Jinoyat qonuniga muvofiq sodir etgan qilmishida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lgan, shuningdek,, jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxs ham jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish instituti sodir etilgan qilmish Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilangan jinoyatni sodir etishdan ixtiyoriy qaytish (26-modda), muayyan jinoyat tarkibi mavjud bo‘lgan, ammo kam ahamiyatli qilmish (36-modda), zaruriy mudofaa (37-modda), oxirgi zarurat (38-modda), ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar yetkazish (39-modda), buyruq yoki vazifani ijro etish, kasb yoki xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilik kabi jinoyat huquqiy munosabatlarda qilmishning jinoiyligini istisno etuvchi holatlar tushunchasi bilan ifodalanuvchi holatlardan farq qiladi. Chunki jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi nomalar sodir etgan qilmishi jinoyat bo‘lmagan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Boshqacha qilib aytganda bunday qilmishlar aybsizlik mezoni bilan baholanadi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish shaxsni oqlashdan ham farq qiladi. Shaxsni oqlash, oqlovchi hukm chiqarishga asos bo‘lgan jinoyat tarkibining mavjud emasligi yoki sodir etilgan jinoyatga shaxsning aloqador emasligida ifodalanadi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish uchun ikkita belgi mavjud bo‘lishi lozim:
a) shaxsning jinoiyat tarkibi mavjud bo‘lgan qilmishni sodir etishi, shuningdek, uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun barcha asoslarning mavjud bo‘lishi
b) mazkur shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish uchun barcha qonuniy asos va shart-sharoitlarning mavjud bo‘lishi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish o‘z mazmuniga ko‘ra shaxsni sodir etilgan qilmishning huquqiy oqibatlaridan ozod qilishdan iboratdir. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan har qanday asoslarga ko‘ra ozod qilish qilmishning huquqiy tabiatini o‘zgartirmaydi. Chunki sodir etilgan qilmish doimo jinoyat bo‘lib qolaveradi va o‘z mohiyatini o‘zgartirmaydi.
Demak, jinoiy javobgarlidan ozod qilish-vakolatli davlat organining sudlov yoki ayblovni bekor qilish, shuningdek, jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan davlat majburlov chorasini qo‘llashni bekor qilish haqidagi akti.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilish ikkiga bo‘linadi:
birinchisi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddatning o‘tganligi yoki amnistiya akti asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilish. Qonunda ko‘rsatilagan asoslar mavjud bo‘lgan hollarda jinoyat ishini ko‘rayotgan surishtiruv, tergov organlari va sud shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishi va jinoyat ishini yuritishni tugatishi lozim.
Bu Jinoyat kodeksining 64-moddasida belgilangan jinoiy javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi yoki amnistiya aktining qo‘llanishi to‘g‘risidagi qoidalardan kelib chiqadi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning ikkinchi turiga,javobgarlikdan ozod qilishning qolgan barcha turlari kiradi: qilmish yoki shaxsni ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan; aybdorning o‘z qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan; yarashganlik munosabati bilan; kasalligi tufayli javobgarlikdan ozod qilish (65-67-moddalar) va voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov chorasini qo‘llagan holatda javobgarlikdan ozod qilish (88-modda) kiradi. Bu moddalarda ko‘rsatilgan holatlar surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud uchun majburiyat keltirib chiqarmaydi, balki, bu ularning huquqlari bo‘lib hisoblanadi. Bu Jinoyat kodeksining jinoiy javobgarlikdan ozod qilish haqidagi moddalarida belgilangan: “Jinoyat sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin” degan qonuniy asosga ko‘ra belgilanadi.
Jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning umumiy sharti shaxsning ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |