www.ziyouz.com kutubxonasi
132
qaytarsang bo‘lgandi, o‘sha zahoti tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganini bilasan-qo‘yasan. Masalan,
timsolning sadoqati haqida savol berish unga shunchalik zarur kelganmidi?
— Bu sadoqatli timsol, — nihoyat Virjiniya shunchalik jiddiy ohangda javob berdiki, Palmer unga
qarashga majbur bo‘ldi. Juvon xiyol o‘zini orqaga tashlab o‘tirar, ko‘zlari chuqur g‘orlar ichidan uni
ortiq kuzatmas edi. Shiftdan tushayotgan nur uning bo‘rtiq yonoqlarini tekislaganday edi.
— Bu sadoqatli timsol, — takrorladi juvon, — Vudi-Palmer-kichik ismli men ko‘rgan odam timsoli.
— Mister Palmer telbalik timsolimi?
Juvon bosh chayqadi:
— Murakkab mister Palmerning timsoli. — Virjiniya xo‘rsinib qo‘ydi va o‘z qadahidan ozgina ichdi.
— Juda achchiq ekan, — dedi u. Keyin yana ichdi. — Juda yaxshi viski ekan.
— Bo‘lmasa-chi!
— Biz Makka to‘laydigan pullarni nazarda tutganda, — dedi juvon, — u o‘ziga eng yaxshisini sotib
olishdan qaytmaydi.
Palmer o‘rnidan turdi.
— U beshu o‘ttizda kelishi kerak edi. — Telefon qidirib, Palmer atrofga alangladi, uni topdi-da,
raqam terdi.
— Aytmoqchi, — dedi Virjiniya, — nazarimda, Mak shu markaning importchisi bo‘ladi va hoynahoy,
viskini bepul oladi.
Palmerning qulog‘iga telefonchi qizning ovozi chalindi:
— Mister Berns o‘zidami? — so‘radi Palmer. — Bu mister Palmer. — U tinglab turdi, tashakkur
bildirdi va go‘shakni qo‘ydi. — Kommutatordagi qizlar aldashni do‘ndirishadi deb o‘ylagandim.
— U muhim majlisga ketgan ekanmi? — taxmin qildi Virjiniya.
— Qo‘ng‘iroq qilganda telefonchi qiz unga mening telefonogrammamni uzatadi, — gapini tugatdi
Palmer, — qiz tushmagar qaysi telefonogramma ekanini bilmaydi-ku.
— Juda ham uzoq gapmidi?
— Bir necha harf, xolos.
Juvon miyig‘ida kulib qo‘ydi-da, ozgina viski ho‘pladi.
— O’ylashimcha, siz u bilan juda apoq-chapoqsiz. Siz bilan uning fe’lini e’tiborga olinadigan bo‘lsa,
bu g‘oyat noyob hodisa.
— Bizning hamma ishimiz joyida.
— Shunaqa deng? Hammasi joyidami?
— Bundan ortiq qanaqasi kerak?
U qo‘lini cho‘zib qadahni ko‘tardi va aftidan, qadahga jilmayib qo‘ydi. Missisipidan sharqqa tomon
barcha shakarguftorlar ichidan eng ayyori sifatida bironta mukofotga arziysiz. Siz haqingizda
o‘ylaganimni eshitmasligingiz uchun birpasning o‘zida ikki marta suvdan quruq chiqdingiz-a.
— Tinglashim kerakmidi?
— Nega endi “yo‘q” ekan?
— Nega endi “ha”?
— Birinchi bo‘lib men so‘radim. — Juvon yana viskidan ho‘pladi. — Gap shundaki, men tabiatan
bitta aytganida turib oladiganlardanman. Agar e’tiborimni tortgan narsa baholarimga qiziqish
bildirmasa, bu menga xuddi benzinga yoqilgan gugurtday ta’sir qiladi. Men o‘z fikrlarimni bayon etish
istagida yonaman. Chidab turolmayman.
Palmer o‘z o‘rindig‘ida xijolatomuz qimirlab qo‘ydi.
— Nima bo‘lganida ham men jentlmenman, sizga jabr qilishim haqida o‘ylashga ham toqatim yo‘q.
Baribir bir narsani bilmoqchiman, bu sizga nima uchun shunchalik zarur?
— Mening nazarimda, — dedi juvon go‘yo ovoz chiqarib o‘ylayotganday, — fikrlaringizni bayon
etishni yoqtirmasligingiz sababiga o‘xshagan sabab tufayli.
— Nima, men rad etyapmanmi?
— Siz tutqich bermayapsiz.