G'oyaviy-badiiy barkamollik ifodasida tamsil san'ati



Yüklə 212,5 Kb.
səhifə3/8
tarix18.05.2022
ölçüsü212,5 Kb.
#115998
1   2   3   4   5   6   7   8
Azimjon bmi

Tadqiqot manbasi. Alisher Navoiy XX tomlik "Mukammal asarlar to'plami"ning 9-jildidan o'rin olgan “Layli va Majnun” dostoni (P.Shamsiyev ilmiy-tanqidiy matni asosida H.Sulaymon nashri, 1991) bitiruv malakaviy ishimizning asosiy manbasi sanaladi.
Tadqiqotning tuzilishi. Bitiruv malakaviy ishi kirish, ikki asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan, jami 57 sahifadan tarkib topgan.

I bob
MUQADDIMAVIY BOB VA YETAKCHI QAHRAMONLAR TA'RIF-TAVSIFIDA TAMSIL


1.1. Tun tasviri va ijodkor adabiy niyati talqinida tamsilning qo'llanilishi

Hazrat Alisher Navoiyning o'lmas me'rosini ba'zida tubsiz ummonga, ba'zida bahosini hech bir mezon bilan o'lchab bo'lmaydigan dur-u javohirlar xazinasiga qiyoslaymiz. Asrlar davomida jahonning ko'zga ko'ringan tilshunoslari-yu, adabiyotshunoslari uning bebaho ijodiyotining badiiyligi va til xususiyatlarini yoritib berishga harakat qilmoqdalar. Natijada, Alisher Navoiyninng yuksak ijodiy mahoratining yangi qirralarini ochishga muyassar bo'lmoqdalar. Bularning bari ulug' ijodkor tafakkuriy olami mahsulidan bir tomchi kabidir. Biz bitiruv malakaviy ishida Alisher Navoiy ijodining yorqin namunasi bo'lgan "Layli va Majnun" dostonidagi tamsil san'atiga murojat sabablari, bundan ko`zlagan shoirning adabiy niyati va uning san'atkorlik mahoratining ayni san'at bilan bog`liq bir qirrasii o`rganishga harakat qilmoqdamiz. Hazrat Alisher Navoiy asar g'oyalarini yanada ta'sirchanligini oshirish va undagi qo'llagan g'oyalarini o'quvchiga aniq ravshan yetkazish maqsadida tamsil san'atiga murojaat qilishiga guvoh bo'lamz. Bu misollar ijodkorning nihoyatda topqirligini namoyon etadi va shu orqali o'quvchini hayratga soladi.


Tamsil she'riy asarlarda ijodkor ilgari surgan fikr, g'oyani san'atkorona dalillash badiiy san'ati bo'lib, shoirning nihoyada topqirlik bilan bayon etgan hayotiy dalili o'quvchini hayratga soladi. Shu bois mumtoz shoirlarimiz ijodida bu san'atning o'ziga xos namunalari tez-tez ko'zga tashlanadi. Mumtoz poetika bilimdonlari shu bois bu badiiy san'atning mohiyatiga alohida e'tibor qaratadi. Jumladan, Atoulloh Husayniy tamsil xususida Shams Qays Roziy fikrlariga tayanib, tamsilni istioraga mansub san'at sifatida e'tirof etadi, uni istioraning misol keltirishga asoslangan turi ekanligini, bu san'at sof istioradan ancha xushroqligini ta'kidlab o'tadi [4.220].
Anvar Hojiahmedov tamsil xususida ma'lumot berganda , uning "misol keltirish" ma'nosini anglatishini , she'r baytining birinchi misrasida ifodalangan fikrga dalil sifatida ikkinchi misrad hayotiy bir hodisani misol qilib keltirishga asoslangan san'atligini e'tirof etadi. (17, 127-128) Olimnig keltirilgan bu ta'riflari ko`proq g`azallarlarda qo`llagan tamsillarga aloqadorligi sezilib turadi. Adabiyotshunos Y. Is'hoqovning bu badiiy san'at xususida keltirilgan birmuncha mufassal ma'lumotlari fikrimizni dalillaydi. Tadqiqotchi tamsilning dalillash san'ati ekanligini qayd etib: "Navoiy lirikasining o'zida ham mantiqiy poetik dalillashda janrlararo tabaqalanish mavjudligini sezish mumkin. Masalan, shaklan olganda, dalillash g'azalda, asosan, bir bayt doirasida ko'rinsa, qit'a va ruboiyda bir she'r doirasida, tarje'bandda esa har bir band doirasida namoyon bo'ladi, lekin takrorlanuvchi bayt tufayli bandlar bir-biri bilan bog'lanib keladi. Natijada mazkur baytdagi mazmunni dalillash musalsal-zanjirli (yoxud bosqichli) tusga ega bo'ladi" [19 , 74] Bundan ko'rinadiki, dostonlarda tamsilning qo'llanishida ham o'ziga xos xususiyatlar mavjud. Shu bois biz tamsil va uning ko'rinishlari haqidagi bu yetuk adabiyotshunosning boshqa mulohazalariga ham asoslaamiz.
Tamsilning fikr, xulosalarni hayotiy detallar asosida dalillashga asoslangan ko`rinishi "Layli va Majnun" dostoninig muqaddimaviy boblarida ham kuzatiladi. Dostonning dastlabki to'qqiz bobi an'anaviy muqadimaviy boblarni tashkil etib, ular hamd, munojot, Muhammad alayhis-salomga bag'ishlanga ikki nat', so'z vasfi, ustozlariga bag'ishlangan ikki bob, Sulton Husayn Boyqaro, Sulton Badiuzamon madhi va "Ul tun mabohati ta'rifida..." singari boblarni o'z ichiga oladi. Kuzatishimiz davomida shu aniqlandiki, muqadimaviy boblardan so'nggi dostonning asosiy voqealari bilan bog'lovchi "Ul tun mabohati ta'rifida..." bobida ulug' shoir tamsildan nihoyatda unumli foydalangan. Oldingi boblarda esa, Sulton Badiuzamon vasfidagina bir o'rida tamsil qo'llaadi xolos. Ayni o'rinda ushbu tamsilga e'tibor qaratamiz:

