Xususan, devondagi munojotlarda shoir o‘zining behad gunohkorligini, ojizligini, Alloh taoloning rahmati va mag‘rifatiga muhtoj ekanligini, Haqning lutfidan hech qachon umid uzmasligini samimiy, chinakam so‘zlar bilan bayon qiladi.
Yaratg‘an bori qilg‘ali jahonni yo‘qdin paydo,
Jamoli-u husnina barchani qildi oshiq-u shaydo.
deya devonni Ollohga hamd-u sanolar bilan boshlaydi. Bu shuni bildiradiki, Hofiz Xorazmiy yuksak e’tiqodli inson bo‘lib tarbiya topgan, hech qachon Allohning zikrini unutmagan, Haqni sevgan musulmon o‘z Robbisiga qanday iltijo bilan o‘tinsa, xuddi shunday maqomda o‘z Parvadigoriga tobelik va qullik izhor etgan. Islom aqidasiga ko‘ra banda o‘zining chinakam holatini anglagan sayin Allohning ulug‘ligini, marhamati va rahmati cheksizligini his qiladi hamda o‘zining g‘arib, gunohkorligini chin dildan e’tirof qilib, tavba yo‘lida bardavom bo‘ladi. Biz Hofiz Xorazmiy g‘azallarini xuddi shunday tushunishimiz kerak.