To’qimalarning shikastlanishi harakteri va chuqurligiga ko’ra 4 darajaga bo’linadi: Kuyishning 1-darajasi: Terining picha qizarishi va shishishi bilan ifodalanadi. Kuyishning bu darajasida teri kapilyarlari kengayadi va ularning o’tkazuvchanligi oshishi hisobiga qonning suyuq qismi atrofidagi to’qimalarga chiqadi. Bu 2-3 kun davom etadi, keyin epidermis ko’chib tushadi. Kuyishning 2-darajasi – pufaklar paydo bo’lishi bilan harakterlanadi. Pufaklar kuyishdan bir necha minut o’tkach paydo bo’lishi mumkin, terining yuza qatlami qavati jonsizlanadi, pufak yorilganda terining tiniq-qizil so’rgichsimon qavati ko’rinadi. Kuyish asoratsiz o’tganda 4-6 kunga kelib pufakdagi suyuqlik surilib ketadi. Kuyishning 3 darajasi - terining barcha ichki qavatlarining jonsizlanishi bilan harakterlanadi. Kuygan yuzada to’q rangli po’stloq paydo bo’ladi. Po’stloq oqsillar koagulyatsiyasi (ivishi) va aylanishini tuxtashi hisobiga vujudga keladi. Kuyishning bu darajasida po’stloq ko’chgandan keyin u yer ikkilamchi chandiqli bo’lib bitadi. Kuyishning 4-darajasi - teridan tashqari birmuncha ichkarida joylashgan to’qimalar (teri osti to’qimasi, mushaklar, suyaklar)ning jonsizlanishi kuzatiladi. Bu juda sekinlik bilan bitib, katta chandiqlar xosil bo’ladi. To’qimalarning ayrim joylari ko’chib, hatto oyoq- qo’llar o’z-o’zidan uzilib tushishi mumkin. Kuyishning klinikasi kuygan yuzaning darajasi va maydoniga bog’liq. Gavdaning 30% va undan ko’prog’i kuysa, kuyish kasalligi kelib chiqadi va bunda bemor o’lishi ham mumkin. Kuyishda birinchi yordam ko’rsatish: Yordamning asosiy maqsadi termik omil ta’sirini yo’qotishdir, kuyishda aseptik bog’lam qo’yiladi, og’riqsizlantiruvchi dori yoki narktiklar yuboriladi, gavdaning shikastlangan qismi immobilizatsiya qilinadi va shok profilaktikasi o’tkaziladi. Agar havo sovuq bo’lsa bemor issiq qilib o’rab qo’yiladi va davolash muassasasiga olib boriladi.