Olam eli ichra qahramon ul,


Ya'niki, Badiuz-zamon ul.
Gar oti o'lub zamon badii,
Zoti kelib ins-u jon badii.
Alloh Alloh ne ot erur bu
Ne poku-u xujasta zot erur bu. [32, 31]

Ulug' shoir shahzodaning nomidan kelib chiqib uni vasf etadi. Badiuz-zamon - zamon go'zali demakdir. Bunda, tabiiyki, Hazrat Navoiy shahzodadagi yuksak insoniy fazilatlarni nazarda tutadi. Bulardan biri jasurlik, qo'rqmaslikdir. Shu bois u zamon qahramoni deya ulug'lanadi. Uning nomi zamon go'zali bo'lishi bilan bir qatorda zoti ham inson-u ruhlar olamining eng latifi sanaladi. Bunday ta'riflardan o'zi ham hayratga tushgan shoir bu ismning qanday ism ekanligini bilib bilmaslikka olib so'raydi va uning pok-u xujasta - qutlug' zotiga nisbatan ham shunday hayratini ayni uslubda ifodalaydi. Ana shu bilib bilmaslikka olganini - tajohili orifni keyingi baytda go'zal tamsil bilan dalillaydi:


Andoqki malakvash o'ldi zoti,


Keldi malakiy bori sifoti.[32, 31]

Badiuzamonning nomi va zotiga shoirning hayrati shahzodaning zoti farishtamisol ekanligi-yu, barcha unga xos bo'lgan yuksak axloqiy sifatlar malakiy - osmondan farishtalar orqali unga yetkazilganidan dalolat beradi.


"Layli va Majnun" dostonining muqadimaviy boblarida Hazrat Alisher Navoiy tamsilga murojat qilish orqali yuksak san'atkorlik namunasini ko'rsatadi. Dostondagi tun tasviri bilan bog'liq o'rinlarda bu hodisaga guvoh bo'lishimiz mumkin. Alisher Navoiy buni asar boshida Ishq vodiysining dahshatlarini xayolan tasvirlash orqali ko'rsatadi: zimziyo tun qo'ynida shoir xayoli Arabiston yerlarini kezib chiqadi, yomg'ir, momaqaldiroq guldirab, chaqin chaqadi. Chaqin yorug'ida shoir saksovulday taxlanib yotgan inson suyaklari, vahshiy hayvonlarni ko'radi. Bulut ham balo o'qlarini yog'diradi. Bu tun hajr tuni , bu vodiy esa - ishq vodiysi, vaxshiy hayvonlar - oshiqqa hujum etgan balo - ofatlar, suyaklar ishq qurbonlaridan nishona. O'z asli, Ilohdan ajralgan musofir, g'arib ruh - Majnun shu vodiyda yakka o'zi boshini egib o'tiribdi. Tun tasviri berilgan bobda dostonning ruhiy holatlar tasviriga alohida e'tibor berilishi chaqin timsolining qo'llanilishidagi qatorlashib kelgan tamsillarda ham namoyon bo'ladi. Dostonda ijodkor tun tasvirini yoritar ekan, tunning qachalik dahshatli manzarasini ochib berishga harakat qiladi. Qorong'u kechada qora bulutlarning osmon yuzini qoplashi, shusiz ham zulmatli koinotni yanada dahshatga soladi. Bu qorong'u osmonda tinmay bulut ko'zyosh to'kishini ta'svirlanadi. Shundan so'ng har zamon- har zamonda chaqin chaqnashiga o'quvchi e'tibori jalb etiladi. Chaqin timsoli vositasida ishq vodiysidagi Hay qabilasiga o'quvchi e'tibori tortilishi nazarda tutiladi. Shoir atayin e'tiborni birdan tortmaydi. Dastlab chaqin Tur tog'i uzra, keyin Yasrib - Makka, Quds, Yaman, Izam va Najd tog'i hamda Shom uzra chaqnab, keyin Hay qabilasini yoritadi. Ulug' shoir Tur tog'i uzra chaqin chaqnashidan boshlab, har bir chaqin chaqnaganda, o'sha joyning yarqirab ketishini o'quvchi ko'z o'ngida namoyon qiluvchi tamsillari qatorlashtirib keltiradi:

Gah Tur uza lam'a ko'rguzub barq


Andoq yorubonki, mehrdin sharq.[32, 34]

Baytiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, unda Tur tog'iga chaqmoq chaqishi orqali yuzaga kelgan shula, quyosh tushishi orqali sharqning yorishishi kabi bo'lishi akslantiriladi. Bundan keyingi baytda esa, yorug'likning Tur tog'iga tushishi afsonaviy rivoyat asosida dalillanadi:


Yo Muso etib ayon tamanno,
Haq Tur uza aylabon tajallo.
Ul nav'ki Turu sohibi Tur
Bo'lg'on kibi g'arqi lujjai nur. [32, 34]

Baytda Musoga Olloh borligidan xabar berib, Tur tog'iga tushdi, Tur tog'ining sohibi bo'lgan nurga burkanganligi haqida so'z yuritiladi. Hazrat Alisher Navoiy tamsil san'atini hosil qilishda talmehdan ham foydalaganliklarini yuqoridagi bayt orqali kuzatishimiz mumkin. Yuqoridagi baytlarda Muso alayhisalomning Tur tog'ida Alloh bilan suhbat qurgan manzarasi o'z aksini topgan. Afsonalarda keltirilishicha Muso alayhissalom Parvardigorga jamolini ko'rsatishini munojot qilib so'ragan ekan. Olloh taolo bunga bandam toqat qila olmaydi deb bir uchqunni Tur tog'iga tashlagan ekan. Shunda Tur tog'i parchalanib ko'zdan g'oyib bo'lgan ekan. Shu orqali hazrat Alisher Navoiy buyuk mo'jizaga ham ishorat qilib ketadilar.


Andoqki rasuli Hoshimiykesh,
Hajr ichra chu bo'ldi vuslat andesh
Meroj tuniki avj tutti,
Yuz lam'asidin jahon yorutti.[32, 35]

Muhammad s.a.v ning meroj tunida yetti qavat osmonga kotarilib Olloh taolo bilan suhbatlariga ishora qilinadi. Meroj tunida payg'ambarimiz buruq otlarida samoga ko'tariladilar. Talmeh san'atini mohirona qo'llash orqali ijodkor fikrini dalillaydi va xuddi shu holat orqali ham biz tamsil san'atini qo'llanilishiga guvoh bo'lamiz.


