Filosofiya. -T.: Sharqshunoslik, 2012.
9. Sharipov M. Fayzixujayeva D. Mantik. -T.: Universitet, 2007.
10. Davronov Z, Sultonova A, Okyulov X. Falsafa fanidan seminar
mashg’ulotlaribo’yicha uslubiy qo’llanma. TMI.2018.
11. Davronov Z. Falsafa. O’quv qo’llanma. TMI 2006
12. Mamatov N. Falsafa. O’quv qo’llanma. TMI 2006
6-mavzu.Axloq va qadriyatlar falsafasi (Etika).
Reja: 1.“Etika” fanining predmeti, mohiyati va tuzilmasi.
2. Gedonizm va evdemonizm ta’limotining axloqiy ahamiyati.
3. Axloqning paydo bo‘lishiga oid diniy, ilmiy qarashlar tasnifi.
Tayanch so’z va iboralar: Axloq Xulq nafosatshunoslik dunyoviylik, Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo`lgan qadimiy fan. U bizda “Ilmi ravish”, “Ilmi axloq”, “Axloq ilmi”, “Odobnoma” singari nomlar bilan atab kelingan. G`arbda esa “Axloqshunoslik” “Etika” nomi bilan mashhur. Biz ham yaqin-yaqingacha ushbu atamadan foydalanib kelar edik. “Etika” atamasi yunoncha “ethos” so`zidan olingan bo`lib “odat”, “fe`l”, “fikrlash tarzi” singari ma`nolarni anglatadi. Uni birinchi bo`lib yunon faylasufi Arastu ilmiy muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasniflar ekan ularni uch guruhga bo`ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga falsafa, matematika va fizikani, ikkinchi guruhga etika va siyosatni, uchinchi guruhga esa san`at, hunarmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta`limotni fan darajasiga ko`targanlar va “Etika” deb ataganlar.
Axloqshunoslik - bu axloq nazariyasi bo’lib, kishilarning axloqiy hayotini o’rganadigan, axloqiy hodisalarning o’ziga xos xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradigan eng qadimgi insonshunoslik fanlaridan biridir. U o’z predmetini ijtimoiy munosabatlar bilan chambarchas aloqadorlikda tadqiq etar ekan, faqat axloqning paydo bo’lishi va tarixiy taraqqiyot qonuniyatlarini, funksiyalarini aniqlash bilangina cheklanib qolmay, balki ayni paytda axloqning ijtimoiy mohiyatini, kishilarning yurish turishini, axloqan tartibga solish qonunlarini va u orqali ijtimoiy jarayonlarni o’rganish bilan shug`ullanadi.
Ammo shu o`rinda ta`kidlab o`tish joizki, bizda, bizning mintaqamizda dastlabki axloqiy g`oyalarning vujudga kelishi va axloqiy qadriyatlarning shakllanishi yunonlar yashagan davrdan ancha ilgari sodir bo`lgan. Ajdodlarimizning eng ko`hna e`tiqodiy-axloqiy kitobi “Avesto” buning yorqin dalilidir. Garchi yunonlar buni fan darjasiga ko`targan bo`lsalar-da keyinchalik bizning bobokalonlarimiz, ulug` olim va fuzalolarimiz ushbu fan sohasida yangi-yangi nazariyalarni yaratdilar, uni yangicha bosqichga olib chiqdilar va buni asrlar davomida saqlab keldilar.
Axloqshunoslik mustaqil fan sifatid shakllangunga qadar, falsafaning tarkibiy qismi, hattoki, uning yadrosi hisoblanar edi. Faylasuflar dunyoqarash muammolari (insonni o’rab olgan olam, odamning shu olamdagi o’rni), dunyoni bilish yo’llariga javob berish jarayonida ular jamiyatda odam qanday yashamog`i va faoliyati qanday bo’lmog`i kerak, uning ijtimoiy burchi, vazifasi nimadan iborat bo’lishi kerak, insonning turmush kechirish normalari va boshqa shu kabi savollarga ham javob topishga uringanlar.
“Axloq” so`zi arabchadan olingan bo`lib, “xulq” so`zining ko`plik shaklidir. Buyuk jadid mutafakkiri A. Avloniy axloqqa quyidagicha ta`rif beradi; “Insonlarni yaxshilikka chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurg`on kitobni axloq deyilur” .
Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo’lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini xulq, keng qamrovli qismini axloq egallaydi
Odob - inson haqida yoqimli taassurot uyg`otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo’lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli hatti-harakatlarni o’z ichiga oladi.
Xulq - oila, jamoa, mahalla-kuy miqyosida ahamiyatli bo’lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydigan yoqimli insoniy hatti-harakatlarning majmui. Axloq esa - jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo’la oladigan ijobiy hatti-harakatlar yig`indisidir.
