www.ziyouz.com kutubxonasi
32
yashirishga qodir ekanligiga qaramay, Palmer rafiqasini yetarli darajada yaxshi bilardi, shuning uchun
ham Edis o‘zi va oilasi tevaragida vujudga keltirgan sun’iy dunyochada nimadir o‘zgarganini his qildi.
Go‘yo kimdir derazaga tosh otgan-u, singan shisha parchalari gilam uzra sochilib ketganday.
— Nima, rostmi, Edis? — so‘radi Palmer, uni bir oz qiynash imkoniyati nega quvontirayotganini o‘zi
ham tushunmay.
— Sening yangi ishing-da, nima bo‘lardi. Aytishlaricha... «Chikago tribyun» vakili mendan so‘radi,
Nyu-Yorkdagi «San-Tayms» byurosidan ham odamlar kelishdi, Vuds?
— Jerri senga aytmadimi?
— Jerri? — Edisning ovozi xafalik ohangini yo‘qotdi va o‘z tovushi bo‘lib eshitildi. Bolalar — endi
uning tashvishi. Gaplashganda bolalarni ham eslatib o‘tdi. — Bularning hammasiga Jerrining nima
aloqasi bor?
— Edis, bugun ertalab men qo‘ng‘iroq qildim, axir.
— Qo‘ng‘iroq qilding? Bu yoqqa, bizlargami?
— Ha-da. Sen yo‘q ekansan, Jerridan iltimos qildim...
— Bugun ertalab men yo‘qmidim? Qaysi payt edi? — so‘radi Edis.
— Ertalab sakkizda yoki bizning vaqt bilan sakkiz yarimda.
— Bo‘lmagan gap, — e’tiroz bildirdi Edis, yana o‘zini dadil tutib. — Soat o‘ngacha men uyda edim.
— Men Jerridan seni qidirib topishni so‘radim. U o‘z odati bo‘yicha qayoqqadir yo‘q bo‘lib ketdi-da,
keyin kelib seni topolmaganini aytdi.
— E, azizim, uning yoshidagi qizchadan buni kutsa bo‘ladi. — Edisning ovozida odatdagi ishonch
ohangi jarangladi.
— Hozir unda turli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu tabiiy.
— Xo‘p, mayli, — dedi Palmer. — Yaxshisi ayt, sizlarda ahvol qanaqa?
— Yaxshi, yashasa bo‘ladi.
Palmer xotini otdan tushsa ham, egardan tushgisi kelmayotganini tushundi.
— Matbuot vakillariga nima deb aytay, azizim?
— Ayt, Nyu-Yorkka telefon qilishsin. O’sha xabar mening roziligimsiz matbuotga vaqtidan ilgari
berib yuborilgan ekan. Bundan rosa jahlim chiqdi.
— Nima, bu noto‘g‘rimi?
— Yo‘q, umuman hammasi to‘g‘ri.
— Yaxshi, men... — Birdan uning ovozi o‘chdi, chunki yuzini telefondan burib, yonida turgan kimdir
bilan gaplashdi. — Mayli, azizim, omon bo‘l, — dedi u yana go‘shakka.
— Sen meni bu yerdan qanday topding?
— O, albatta, — dedi xonim kimgadir telefon simining u tomonida, — so‘zsiz... Azizim, Nyu-Yorkda
issiqmi?
— Edis, meni bu yerdan qanday qilib topding, deb so‘rayapman? — takrorladi Palmer jahli chiqib.
— Men «Yunion lig» klubiga sim qoqdim. U yerda menga bankning telefon raqamini berishdi.
Bankdagi qiz esa meni shu telefonga uladi. Bizda ancha sovuq tushib qoldi.
— Men esa bu yerda nafas ololmayapman, — dedi istehzo bilan Palmer. — Men senga kechqurun
yoki ertalab telefon qilaman. Yaxshi qol...
— ... taxminan yarim funt, missis Keyj... — so‘ng yana baland ovozda: — Nima deding, azizim?
— Yaxshi qol, dedim.
— Yaxshi qol, azizim.
Suhbat tugadi. Palmer go‘shakni qo‘ydi va qadahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Bernsga qaraganda
esa uning lablarida yengil ishshayishni fahmladi. Uning bu tabassumi juda sirli bo‘lib ko‘rindi.
— Xo‘sh, bu yog‘i nima? — g‘azab bilan so‘radi Palmer.
— Matbuot uchun xabarni oxirigacha o‘qing.
— Qo‘ying o‘sha xabarni.
Berns hech nima demadi. So‘ngra, tabassumsiz, o‘z qadahini ko‘tardi-da, Palmer bilan