Gah quds uza ul choqin sochib nur,
Tun mushkiga to'kar erdi kofur.
Andoqki Xalil o'tin zamona,
Chekturgay dud aro zabona. [32, 35]
Baytda keltirilishicha Qudsda chaqmoq chaqqanda qorong'u tun osmonining yorishishi kuzatiladi. Yaniki, Ibrohim alayhisalom olovda turib so'zlaganlari kabidir. Quyidagi baytni keltirish orqali ijodkor fikrini bo'lib o'tgan voqea orqali dalillaydi.
Yo o'tqa borurda barq kirdor,
Namrud yuziga solib anvor. [32, 35]
Hazrat Alisher Navoiy bayt orqali Namrud zamonida Ibrohim alayhisalomni yondirish uchun dunyodagi eng katta olov hosil qilinganiga ishora qiladi.
Har lahza ayon bo'lub Yamandin,
Tashlar edi otashin kamandin. [32, 35]

Bu shunday o't ediki, Yamandan uning shulasi ko'rinib turar edi, uning otashi ya'ni nuri har tarafni yoritar edi. Bayt orqali shoir Muhammad salolohi vasalamning tug'ilishlariga ham ishora qiladi. Ya'niki Yamanda payg'ambarimiz tug'ilishlari bilan olam nurga to'lgandek bo'ldi deya fikrlarini dalillaydilar.


Andoqki Suhayl bo'lsa toli'


Bo'lg'ay qara tun Yamang'a lomi'
Yo'q, yo'qki, Uvays ko'ngli tobi,
Qilg'ay qora tunni mohtobi. [32, 35]

Yuqoridagi baytda talmeh san'atidan foydalanish orqali ijodkor tamsil san'atini yorqin namunasini yarata olgan. Barchamizga ma'lumki talmeh san'atini to'g'ri qo'llash orqali ham tamsilni yuzaga chiqarish mumkin. Baytda, go'yoki Suhayl yulduzi osmon gumbazini egallaganda, qora tunning tasir Yamanga sezilmaydi. Chunki, u shunday yorug' yulduz ediki, osmon peshtoqida o'zgacha jilolanib qora tunni yorug' qilishi aks ettirilgan. Keyingi baytda esa, mashhur afsonaviy shaxs Uvays Qaroniy haqlarida so'z yuritilganligiga guvoh bo'lamiz. Uvays Qaroniy payg'ambarimiz Muhammad s.a.v. ni umrlarida biror marta ko'rmagan bo'lsalar ham u kishiga g'oyibdan oshiq bo'lgan kishi sifatida talqin etiladi. Baytda Uvaysning ko'ngli shunchalik pok ediki u qaro tunni yoritishi tasvirlanadi. Bunga sabab payg'ambarimizga bo'lgan ishqlari edi.


