To‘rtinchi bob
Palmer yo‘lak bo‘ylab qariya orqasidan yurib, kotibalar yonidan o‘tib borardi. U hayron bo‘lardi:
qiziq, bankning mas’ul xodimlaridan nega birortasi ham unga tanishtirilmadi. Albatta, u hali rasman
ishga tushgani yo‘q. U mehnat kunidan keyinroq ish boshlashi kerak edi. Biroq bu uning YuBTKka
birinchi tashrifi bo‘lib, odob yuzasidan qaysidir shart-sharoitlarga rioya qilish zarur edi.
Ular kotibalar yonidan o‘tishganda lift kutib turardi. Kotiba Berkxardtga portfelni tutqazdi-da,
telefonni oldiga tortdi. Liftga kirarkan, Palmer kotibaning Berkxardtga shahar mashinasini
chaqirayotganini eshitdi. Qiz bir zumda boshini ko‘tardi va ularning nigohlari uchrashdi, lekin shu
zahoti lift eshiklari yopildi.
— Yigitlarimizdan ayrimlari bilan tanishtirmaganim uchun uzr, — dedi Berkxardt lift pastga
tushayotganda.
— Bu omonat banklari masalasi, aftidan, juda shoshilinchga o‘xshaydi?
— Ahmoqona, o‘rinsiz narsa, jin ursin! — dedi qariya. — Sira tushunib bo‘lmaydigan mujmal
masala. Buni boobro‘ bankchidan kutish ham qiyin. Lekin baribir sen haqsan: bu ish juda shoshilinch.
— Men hali yetarli tanishganimcha yo‘q, — dedi Palmer pastki qavatda liftdan chiqar ekan.
Aslida esa, bu ishlardan u yaxshigina xabardor qilingandi. Garchi u Illinoysda omonat banklari bilan
to‘qnash kelmagan bo‘lsa-da, ular tijorat banklariga qanchalik talafot yetkazishi unga ma’lum edi.
Biroq, pul mablag‘larining asosiy qismi jamlangan Nyu-Yorkda bu nizo alohida keskin tus olardi.
— Bu borada senga nima ma’lum o‘zi? — so‘radi Berkxardt tilloyi marmar to‘shalgan dahlizdan
tashqariga chiqish eshigiga yo‘nalisharkan. Ularni sochlari oq qorovul kutardi. U eshik dastasini
ushlaganicha, har daqiqada uni aylantirishga shay turardi.
— Faqat ular, haligi...
— Bu haqda mashinada gaplashamiz, — uning so‘zini bo‘ldi Berkxardt va bank xizmatchilaridan
biriga bosh irg‘adi. U iliq tabassum bilan javob qaytardi. Aslida jahannamga emas, jannatga tushishini