Bu fikrlarimizni misollar orqali tushuntirishga harakat qilamiz. Deylik, metroda yoshgina yigit, talaba hamma qatori o’tiribdi. Navbatdagi bekatdan bir keksa kishi chiqib, uning ro’parasida tik turib qoldi. Agar talaba darhol: «O’tiring, otaxon», deb joy bo’shatsa, u chiroyli a’mol qilgan bo’ladi: chetdan qarab turganlar unga ich-ichidan minnatdorchilik bildirib: «Baraka topgur, odobli yigitcha ekan» deb qo’yadi. Aksincha, talaba yo teskari qarab olsa, yoki o’zini mudraganga solib, qariyaga joy bo’shatmasa, g`ashimiz keladi, ko’nglimizda: «Buncha beodob, surbet degan tasavvurni uyg`otadi. Lekin, ayni paytda, talabaning qariyaga joy bo’shatgani yoki bo’shatmagani oqibatida vagondagi yo’lovchilar hayotida biror-bir ijobiymi, salbiymi muhim o’zgarish ro’y bermaydi.
Xulqqa quyidagicha misol keltirish mumkin: mahallamizdagi oila boshliqlaridan biri imkon boricha qo’ni-qo’shnilarning barcha ma’rakalarida xizmatda turadi, hech kimdan qo’lidan kelgan yordamini ayamaydi, ochiq ko’ngil, ochiq qo’l, doimo o’z bilimini oshirib borishga intiladi, tirishqoq, oila a’zolariga mehribon va h.k. Unday odamni biz Xushxulq inson deymiz va unga mahallamizning namunasi sifatida qaraymiz. Bordi-yu, aksincha bo’lsa, u qo’ni-qo’shnilar bilan qo’pol muomala qilsa, tuy-ma’rakalarda janjal ko’tarsa, sal gapga o’dag`aylab, musht o’qtalsa, ichib kelib, oilada xotin-bolalarini urib, haqoratlasa, uni badxulq deymiz. Uning badxulqliligidan oilasi, ba’zi shaxslar jabr ko’radi, mahalladagilarning tinchi buziladi, lekin hatti-harakatlari jamiyat ijtimoiy hayotiga yoki insoniyat tarixiga biror bir ta’sir o’tkazmaydi.
Axloqqa kelsak, masala jiddiy mohiyat kasb etadi: deylik, bir tuman yoxud viloyat prokurori o’zi mas’ul hududda doimo qonun ustivorligini, adolat qaror topishini ko’zlab ish yuritadi, lozim bo’lsa, hokimning noqonuniy farmoyishlariga qarshi chiqib, ularning bekor qilinishiga erishadi: oddiy fuqaro nazdida nafaqat o’z kasbini e’zozlovchi shaxs, balki haqiqiy huquq posboni, adolatli tuzum timsoli tarzida gavdalanadi. U umrini millat, Vatan va inson manfaatiga bag`ishlagan yuksak axloq egasi: u o’zi yashayotgan jamiyat uchun namuna bo’lib, o’sha jamiyatning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Agar mazkur prokuror, aksincha, qonun ximoyachisi bo’laturib, o’zi qonunni buzsa, shaxsiy manfaati yo’lida oqni qora, qorani oq deb tursa, u axloqsizlik qilgan bo’ladi. Oddiy fuqaro nazdida birgina kishi prokuror adolatsiz emas, balki butun jamiyat adolatsiz ekan, degan tasavvur uyg`onadi. Bu tasavvurning muntazam kuchayib borishi esa, oxir-oqibat o’sha jamiyat yoki tuzumni tanazzulga olib keladi.
Albatta, har uchala axloqiy hodisa va ularning ziddi nisbiylikka ega. Chunonchi, hozirgina misol keltirganimiz prokurorning axloqsizligi darajasi bilan o’z yakka hukmronligi yo’lida millionlab begunoh insonlarni o’limga mahkum etgan Lenin, Stalin, Gitler, Pol Pot singari shaxslar orasida farq bor: agar prokurorning axloqsizligi bir millat yoki mamlakat uchun zarar qilsa, totalitar tuzum hukmdorlari hatti-harakatlari umumbashariy miqyosdagi fojialarga olib keladi.
Shunday qilib, axloqshunoslik mazkur uch axloqiy hodisani bir-biri bilan uzviylikda va nisbiylikda o`rganadi. Ana shu uch axloqiy hodisaning umumlashmasini, ya`ni mazkur fanimizning predmeti bo`lgan umumiy tushuncha sifatidagi axloqni quyidagicha ta`riflash mumkin:
Axloq – barcha odamlar uchun birdek taalluqli hisoblangan, ijtimoiy talablar hamda ehtiyojlarning munosabatlar shaklidagi ko`rinishidan iborat bo`lgan, insonga berilgan ixtiyor erkinligining xatti-harakatlar jarayonida ichki iroda kuchi tomonidan oqilona cheklanishini taqozo etuvchi ma`naviy hodisa .