Hazrat Alisher Navoiy o'z fikrlarini dalillashda turli xil joy nomlarini bayon ham etadilar. Quyidagi baytlarda xuddi shu hol kuzatiladi.
Gah solib Abuqubays uza tob,
Andin bo'lubon haram safoyob.
Yo nur bo'lub haramg'a nozil,
Ul tog' uza ham yorub munozil. [32, 35]
Yuqoridagi baytda, Yaman vodiysidagi afsonaviy Abuqubays tog'i misol qilib ko'rsatiladi. Unda, Quyosh Abuqubays ustiga kelganda hamma joy yorug'likka burkanishi nazarda tutiladi. Keyingi baytda esa, ijodkor o'z fikriga qarshi chiqib, afsonaviy holatni nazarda tutadi. Ya'ni, insonlar ko'ngliga tushgan nurdan (Islom dini nuridan) tog' ham yorishdi deya e'tirof etadi.
Gohi Izam uzra lam'a afgan,
Shox uzra pechukki nori ayman.
Andoqki salam yog'ochlarin dur,
Ziynat bergay ayon etib nur. [32, 35]
Ayman anori o'z shoxini yoritganidek, goho Izam vodiysiga shula sochardi deyiladi yuqoridagi baytda. Ya'ni afsonaviy jannat bog'idagi daraxtga ishora qilinadi. Rivoyat qilishlaricha Ayman anori Muso alayhisalomga ko'ringan ekan. Bu daraxt shunday xususiyatga ega ekanki, uning barglari va mevasi quyosh kabi nur taratar ekan. daraxtning poyasi ham mevasi va tanasi kabi durdan tuzilgan ekan. "Nori ayman" tasviri aslida Qur'ondagi Muso payg'ambar hikoyasiga ishoradir. Ya'ni: Muso alayhissalom Parvardigorga yuzingi ko'rsat, deb munojot qilganlarida, Parvardigor: bunga bandam toqat qila olmaydi, deydi va bir uchqunni - chaqmoqni Tur tog'iga yo'llaydi. Tur tog'i larzaga tushib parchalanib ketadi. Ayman vodiysi esa yorishib ketib, undagi daraxtlar mash'aladay porlaydi. Xuddi shu kabi misolni quyidagi baytda ham kuzatish imkoniga egamiz.
Gah Najd uza o't choqib jahong'a,
Shu'la chekib ul o't osmong'a.
Hijron qora shomi zoru mahzun,
Chekkam kibi o'tluq oh majnun. [32, 35]
Baytda Najd tog'i uzra chaqin chaqishidan osmon gumbazida o't paydo bo'ladi, bu go'yo hijron tunida majnunning ohu nola chekishiga o'xshatiladi. Ijodkor majnunning hijron tunida qiynalishini, chaqinning Najd tog'iga yorug'lik tushishiga o'xshatib fikrini dalillaydi.
Gah Shom uza chatri bemadoro,
Subh aylabon anda oshkoro.
Andoqki qilib karashma mayli,
Zulf ichra jamolin ochsa Layli.[32, 35]
Layli yuzini ochishi go'yok Shomda chaqmoq chaqqanda hamma yoq yorug' bo'lishiga o'xshatilyapti. Hazrat Alisher Navoiy o'z fikrlarini ya'ni: Laylining jamolini ochishi orqali sodir bo'ladigan voqeani hayotiy misol orqali fikrini dalillaydi. Osmon gumbazida chaqmoq chaqqanda hamma hayratga qoladi. Xuddi shu kabi Layli ham yuzini ochganda shu holni ko'rish mumkin. Shu misol orqali ham ijodkor Laylining naqadar go'zallik sohibasi ekaniga ta'rif berib o'tadi.
"Ul tun mabohati ta'rifida..." bobida buyuk shoir o'zidan oldin shu mavzuda doston yozgan ulug' salaflari Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy va zamondosh do'stlari Shayxim Suhayli kabilarning o'z zamonida nazm durlarini sochishda yagona ekanliklariga nazar tashlanadi.
Afsonalari jahonda nomiy,
Nazm aylab Xusravu Nizomiy.
Kim, ishq so'zin rivoyat aylab,
Ham bu ikidin hikoyat aylab.[32, 39]
Xusrav Dehlaviy va Nizomiy Ganjaviyning afsonalari jahon ichra nomi ketgan, kimki ishq haqida rivoyat aytmoqchi bo'lsa, bu ikki ijodkor hikoyalariga murojaat qiladi. Quyidagi misralarda yuqoridagi fikr dalillanadi.
Andoqki bo'lub demakka mayli,
Nazm avjining axtari Suhayli[32, 39]
Nazm dunyosining Suhayl yulduzi, ishq haqida so'z yuritadi deya hazrat Alisher Navoiy zamondosh ijodkorlaridan biri bo'lgan, Shayxim Suhaylining nomini yuqoridagi fikriga dalil qilib ishlatadi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Alisher Navoiy zamonlarida ham "Layli va Majnun" dostoni aynan shu ijodkor tomonidan ham yozilgan ekan. Ijodkor yuqoridagi so'zlarni aytib keladi va ular yaratgan asarlarga yuqori baho berib o'tadi.
Ul yon gulu sunbul o'lsa mavjud,
Sen o't yoqqung ayon qilib dud.[9, 40]
Yuqoridagi baytda hazrat Navoiy ijod mahsullariga tegishli go'zal tamsilni ko'rishimiz mumkin. Baytda Xusrav Dehlaviy, Nizomiy Ganjaviy va Shayxim Suhayli qalamlari asosida bitilgan "Layli va Majnun" haqida fikr yuritilib, ular yozgan asar gul va sunbul kabi ajoyib ekanligi ta'kidlanib, o'z oldilariga o'zlariga tegishli bo'lgan dostonlari o't kabi bo'lsin deb maqsad qo'yishlariga guvoh bo'lamiz. Baytning ikkinchi misrasida o't yonganda tutun tarqalishi hayotiy misol tamsil darajasiga ko'tarilgan. Bu esa, ijodkorning fikr olamining qanchalik mukammal ekanligini ko'rsatib beradi.
Tun tasviriga bag'ishlangan ushbu bob dostonning muqadimaviy boblari bilan asosiy voqealar tasvirini san'atkorona bog'lashga xizmat qilgan. Unda ulug' shoir mahobatli tun tasvirini badiiy ifodalash bilan dostonda mahzunlik badiiy voqealariga urg'u berilganligiga ishora qiladi. Shuningdek, salaflar ijodiga alohida hurmat ehtirom ko'rsatib, o'zining adabiy niyatlarini ham badiiylashtiradi. Salohiyatli shoir bu mavzuni yoritishda tamsilning xilma - xil ko'rinishlariga murojaat etadi. Ularni qo'llanishiga va misollarning tanlanishiga ko'ra ikki xil tasnif qilish mumkin:
Tamsillarning qo'llanishiga ko'ra ikki xil bo'ladi:
1.Yakka holatda qo'llangan tamsillar. Ul yon gul-u sunbul o'lsa mavjud, Sen o't yoqqung ayon qilib dud.(9,40)
2.Qatorlashtirib qo'llanilgan tamsillar. Chaqmoq va tun tasviri uchun qo'llanilgan tamsillar.
Tamsillarning tanlanish asosiga ko'ra quyidagi ko'rinishlari kuzatiladi:
1.Tabiiy hodisalar bilan bog'liq tamsillar. Chaqmoq chaqishi tasviri uchun salam - anor durlari - mevalariga nurning ziynat berishi tamsilning qo'llanishi.
2. Samovot bilan bog'liq tamsillar: Andoqki bo'lub demakka mayli, Nazm avjining axtari Suhayli.
3. Inson va uning holati bilan bog'liq tamsillar:Shomda chaqinning chaqishi uchun keltirilgan " Andoqki qilib karashma mayli, Zulf ichra jamolin ochsa Layli".
4. Talmehli tamsillar: Tur tog'ida chaqinning chaqnashi tasviri uchun keltirilgan. "Yo Muso etib ayon tamanno, Haq Tur uza aylabon tajallo".
Doston muqaddimaviy boblarining sanoqli o'rinlaridagina tamsil san'atiga murojaat etilgan bo'lsa, mahobatli tun tasviri bilan bog'liq bob tamsil qo'llanishi jihatdan "Layli va Majnun"da alohida ahamyat kasb etadi. Ta'kidlash o'rinliki, ulug' shoir bu bobda boshqa boblarga nisbatan tamsilning yuqoridagi barcha ko'rinishlaridan eng salmoqli foydalangan. Unda tamsillarning qo'llanishiga ko'ra yakka va qatorlashtirilgan tamsillarning, shuningdek, ularning tanlanish asosiga ko'ra: tabiat, samovot, inson holati bilan bog'liq va talmehli tamsillardan mahorat bilan foydalanganligi kuzatiladi. Tamsillarni qatorlashtirib keltirish orqali ijodkor o'quvchini o'zgacha bir ehtirosga soladi. Talmehli tamsillar orqali esa ijodkor tomonidan badiiy ifodalangan to'g'ri fikrni yana bir bor dalillangani, unga Muso (a.s.), Ibrohim (a.s.) singari timsollar vositasida chaqin timsoliga tajalliy va o't bilan bog'liq ilohiylik baxsh etilgani kuzatiladi.

