Geodeziya va topografiya fanlari, ularning vazifalari va qisqacha rivojlanish tarixi. Yerning shakli, o‘lchamlari, geoid, ellipsoid va referens ellipsoid haqida tushuncha. Geodeziya
Geodeziya va topografiya fanlari, ularning vazifalari va qisqacha rivojlanish tarixi. Yerning shakli, o‘lchamlari, geoid, ellipsoid va referens ellipsoid haqida tushuncha. Geodeziya – Yerning shakli va kattaligini o’rganishda, yer yuzidagi nuqtalarning bir-biriga nisbatan o’rnini aniqlashda, yer yuzining karta va planlarini tuzishda hamda injenerlik inshootlarini barpo etishda bajariladigan o’lchashlar nazariyasi va amaliyoti haqidagi fandir.
Geodeziya -grekcha so’z bo’lib, “geo” - yer, “deziya” – bo’lish, ya’ni “yer bo’lish” degan ma’noni bildiradi. Yer yuzasini bo’laklarga bo’lish uchun avval o’lchash ishlari bajariladi, so’ngra u kerakli bo’laklarga bo’linadi. Shunga ko’ra geodeziya fani amaliy geometriya (yer o’lchash) deb ham yuritiladi. Hozirgi kunda geodeziya xalq xo’jaligining turli sohalaridagi qurilishga doir muhim va murakkab masalalarni yechish bilan shug’ullanadi.
Hududning qog‘ozda kichraytirilgan tasviri topografik xaritalar asosida o‘rganiladi. Topografik xarita faqat yer yuzasini har tomonlama o‘rganishdagina emas, balki hududni xo‘jalik jihatdan o‘zlashtirish, tabiiy resurslarni hisobga olish va ulardan maqsadga muofiq foydalanish hamda turli xil inshootlar qurish kabi ilmiy va amaliy ishlarda ham keng qo‘llaniladi. Topografik xarita barcha geografik xaritalarni tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Hududning topografik xaritalarini tuzish qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vositalaridan biri hisoblanadi. Ma’lum bir hududning topografik xaritasini tuzish uchun mazkur hududni topografik jihatdan o‘rganib, uning plani olinadi.Yer yuzasini topografik jihatdan o‘rganish maqsadida uning planini olish nazariyasi va praktikasi bilan shug‘ullanadigan fan topografiya deyiladi.
Topografiya grekcha so‘z bo‘lib “joyni tasvirlash” degan ma’noni bildiradi. Geodeziya qadimiy fanlardan biridir. U kishilik jamiyatining hayotiy talablari asosida vujudga kelgan va ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiy etishi bilan rivojlana borgan. Geodeziya fani Arabiston, Xitoy, Hindiston va O`rta Osiyoda taraqqiy etgan. Masalan, IX asrning boshlarida arab xalifasi Ma`mun topshirig`i bilan Mesopotomiya tekisligida Yer sharining kattaligini aniqlash maqsadida gradus o`lchash ishlari olib borilgan. Olimlar Yer shari meridianining bir yoy uzunligini 111.8 km ekanligini aniqlaganlar. Buyuk olim, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy 1037 yilda yer sirtining 32 kengligida - Hindistonda ufq pasayishi burchagini o`lchash usulini qo`llab, Yer radiusini 6339.58 km ga, meridian uzunligini 39832.79 km ga va bir gradus meridian yoyi uzunligini 110.65 km ga tengligini hisoblab topgan. Bu hozirgi vaqtdagi zamonaviy o`lchamlardan ozgina farq qiladi.1680 yilda Angliyalik buyuk fizik I.Nyuton o`zining butun olam tortishish qonuniga asoslanib, yer-ellipsoid shaklida degan fikrni olg`a surgan. XIX asr boshlarida turli mamlakatlarda astronomiya, geodeziya sohasida olib borilgan ishlar yerning shakli ellipsoiddan bir oz farq qilishini ko`rsatdi. Masalan buyuk olim Laplas Fransiya va boshqa davlatlarda olib borilgan gradus o`lchashlar natijasini tahlil qilib, meridian 1 gradusining uzunligi ekvatordan qutblarga tomon bir xilda kamaymasligini aniqladi. Shunga asoslanib yer o`ziga xos noaniq shaklga ega ekan, degan xulosaga kelindi. 1873 yilda nemis fizigi I.V.Listing Yerning shaklini geoid deb atalishini taklif etdi.Yerning kattaligini aniqlashda Rossiyada bajarilgan gradus o`lchashning ahamiyati juda katta.Masalan, 1816 yildan boshlab geodezist K.I. Tenner rahbarligida Rossiyaning harbiy chegarasidagi guberniyalarda, astronom V.Ya.Struve rahbarligida Boltiq bo`yi guberniyalarida gradus o`lchash ishlari olib borilib, bu ishlar 1850 yigacha davom etgan va Dunay daryosining quyilish joyidan to Skandinaviya yarim orolining Shimoliy qirg`og`igacha bo`lgan 25º 20` meridian yoyining uzunligi hisoblab chiqarilgan.