www.ziyouz.com kutubxonasi
133
— Bu qaysidir ma’noda to‘g‘ri ham.
— Har bir odamga mening unga nisbatan munosabatim mutlaqo ayonligini ma’lum qilmagunimcha
oyoq-qo‘lim bog‘liqday sezaveraman.
— Har bir odamga?
— Mening uchun ahamiyatga molik bo‘lgan har bir odamga.
Palmer bosh irg‘ab qo‘ydi-da, viskidan og‘zini to‘ldirib ho‘pladi. Bir soniyadan so‘ng juvonning
so‘zlarida paydo bo‘lgan g‘alati bosh aylanishini yo‘qotishga muvaffaq bo‘ldi. Pirovardida, dedi u
o‘zicha, ko‘plar uning uchun ahamiyatga molik. Men, masalan, uning boshlig‘iman. Bunda hech
qanday aytarli gap yo‘q.
U yana bir qultum yutdi, qadahni qo‘ydi va balkonga ochiluvchi eshik tomon yaqinlashdi. Balkon
shu binodagi barcha balkonlar singari binoga qiyalatib qurilgan edi, ularning har biridan daryo
manzarasi ko‘rinib turishi uchun shunday qilingandi. Palmer bu oqshom tez qorayib ketayotgan suvga
qaradi, unda Kuinsboro ko‘prigining chiroqlari bamisoli abadiyat qa’riga kirib ketayotgandek jimir-jimir
aks etib turardi. Orqadan muz parchasining shishaga urilgan ovozi chalindi. Bir soniya o‘tib, Palmer
juvonning qadahni qo‘yganini eshitdi. Mana, juvon deraza oldida u bilan yonma-yon.
— Bu manzarani yanada go‘zalroq qilsa bo‘ladi, — dedi Virjiniya.
— Qanday qilib?
— Hozir ko‘rsataman.
Juvon nari ketdi va bir lahzadan so‘ng xona chirog‘i o‘chdi, juvon esa deraza yonida u bilan yonma-
yon turardi.
— Chiroq yorug‘i xalaqit bermaganda ko‘ring, — dedi juvon, — hamma narsa yorqinroq bo‘ldi. Bir
pasdan keyin so‘nggi quyosh nuri ham so‘nadi va osmonda faqat kechki shafaq qoladi. Agar
omadimiz chopsa, daryoda kemani ham ko‘ramiz. Haqiqiy kemani, yukchi yoki shatakchi kemani
emas. Agar havo sal iliq bo‘lganida biz ularni balkonning o‘zidan tomosha qilgan bo‘lardik.
O’zining azaliy kunjkovlik odati bo‘yicha (darvoqe uning yaxshi bankir bo‘lib yetishuviga shu
yordam bergan edi) Palmer shunday fikrga keldi: Mak Berns derazasidan ko‘rinuvchi bu manzarani u
qayoqdan bu qadar yaxshi biladi? O’zi ham kutmagan holda quyidagi savolni berganini eshitdi:
— Bu yerda oldin ko‘p bo‘lganmisiz?
— Ko‘p emas. Bir gal bo‘lgan edim.
— YuBTKga ishga kirishingizga qadar Bernsni shaxsan bilarsiz deb xayolimga keltirmagandim.
— Bilardim. Ko‘plab gazetchilar biladi uni.
— Ishonsam bo‘ladi.
— U bu yerda Vik Kalxeyn uchun shaxsiy yo‘riqlari yig‘inlarini o‘tkazadi. Bu an’anaga aylanib
qolgan. Barcha yig‘ilishlar norasmiy bo‘lib, hech qaerda e’lon qilinmaydi.
— Tushunaman.
Palmerga qarab olish uchun juvon unga tomon o‘girildi.
— Tushunasiz?
— Albatta.
— O’z-o‘zidan ma’lum, — davom etdi juvon Palmerning oxirigacha aytilmagan savoliga javob
qaytararkan, — bunday hollarda men daryodan uzoq zavq ololmas edim. Lekin mening uch-to‘rt
do‘stlarim uylarining derazalari daryoga qaragan. Buning ustiga men o‘zim ham atigi bir mahalla
narida turaman. Kechqurunlari bu yerda aylanish yoqimli. Bu manzaradan men yil bo‘yi zavq olaman.
— Bu... ha-ha... yaxshi.
— Qiziq, — birdan dedi juvon, — men ko‘pincha tushunmayman — siz mening javobimdan
qoniqasizmi yoki o‘lguday zerikarlimi sizga. Bu qanaqa chehra!
— Sokin va toshday.
— Bankirga... yoki o‘yinchiga xos oliy darajadagi chehra.
Palmer bosh irg‘adi. So‘ng so‘radi:
— E xudoyim, Berns qaerda o‘zi?