1.2.Layli va Majnun ta'rif-tavsiflarida tamsil san'ati


Layli va Majnun sevgisi Sharqning eng shuhratli afsonalaridan biridir. Qadimda ko'chmanchi arab qabilalari orasida paydo bo'lgan ushbu mahzun qissa asosida forsiy va turkiy tillarda o'nlab ajoyib dostonlar yaratildi. Jumladan, ulug' o'zbek shoiri Alisher Navoiy bezavol "Xamsa"sining uchinchi dostoni ham "Layli va Majnun" deb nomlanadi. Buyuk ijodkor Alisher Navoiy dostonni yozishda uning shuchaki ishqiy doston emas, balki buyuk bir muhabbatning ilohiyligini ko'rsatib bergan. Bir so'z bilan aytganda, ilohiy ishq g'oyasi o'z aksini topadi. Hazrat Alisher Navoiy "Layli va Majnun" dostonidagi ko'p o'rinlarda tamsil san'atidan foydalanganliklarini yuqoridagi bobda guvohi bo'ldik. Ijodkor dostondagi yetakchi qahramonlar: Layli va Majnun ta'rif-tavsiflarida ham tamsil san'atidan foydalangan o'rinlar ko`plab uchraydi. Oshiqona mavzuda bitilgan dostonlarda ta'rif-tavsiflarga keng o`rin berilishi g`oyatda tabiy holdir. Ayniqsa, hijron motivlariga alohida ahamiyat qaratilgan, mahzun mavzuda bitilgan "Layli va Majnun" dostoni ham xuddi shunday xarakterga ega. Ulug` shoir yetakchi qahramnlarning ta'rif-tavsifiga o`rin berarkan, ko`pincha tashbeh, ruju' sigari tasvriy vositalarga ko'p murojaat etadi. Shunday ta'rif-tavsiflarni o'quvchi ko'z o'ngida yaqqol gavdalantirish uchun tamsildan mahorat bilan foydalanadi:


Shame-yu ne sham, chashmayi nur,


Nureki yamon ko'z olidin dur.
Naxle-yu ne naxl, sarvi ozod,
Sarve-yu, ne sarv rashki shamshod.
Oye-yu ne oy, badri tole',
Badre-yu ne badr, mehri lome'.
Shahd ikki labi, vale ratabno'sh,
Badr ikki yuzi, vale qasabpo'sh.
Zulfi tunida uzori xurshed.
Xurshed uza zulfi shomi ummed.[32, 46]

Laylining qaddi sarv daraxti kabi tikligi tasvirlanib, uning ko'zlari durga o'xshatiladi, yuzlari esa go'yo oyning to'lgani kabi deyiladi misrada, uning lablari jon baxsh etuvchi kabidiri, Laylining chakkasiga tushgan zulfi qora tun quyoshni yashirgani kabi yuzini to'sib turishi ijodkor tomonidan mohirona aks ettiriladi. Shu misralardan so'ng hazrat Alisher Navoiy tamsil san'atidan foydalangan holda o'z fikrini yorqin misol orqali dalillaydi:


Yo'q ikki sochi tuniga g'oyat,


Ya'ni iki layli benihoyat.
Andin bo'lib oti jilva oroy,
Andoqki barotu qadr aro oy.[32, 48]

Uning ikki yonga tushgan sochlari tuganmas ikki kecha tamsili bilan o`quvchi hayrati oshiriladi. Ayni choqda shoir yetakchi qahramonnig ismini ham tamsil vositasida ilohiylashtiradi. Ulug` shoirnig qo`llagan tamsiliga ko`ra Laylining nomi musulmon olamidagi ikki qutlug` kecha bila bog`lanadi. Unda tasvirlanishicha, barot va qadr kechalarida porlagan oyga o`xshab, qizning nomi Layli bo`ldi. Bu tamsilda oldingi misol Laylining uzun sochlariga ham ishora bor. Layliig uzun qora sochlari o`rtasidagi porloq chehrasi ikki muqaddas tundagi oyni xotirga keltirmoqda. Barot, ya'ni hijriy yil hisobi bilan sakkizinchi oy bo'lgan sha'bonning o'rtasigi tunlarnig biri sanaladi. U bilan bog`liq e'tiqodiy qarashga ko`ra, Olloh quyosh botishi bilan dunyo osmoniga tushadi va: "Qani, istig'for aytuvchi bormi? Men unga rizq berurman. Qani, baloga uchragani bormi? Men unga ofiyat berurman. Falonchi qani, falonchi qani deya erta tong otguncha soraydi". Shu bois bu tun ibodat bilan o'tqaziladi. Qadr - ramazon oyining 26-dan 27-ga o'tar tuni "Laylat ul-qadr" kechasi sanaladi. Bu tunda Payg'ambarimizga Qur'oni Karim nozil qila boshlangani uchun qadrlidir. Layli sochlarining muqaddas ikki tunga yuzini esa, ulardagi to'lin oyga tashbeh qilishi bilan Laylini benazir qiyossiz go'zallik timsoli sifatida qo'llaydi.


Ijodkor Layli ta'rifini keltira turib, unga alohida boshqalardan ajralib turadigan ko'rinish baxsh etishga harakat qiladi. Bu shunday go'zallik ediki, ko'rgan kishi undan ko'z uza olmas edi. Shu o'rinda fikrlarini bayon etib, hazrat Alisher Navoiy yuqorida kuzatganimiz hayotiy misollar orqali fikrini yana bir bor isbotlaydi. Bu tamsillar orqali ijodkor shusiz ham benazir bo'lgan dostonning go'zalligini yanada oshirishga harakat qilgan va buning uddasidan albatta chiqqan. Layli ta'rifidagi boblarda Hazrat Alisher Navoiy tamsil san'atidan shunchaki foydalanib qolmay, tamsillarni qatorlashtirib keltirganiga ham guvoh bo'lishimiz mumkin.
Layli ta'rifini keltirayotib ijodkor tamsillarga ham murojaat qilganligini kuzatamiz. Shu o'rinda Alisher Navoiy Layli husniga alohida urg'u berib, uning tengi yo'q go'zallik sohibasi ekanligi yorqin misollar orqali aytib o'tadi. Bunday holatlar dostonning XI bobida qatorlashib keladi.
Laylining otasi bu go'zal va dono qizi uchun bir uyni yasatib, unga maktab qilib bergan, unga Arab diyorining eng donishmand ustozi ta'lim berar, go'yoki farishtadan hur ilm kasb etardi. Ushbu maktabda qabilaning ko'pgina bolalari ham ta'lim olishardi. Osmonni yulduzlar to'ldirganidek, maktab ham bolalar bilan to'la bo'lib, Layli shu yulduzlar orasidagi oyga o'xshardi.

