Ta’limning nazorat va o‘z-o‘zini nazorat turlari farqlanadi.
Ta’limning og‘zaki metodlari yordamida o‘quvchilar ifodali nutqqa, ma’noli va mazmunli gapirishga, suhbatdoshini tinglashga o‘rganadilar. O‘quvchi suhbatning aniq maqsadini belgilaydi, rejasini tuzib chiqadi. Suhbat jarayonida o‘quvchilarga beriladigan savollar tuziladi. Suhbat jarayonida o‘qituvchi vaziyatga qarab dars mazmuniga o‘zgartirishlar kiritadi. Rejalashtirilgan savollarni olib tashlaydi yoki yangi savollar kiritadi. Savollar o‘quvchilar uchun og‘ir yoki yengil bo‘lmasligi kerak. Og‘zaki metodning boshqa metodlardan afzallik tomoni shundaki, o‘qituvchining hissiy nutqi o‘quvchilarning diqqatini o‘ziga jalb etadi. O‘qituvchi darslik matnidagi bilimlarga qiziqarli ma’lumotlarni qo‘shishi mumkin.
Darslikda berilgan ma’lumotlarni o‘zi xohlaganicha (albatta, dasturda mo‘ljallangan bilimlar va malakalar doirasida chiqmagan holda) talqin qilishi, ularga izoh berishi mumkin.
Ta’limning ko‘rgazmali metodlari keyingi yillarda dars jarayonida asosiy o‘rinni egallay boshladi. Yangi texnika va kompyuterlarning maktablarda paydo bo‘lishi va undan darsda foydalanish dars samaradorligini keskin oshiradi. Ayniqsa, EHMda har xil tabiiy va sun’iy obyektlarning modelini yasash, zarur jadval va loyihalarni tuzish va boshqa qo‘lda chizish uzoq vaqt va ko‘p mehnat talab etadigan ko‘rgazmali vositalarni tez va oson bajarish mumkin. Audiovizual vositalar ham darsning qiziqarliligini oshiradi.
O‘rta va oliy maktablarda dars berishning noan’anaviy metodlariga quyidagilar kiradi: dars – ma’ruza, dars – seminar, dars – munozara, dars – konferensiya, dars – ekskursiya, dars – musobaqa (konkurs darslari) mustaqil ishlar darslari va boshqalar mavjud. Shularning har biri haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.