Axloq jamiyatda turli funksiyalarni bajaradi, ular orasida quyidagilar eng muhimi hisoblanadi.
- kishilar orasidagi turli munosabatlarni muvofiqlashtirish;
- kishilar faoliyatining insonparvar qadriyatlari va mo`ljallarini belgilab berish;
- shaxsni ijtimoiylashtirish.
Ushbu vazifalarni bajarar ekan, axloq zaruriylk, aqlga muvofiqlik va umuminsoniylik namunalarini namoyish etadi.
Bugungi kunda axloqshunoslik falsafiy fan sifatida uch yo`nalishda ish olib boradi, ya`ni u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o`rgatadi. Shunga ko`ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va mezoniy-me`yoriy tabiatga ega.
Axloqshunoslikning hozirgi kunda umumjahon global muammolarini hal qilishdek muhim vazifasi ham borki bu muammolardan biri “etosfera” – axloqiy muhit davrini yaratish bilan bog`liq. Inson o`zini va o`z sayyorasini muqarrar halokatdan qutqaraman desa etosfera davriga o`tishi kerak.
Axloqning paydo bo‘lishiga oid diniy, ilmiy qarashlar tasnifi.
Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlar bilan o’zaro aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning nafosatshunoslik (estetika) bilan aloqasi qadimiy va o’ziga xos. Avvalo, insonning har bir hatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo’ladi, ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go’zallik), ham nafosat (tashqi go’zallik) xususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ko’p hollarda axloqiylikni ichki go’zallik, nafosatni tashqi go’zallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, ma’lumki, san’at nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. Har bir san’at asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko’tariladi va san’atkor doimo o’zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy darajani badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Demak, nafosatshunoslik axloqshunoslik nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan bo’ladi.
Axloqshunoslikning dinshunoslik bilan aloqasi shundaki, Har ikkala fan ham bir xil muammo-axloqiy mezon muammosini hal etishga qaratilgan. Chunki umumjahoniy dinlar vujudga kelguniga qadar mavjud bo’lgan ma’lum urf-odatlar va qadriyatlar muayyan diniy qonun-qoidalarga, muqaddas diniy kitoblarga katta ta’sir ko’rsatgan. Ayni paytda, dinlar ham axloqka ana shunday ta’sir o’tkazganlar. Chunonchi, islom dinini oladigan bo’lsak, Qur’oni Karim, Hadisi Sharif, Ijmo’ va muayyan fatvolardagi mezonlar hamda talablar musulmon Sharqi millatlari axloqiy darajasining shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy hisoblanadi. Farq shundaki, axloqshunoslik bu muammoga zamonaviy tarbiya nuqtai nazaridan yondashadi.
Axloqshunoslikning huquqshunoslik bilan aloqasi uzoq tarixga ega. Ma’lumki, juda ko’p hollarda axloq me’yorlari bilan huquq me’yorlari mohiyatan va mazmunan bir xil bo’ladi. Shunga ko’ra, axloqni jamoatchilik asosdagi huquq, huquqni esa qonunlashtirgan axloq deb atash mumkin. Zero, axloqshunoslik bilan huquqshunoslikning tadqiqot ob’ektlari ko’p jihatdan o’xshash, ular faqat yondashuv usuli nuqtai nazaridan farq qiladi. Huquq me’yorlarining bajarilishi odatda maxsus adliya idoralaridagi lavozimli kishilar orqali majburiy sankstiyalar asosida yo’lga qo’yiladi: axloq me’yorlari esa umumiy qabul qilingan milliy urf-odatlar, jamoatchilik fikri yordamida, alohida belgilangan kishilar yordamida emas, balki muayyan ijtimoiy guruh, jamiyat tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, huquqshunoslik kasbi uchun muhim bo’lgan amaliy axloq jihatlarini axloqshunoslikning huquqshunos odobi deb ataladigan maxsus sohasi tadqiq qiladi va tavsiya etadi.
Axloqshunoslik pedagogika bilan ham chambarchas bog`liq. Pedagogikadagi shaxsni shakllantirish, tarbiyalash, ta’lim berish jarayonlarini, pand-nasihatlarsiz, odobnoma darslarisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Shu bois axloqshunoslik o’zining nazariy ayniqsa, amaliy jihatlari bilan pedagogikaning asosi hisoblanadi. Zero, maorif tizimidagi ta’lim-tarbiya o’zini har bir kadamida axloqiy tarbiya sifatida namoyon qiladi.