Atfol tutub ul uy ichin jum,


Ko'k xirgahini nechukki anjum.[32, 48]

Laylining yuzi shu darajada yorug' ediki, u o'tirgan uyini sham misoli yoritib turardi. Uning bunday xususiyati qora tun osmoniga yorug'lik baxsh etib turuvchi yulduzga o'xshatilyapti. Laylining boshqalardan ajralib turgan go'zallik sohibasi ekaniga ishora qilinadi. Ijodkor shu so'zlarini ayta turib quyidagi misrada fikrini hayotiy misol orqali dalillaydi.


Ul xayl aro mohi majlis oroy,


Andoqki nujum arosida oy.[32, 48]

U dugonalari bilan o'rtasida o'ltirsa, uning oy yuzi hammadan ajralib turardi. Ijodkor yuqoridagi misrada fikrini dalillab bu xuddi, yulduzlar orasida oy chiqqani kabi deya hayotiy misol orqali fikrini dalillaydi.


Chun Qays so'zi deyilmish erdi


Kim, volidi fikr qilmish erdi.
Ustodg'a qilmoq oni taslim,
To qilg'ay anga ulum ta'lim.
Yo'q erdi qabilalarda maktab,
Bu maktabdin o'qurg'a ansab. [32, 49]

O'g'lini o'qitish orzusida bo'lgan Qaysning otasi ham o'z qabilasida maktab va ustod bo'lmagani uchun farzandini yuqorida aytganimiz Layli o'qiydigan ustozga topshiradi.


Andoqki bo'lur arabda ma'hud,


Aylab neki rasm bo'lsa mavjud.[32, 49]

Yuqoridagi misol orqali ijodkor fikrini isbotlashga urinadi. Baytda, Arabda shunday odat bo'lib, ya'ni bolalar ustoz tarbiyasiga berilib ilm olishga safarbar qilinishi haqida so'z yuritiladi.


Qays g'ayrat bilan ta'lim olishga kirishib ketdi. U muallimning barcha topshiriqlarini to'la-to'kis bajo etar, darslarni avvaldan o'rganib olib, do'stlarini hayratda qoldirardi. Ko'p kunlarda besh-o'n dars topshiriqlarini o'zlashtirib olardi. Shu zaylda g'ayrat bilan o'qib, barcha bilimlarda yagona bo'lib oldi. Bundan ko'rinadiki, Qays tug'ma ilohiy ishq sohibi bolishi bilan bir qatorda Olloh taolo unga g'ayri odatiy zehn va ilm ato qilganini kuzatishimiz mumkin. Qays maktabga qatnashni boshlagan paytda, Layli dardga chalinib, isitmadan azoblanib kasal yotgani uchun ta'lim olishga kelolmayotagan edi. Mijozi issiq bo'lgan Layli asal bilan xurmoni yaxshi ko'rardi. Buning ustiga sahroning issiq havosi ham qo'shilib, uning isitmalashiga sabab bo'lgandi. Qizni isitma chog'ida titrash ham qattiq bezovta qilardi.

Bemorg'a mushkil erdi parhez,


Andoqki ko'zi qilurda xunrez. [32, 50]

Bemorga parhez qilish qiyinchilik tug'dirardi. Bu ham yetmaganidek, ko'zi qonga to'lardi.


Bemor yotgan Layliga tabiblarning muolajalari foyda bermayotgandi. Ancha vaqt o'tgach, tabiatning o'zi madadkor bo'ldiyu, qizning jismidagi dard asta chekina boshladi. Tabiblarning dorilari oxiri foyda berib, yuzlari, lablariga qizil yugurdi, parhezlardan ham qutulib, quvvati o'ziga keldi. Tamomila sog'aygach, bir kuni dugonalarini ergashtirib, maktab tomon yo'l oldi.
Olam bezakchisi unga pardoz berib, jahon chiroyi bo'lgan bu husn zebiga yana zeb qo'shdi. Zulfi bilan yuzi "had" so'zini yozgandagi "dol" harfiga, "fam" so'zining nuqtasi esa, og'zi ustidagi xolga o'xshardi.

O'tdin gul ochib chu gulsitonga,


Ul gul bila o't solib jahong'a [32, 51]

O'tdan gulistonga gul ochib, u gul bilan jahonga o't solgan edi. Uning go'zalligidan jahon ahlining yuragiga ham alaqaday ishq o'ti tushgan edi. Farqi oldidagi zulfi anbarga o'xshagan qop-qora bo'lib, gulrang o'tiga anbar misol qora tun sochib turardi. Laylining yuzi ustidagi naqshli tillaqosh bu o't bilan tutunning uchqunlari bo'lib ko'rinardi. Peshonasi ham o't misoli bo'lib, olovrang labi bu o'tning cho'g'i edi.


Jodulig'i birla xoli hindu,


La'li o'tida niho qilib su.
Yo'qkim labi zindagoni,
Suv ichra o't aylabon nihoni. [32, 52]

Hazrat Alisher Navoiy Layli to'grisida shunday to'xtaladi, Uning hindularga o'xshash qop-qora xoli labining o'tiga suv yashirgan bo'lib bu hayot suvi edi. Bu suvdan ichgan kishi baqo va fano olamida Xizr kabi umr kechirardi. Bu lab o'tidan jahon kuygudek, yo'q-yo'qki jahongia emas jon kuygudek ko'rinardi.


O'tlug' iki ko'zi surmaolud,
Ul o't dag'i bu surmadin dud.
Bu o'tlar aroki orazi g'arq,
O'rtadagi jahonni hosilan barq.
Ne barqki barqi ofat ul yuz,
Yo boriqai latofat ul yuz. [32, 52]

O'tli ikki ko'zi surmalangan bo'lib, o'sha o'tlarga bu surmadan tutun taralib turar, bu o'tlar orasida yuzi g'arq bo'lib, jahonni o'rtaydigan chaqmoq misoli edi. Bu yuz oddiy chaqmoq emas, balki ofat chaqmog'i yoki latofat yashini kab edi.


