Ismi sharifi: Mamatqulova Zulayho Ismoilovna Lavozimi: O`qituvchi Manzili: Farg`ona viloyati Toshloq tumani 15-umumiy o`rta ta’lim maktabi Fan nomi: Adabiyot Sinfi: 6-sinf Mavzu: “Tog`ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi tahlili” O`quvchi soni: 38 nafar
Mavzu: Tog`ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi tahlil Xalq nimasi bilan xalq? O`zining urf-odatlari bilan xalq! (Bo`ri polvon so`zidan) Maqsad: a) ilmiy maqsad: “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi matni tahlili asosida badiiy asarni tahlil qila olishga o`rganish;
b) tarbiyaviy maqsad: o`quvchilarni milliy qadriyatlarga hurmat, o`zlikni anglash ruhida tarbiyalash;
d) rivojlantiruvchi maqsad: mustaqil, ijodiy fikrlay olish, timsollarni tahlil qila olish va fikrni ravon ifodalay olish.
Dars turi: umumlashtiruvchi.
Dars uslubi: aqliy hujum, rolli mashq, ”Imkoniyat test” , “Venn diagrammasi” metodi
Dars jihozi: darslik, qo`shimcha adabiyot, Tog`ay Murod hayoti va ijodiga oid slayd, A-3 qog`oz, flechat qog`oz.
Darsning borishi:
I. Taskiliy qism Salomlashish:
Qay tilda bo`lsa ham, u shirin kalom,
Shu so`z-la boshlanar o`zbek degan nom.
Ilm deb bosgan har qadamga hasanot,
Xush ko`rdik, azizlar, salom, assalom.
O`quvchilar:
Hurmatimiz cheksiz, aziz ustozim,
Assalomu alaykum!
O`qituvchi: Marhamat, joylashib olamiz. Bugungi darsda navbatchi o`quvchilar uchun alohida joy tayyorlaganman. Ular menga o`quvchilar va guruh ishlarini baholab borishga yordam beradilar. Har bir guruhga A-3 qog`oz, hovli uyning qismlari berilgan. Uy qismlarini o`quvchilar javob berganlaridan so`ng faqat bir marta yopishtirishlari mumkin. Dars yakunida esa kimning uyi to`liq bitar ekan, ya’ni qaysi guruh o`quvchilari darsda to`liq qatnashar ekan? Darsni boshlashdan avval sizga bir hikoyani aytib bermoqchiman:
“1-sinfni tamomlash arafasidagi bola maktabga ketayotib yomg`irdan keyingi osmonga osmondan-da beg`ubor nigohini tikib, otasining e’tiborini ko`kda parvoz qilayotgan qushlarga tortdi:” Dadajon, menga ham qanot olib bering!”
Ertasiga ota usti o`raglan sovg`a olib keldi: “O`g`lim, senga qanot olib keldim”. Siz bolaning o`rnida bo`lsangiz, qanday sovg`a kutgan bo`lardingiz? (O`quvchilar fikri tinglangach, ular xulosalanadi). Albatta, bu sovg`a kitob edi. U bolaning keyingi hayotdagi parvozlari uchun qanot bo`ladi.Abdulla Oripov ta’biri bilan aytganda esa “Kitob o`qiydigan odamning yuzida farishtasi bo`ladi”. Yuzimizni hech qachon farishta tark etmasin deya darsimizni boshlaymiz.
Aziz o`quvchilar, sizlar bilan o`tgan darsimiz yakunida bugungi darsimizni yana-da mazmunli o`tishi uchun guruhlarga bo`lingan edik va guruhlarimizga mos nom topishni eslatgan edim. Keling, guruhlar bilan tanishib olsak.
1-guruh: Bizning guruhimizning umumlashtirib turuvchi jihati shuki, biz ko`p kitob o`qiymiz,shuning uchun guruhimiz nomini “Kitobxonlar” deb nomladik.
2-guruh:Bizning guruhdagi o`quvchilar she’riyatga qiziqadilar va o`zlari ham she’r mashq qilib turishadi. Shu sababli guruhimizni “Ijodkorlar” deb nomladik.
3-guruh:Bizning guruhdagi o`quvchilar turli fanlardan bilimlar bellashuvida qatnashib, maktabimiz sha’nini himoya qilishgan, shuning uchun guruhimizni “Bilimdonlar” deb nomladik.