Qadimdayoq axloqshunoslikning ruhshunoslik bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo’lgan. Zotan, bu ikkala fan kishilar hatti-harakati, fe’l-atvori va mayl-istaklarini o’rganadi. Lekin bu o’rganish ikki xil nuqtai nazardan olib boriladi: ruhshunoslik u yoki bu hatti-harakat, fe’l-atvor, sababiy asos (motiv)larning va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi. Axloqshunoslik ruhshunoslik tadqiq etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi. Axloqshunoslikning sostiologiya bilan aloqasi o’ziga xos. Bu ikkala fan inson faoliyatini boshqarishning ijtimoiy muruvvatlaridan bo’lmish axloqni o’rganadi. Lekin axloqshunoslikning miqiyosi bu borada keng. Ma’lumki, sostiologiya insonlarning ommaviy hatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. Axloqshunoslik esa, o’z mohiyatiga ko’ra, lozim bo’lganda, muayyan ijtimoiy tuzum davr doirasidan chiqib, inson axloqining yuksak yutug`i sifatida kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli hatti-harakatlarni hamda ularning sababiy asoslarini o’rganadi.
Axloqshunoslikning siyosatshunoslik bilan aloqasi, ayniqsa, o’ziga xos va murakkab. Chunki siyosiy kurash qarama-qarshi axloqiy qoidalar va talablar kurashini taqozo etadi. Shaxsiy intilishlar bilan davlat va jamiyat manfaatlarning mosligi, maqsadlar va vositalarning pok yoki nopokligi muammolari o’rtaga chiqadi. Lekin, aslida siyosat qay darajaga axloqiylik kasb etsa, shunchalik u oqilona bo’ladi. Bu hozirgi kunda axloqshunoslik ham, siyosatshunoslik ham jiddiy tadqiq etadigan eng muhim umumiy muammolardan biridir. Shuningdek, rahbarlik odobi, partiyaviy odob, etiket singari axloqshunoslikning muomala madaniyati doirasiga kiruvchi maxsus sohalari ham, siyosatshunoslik bilan chambarchas bog`liq.
Bundan tashqari, keyingi paytlarda axloqshunoslikning ekologiya bilan aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan axloqshunoslik ko’prok insonning o’zi, o’zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarni tahlil etish bilan shug`ullangan, uning tabiatiga bo’lgan munosabati diqqat markazidan chetga qolib ketgan. Lekin, keyingi davrlarda, ayniqsa, XX asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondashuvlar oqibatida paydo bo’lgan ekologik muammolar ko’proq bu manzarani o’zgartirdi. endilikda global ekologik muammolar ko’proq odamlarning ijtimoiy axloqiy nuqtai nazarlari bilan bog`liq ekani ma’lum bo’lib qoldi. Shunday qilib, hozirgi kundagi ekologik muammolarni hal etish axloqshunoslikka borib taqalmoqda. XX asrda ekologik axloqshunoslik degan maxsus soha ham yuzaga keldi. Lekin, bu - axloqshunoslik ekologiyani to’lik o’z ichiga oladi, degan so’z emas. Chunki bunda axloqiy baholash va boshqarish ob’ekti sifatida tabiatning o’zi emas, balki odamning tabiatga bo’lgan munosabati maydonga chiqadi.
Axloqning paydo bo`lishi haqidagi diniy, empirik va genetik konsepsiyalar
Qadimiy ona sayyoramizdagi hayot odatda uch olamdan iborat deb qabul qilingan. Bular — nabotot, hayvonot va bashariyat olami; ularning o'zaro munosabatlari zaminimizdagi hayotning asosiy omili hisoblanadi. Har uchalasiga ham paydo bo‘lish, rivojlanish, o‘zini muhofaza qilish, nasl qoldirishga intilish instinkti berilgan va hayotining bir kunmas-bir kun o‘lim bilan nihoya topish qismati belgilangan. Chunonchi, o'simlik urug‘dan paydo bo‘ladi, rivojlanadi, singan shoxlari o'rnini sirach chiqarib davolaydi — muhofaza qiladi, urug‘ini qoldirib, bir kun quriydi. Hayvon shu xususiyatlar bilan birgalikda sezish a’zolari va qobiliyatiga hamda muayyan darajada idrok etish xislatiga ega. Insonda esa bulardan tashqari mulohaza qilish, fikrlash qobiliyati va uyat hissi, bir so‘z bilan aytganda, aql bor. Uni Imom G‘azzoliy oltinchi sezgi yoki ikkinchi yurak, yurak ichidagi yurak deb ataydi. Ana shu aql ixtiyor erkinligini ixtiyor erkinligi esa axloqni taqozo etadi. Bu fikrni yoyibroq tushuntirish uchun insonning paydo bo‘lishi tarixiga nazar tashlamoq joiz.
Etikaning kategoriyalari, tamoyillari, me’yorlarining shaxs va jamiyat munosabatlarida namoyon bo‘lishi.