Yuz girdida irqi gavhar andoq,


Kim, oy ila bo'lg'an axtar andoq.[32, 52]

Uning yuzi atrofida ikki gavhar bo'lib, u atrofga yorug'lik baxsh etardi. Bu go'yo oy va yulduzning ko'k peshtoqini yoritgani kabi edi. Ijodkor Laylining yuzi haqida so'z yurita turib uning yuzini ikki gavharga o'xshatadi, bu shunday gavhar ediki, o'zidan nur taratib atrofni yoritardi. Keyingi misrada ijodkor oy va yulduz timsollariga to'xtalib fikrini dalillaydi.


Keyingi baytlarda quyidagicha so'zlar bayon etiladi. Laylining sochi ustidagi ro'moli noyob iplardan to'qilgan bo'lib, xuddi visol shomidagi oyning o'zi edi. Husnda boshdan oyog'igacha tengsiz go'zal bo'lib, boshdan oyog'igacha suyukli mahbub edi. Shunday jamoli bilan jahonga, sakkiz osmonga g'avg'o solib, bir nechta teng qomatli, gul yuzli, arg'uvon yanoqli kanizaklari oldiga tushib maktabga yetib keladi.

Kim, sayr ila ko'ngli xurram o'lg'ay,


Hamdarslarig'a hamdam o'lg'ay.
Xurram ko'rub oni farrux ustod,
Qilg'on bori sarvlarni ozod.
Qizlar bila azmi gulshan etgay,
Gulshanni jamoli ravshan etgay. [32, 53]

Hamdarslarini ko'rib ko'nglini shodlantirish, qizlar bilan sayr qilish niyatida bo'lgan Laylini ko'rib ustozi ham barcha o'quvchilarni uning bahonasida darsdan ozod qiladi. Qizlar bilan gulzorga kirgan Layli o'z jamoli orqali bog' ichini yoritardi.


Maktabni yorutgach ul pari chehr,


Andoqki sipehr gunbadin mehr. [32, 53]

Laylining o'z jamoli orqali maktabni yoritishi, go'yo osmon peshtoqini quyosh yoritganiga qiyos qilish orqali yuqoridagi baytda tamsil san'atidan foydalanilyapti. U pari chehraning go'zalligidan maktab yorishgani kabi, quyosh shu'lasidan osmon gumbazi ham yorishardi.


Borcha qilib ehtiromi oning,


Yuqori yasab maqomin oning.
Shod o'ldi jamolidin dabiston
Andoqki bahordin guliston. [32, 53]

Maktabga kirib kelgan go'zal parichehra Laylini barcha hurmat ehtiromini qilib, joyini barchadan yuqori qilishdi. Uning jamolidan hamma o'quvchilar xursand bo'lishdi, bu go'yo bahor kelganda gulzor-u bog'larning yashnab ketishi kabi edi. Hazrat Alisher Navoiy oxirgi misra orqali yuqoridagi misralariga hayotiy misol orqali dalil keltirganliklariga guvoh bo'lamiz.


Bu bobning so'nggi qismigacha ya'ni Layli ta'rif tavsifi qilingan o'rilarda Hazrat Alisher Navoiy tamsil sa'natiga murojaat qilmaydilar.
Lekin bu hayotbaxsh bahor bir niholni xazon qiladi. Yo'q, yo'q, u niholga boshdan oyoq o't tushdi-yu, u o'tga, alangaga aylanib ketdi. Ya'ni Laylining husni jamolini ko'rgan Qaysning chehrasi qahrabodek sarg'ayib jismi zaiflashdi-yu, hushidan ketish yiqilish darajasiga yetdi. U yerga qulab tushmaslik uchun o'zini zo'rg'a tutib turardi. Sohibjamol go'zal qiz ham bu manzarani ko'rib, bu mahzun yigitni ko'rgach, uning kim ekanligini fahmladi-yu, joniga ishq o'ti tushib qoladi. Nima qilishini bilmay qoladi, so'ng o'zini qo'lga oldi-da, ikkovlarining sirlari oshkor bo'lmasligi uchun: "Yuringlar, bog'ga boramiz" deb tez tez yurib ketadi. Bolalar uning bu so'zlaridan xursand bo'lib, unga ergashadilar.

Taklif etti buti shakarlab


Kim, har kishi bo'lsa ahli maktab:
"Bir kungina tarki dasht qilsun,
Gullar bila bog' gasht qilsun.
Chun kirdi arog'a bo'yla surat,
Azm ayladi Qays ham zarurat.[32, 54]

Layli "Kim maktab ahli bo'lsa, bir kungina dashtni tark aylab, bog'ga gullar bilan gasht qilsin", - deb tasklif qiladi, bu taklif maktabdoshlarining quvonchiga quvonch qo'shadi. Bo'lgan voqealarni ko'rib turgan Qays ham ularga sheriklik qilishni lozim ko'rib, bog' tomon yo'l oladi.


Hazrat Alisher Navoiy Majnun ta'rif tavsifiga alohida e'tibor bilan qaraganligini guvohi bo'lishimiz mumkin. Najmiddin Komilovning "Tasavvuf" nomli kitobida Majnun obraziga quyidagicha ta'rif keltiriladi.
Mazkur doston bir qancha davrlardan beri tadqiq etib kelinmoqda. Ammo, afsuski, inqilobdan keyin davom etgan noto'g'ri siyosat, dinu e'tiqod, tasavvuf ta'limoti va umuman, tarixga, o'tmish madaniyatiga salbiy munosabat hamda g'arazli qarashlar ilmda yuzakichilikni, bir yoqlama , xato usul va yo'nalishlarini vujudga keltirib, Navoiy ijodining tub mohiyati va ulug'vor salohiyatini ochib berishga to'siq bo'ldi.
"Layli va Majnun" tahliliga bag'ishlagan tadqiqotlarda ham asarni "kerakli" va "keraksiz" qismlarga ajratib, dalil isbotsiz o'tmishni yoppasiga qoralash, ulug' mutafakkir g'oyalarini zamonaga moslab "tarashlash", bu ham yetmagandek, Navoiydek buyuk zotni adashish va yanglishlarda ayblab, tanqid qilish davom etgan.
Alisher Navoiy Majnun obrazi orqali chinakam insoniylikni aynan ilohiylkda, ilohiy fayzdan bahramandlikda ko'radi. Axir Qur'oni karimda bir necha joyda inson Xudoning yerdagi xalifasi, u eng mukarram zot, mahluqotning gultoji deya ta'kidlanadi. Ijodkor insonning ana shu sharafga munosib bo'lishini istaydi, nafsi shayton yo'liga kirgan riyokor shayxlar, shariatu tariqatni soxtalashtiruvchi kishilarni nafratli satrlarda mazammat etadi. Shoirning ishq tushunchasi ana shu e'tiqodga asoslanadi, ya'ni pok muhabbat pokiza insonlar qalbidan joy olishi mumkin. Majnun ishqi bu borada namuna, chunki u butun vujudi, jonu dili ila Ollohni sevadi, ayni vaqtda esa shafqat muruvati, beqiyos axloqiy ism tedodi bilan ham u barchadan ajralib turadi.
Hazrat Alisher Navoiy "Layli va Majnun" dostoni orqali majoziy ishqning taraqqiy etib haqiqiy ishqqa aylanishini ko'rsatib beradi. Bunda Majnun Haq jazbasi tekkan, Haq jamolini kuchli shavq bilan sog'ingan solik timsoli bo'lsa, Layli ilohiy tajalliyot nuri porlagan mazhar kabidir.
"Layli va Majnun" dostonining X bobi Qaysning ta'rif- tavsifiga bag'ishlangan bo`lib, unda hazrat Alisher Navoiy Layli ta'rif-tavsifiga nisbatan tamsil san'atiga ancha kam murojaat qilganligi kuzatiladi. Ayni holat dastlab Qaysning beshikka belanishi voqeasida kuzatiladi.
Itgach shajari baland poya,
Solg'an boshig'a bu naxl soya.
Ya'ni duri bo'lsa gum sadafdin
Xayli yorug'ay duri xalafdin.[32. 41]

Keltirilgan iqtibosda, Majnunning otasi ko'p yillar davomida farzandsizlikdan qiynalib Ollohdan farzand tilab kelishi va Olloh taoloning unga rahmi kelib farzand ato qilgani haqida so'z yuritilyapti. Qaysning otasi yoshi o'tib qolgani sababli farzandi yo'qligidan qiynalishi aytib o'tilib, ulug' shoir sadafni ichidagi dur sadafni yoritib turishi misol qilib olinyapti.


Yo g'am tuni o'chsa shami anvar ,


Parvonadin o'lmas uy munavvar. [32. 42]

G'am tunida uyni yoritib turuvchi sham o'chsa, sham atrofida aylanib yurgan bo'lsada parvona uyni yorita olmasligi tamsil qilib keltirilyapti. Yuqoridagi iqtibosda Qaysning otasi holati bayon qilinyapti. Har bir kishi o'zidan keyin farzandi ishini davomchisi bo'lishini orzu qiladi. Baytda ham shu g'oya tasvirlanyapti.


Hifz ayladi oni necha doya,


Har nav' ishidin toparg'a voya.
Chirmab yana kish-u os birla,
G'uncha kibi yuz libos birla.
Yotquzdilar oni mahd ichinda,
Gul yofrog'i tushti shahd ichinda. [32. 43]

Yuqorida keltirilgan iqtibosda Qaysning doyalari tomonidan beshikka solinish holati tasvirlanyapti. Ulug' shoir bunga tamsil sfatida g'unchaning barglari uni o'rab turishini keltirib o'tyapti. Qaysni beshikka soldilar gul yaprog'i ham g'unchani o'rab turuvchi kosachasi ichiga tushdi deyilyapti.


Doston uchun yetakchi qahramonlardan biri Laylining ta'rif - tavsifi muhim ahamyat kasb etadi, chunki ulug' shoir bu mubolag'aviy ta'rif -tavsiflar zamirida Laylini ilohiy jamolini o'zida mujassamlashtirgan mazhar sifatida o'quvchi ko'z oldida namoyo qilishni adabiy maqsad sifatida belgilaydi. Shu bois bu qahramonni qiyossiz go'zallik sohibasi sifatida tasvirlashda ko'proq tashbeh, ruju', sifatlash, tashxis singari badiiy - tasviriy vositalarga murojaat qiladi. Bular orasida tamsilning qo'llanishi ham muayyan bir poetik vazifani bajarishga xizmat qildiriladi. Yuqoridagi badiiy san'atlar Laylining muayyan bir uzvlarini o'quvchiga yuksak pardalarda ifodalash imkonini hosil qilsa, ulardan keyin keltirilgan tamsil ayni holatni avj nuqtaga ko'tarib, o'quvchi tuyg'ulariga hissiy ta'sir etadi. Buning uchun ulug' shoir tamsilning qo'llanishiga ko'ra yakka holda qo'llangan tamsillardan san'atkorona foydalanadi. Jumladan, Laylining uzun sochlari va yuzining Barot va Qadr singari muqaddas kechalaridagi oy misolida muqaddaslashtirilishi, maktabdoshlari bilan o'tirgan holati yulduzlar o'rtasidagi oy, ko'zining qonxo'rligi bemorga parhezning mushkul bo'lib qolishi, go'zal yuziga mutanosib o'rnashgan ko'zlari tasviri oy atrofidagi yulduzlar, gulshandagi qizlar bilan sayr holati jahonni yoritgan quyosh, Laylining jamolidan maktabning shod bo'lishi bahordan gulistonning yashnashi singari tamsillar bilan ifodalanishi ana shunday mohiyat kasb etadi.
Majnun ta'rif - tavsifida tamsil san'ati kam qo'llanilgan bo'lsa-da, ular ham mohiyatan Layli tasvirida qo'llangan tamsillar singari poetik vazifani bajaradi. ....
Ta'rif - tavsiflarda qo'llangan tamsillar tabiat tasviri, samoviy timsollar bilan bog'liqlari ko'pchilikni tashkil etsa, talmehli tamsillar ( Qadr va Barot kechasi), inson holati bilan bog'liq (bemor) tamsillar bittadan qo'llanilganligi kuzatiladi. Bular orasida talmehli tamsil Layli obraziga muqaddaslik kasb etishi bilan alohida e'tiborga molik.



Yüklə 212,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin