www.ziyouz.com kutubxonasi
93
— ...So‘ngsiz karvon singari yo‘qlik qa’riga abadiy ketayotgan o‘tgan asrlarda bo‘lganidek, hozir
ham, — asl nyu-yorklikning xiyol ping‘i ovozida u guldirab gapirardi, — o‘zimiz haddan tashqari
minnatdor bo‘lganlar xotirasini yodga olamiz va bosh egamiz, — davom etdi Kalxeyn har bir jumlani
chertib-chertib, odatdagidek vazmin ohangda. — Biz kelajakka dadil boqayapmiz, uning ko‘lamlari
bizni cho‘chitolmaydi, biz jasorat bilan hujum qilamiz va bir qadam ham ortga chekinmaymiz. Biz
boshqalarni qoralamaymiz, zero o‘zimizni ham aybdor qilib qo‘ymaymiz, yosh avlodimizni yo‘ldan
urayotganlarning, milliy nomusimizni qoralayotganlarning va shon-shavkatimizni yo‘qqa
chiqarayotganlarning xatolarini ko‘rsatmoqchi emasmiz. Dunyoqarashi tor, yana vatanimizni
suvtekinga sotayotgan mayda, kaltabin, past odamlarni qoralashni tarixning o‘ziga qo‘yib beraylik.
Ammo tarix sahifalarida oramizda, bu yerda hozir bo‘lganlar orasida, ushbu tanobiyda men bilan birga
halol va sofdil odamlar borligi, buyuk vazifani mardonavor va qat’iyat bilan hal etadigan odamlar
borligi abadiy muhrlanib qolsin...
Palmer bildirmaygina qop-qorong‘i tanobiyga o‘tdi-da, nigohi bilan olti raqamli stolni qidira
boshladi. U yana hay’atga ko‘tarilib, o‘z joyini egallashga jur’at qilolmayotgandi.
— ... quyosh ostidan o‘rin olsin! — guldirab gapirardi Kalxeyn. — Har kimning erki o‘z qo‘lida...
Quyosh ostida men uchun ham joy topildi, deb o‘yladi Palmer nihoyat olti raqamli stolni qidirib
topgach. U stolga yoni bilan yurib bordi va Virjiniya Kleri yonidagi bo‘sh o‘ringa yengil nafas olib
cho‘kdi.
Juvon uning paydo bo‘lganini payqamadi. Uning ikki ko‘zi Kalxeynda edi. Palmer uni yon
tomonlamagina ko‘rib turardi. Shu paytgacha u hech qachon unga bu qadar bevosita yaqin
bo‘lmagandi — nari borsa yigirma-o‘ttiz santimetr kelardi oralari. Dumaloq yuzi va do‘rdoq lablari
yonoqlarining chiqiqligini sezdirmasdi. Juvonning ingichka va uchi to‘mtoqroq, cho‘zinchoq burnining
kataklari biroz kerilgan. Agar Virjiniyaga shunaqa yonlamasigina qaralsa, uning chindan ham go‘zal
ekanini Palmer endi angladi. Bordi-yu, juvon unga tomon yuzlanib qarasa, uni shunchaki ko‘hlikkina
ekan deb aytish mumkin bo‘lardi. Virjiniya qaddini tik tutib o‘tirardi. G’oyat kalta bog‘ichli, o‘mizi
chuqur oq ko‘ylagi uning bo‘rtiq siynasini xiyol yashirib turardi. Palmer o‘tirgan joyidan biroz orqaroq
va yuqoriroqdan juvonning naq o‘mizi uzra uchburchak soya tashlab turgan dum-dumaloq siynasini
aniq-taniq ko‘ra olar edi.
Palmer yuzlari lovillab yonganini his etdi va o‘zini o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi. U hay’at tomonga
qaradi. Bir lahza o‘rindiq chayqalib ketgandek tuyulib ketdi unga. U ko‘zlarini yumdi va tomog‘ida uni
bo‘g‘ib turgan narsaning yo‘qolishini kuta boshladi.
— ...bu xatti-harakatlar ularning qaysarligi, mag‘lubiyati va ochko‘zligi ruhidan kelib chiqadi! —
guldirashda davom etdi Kalxeyn. — Ammo sizlarni zeriktirib qo‘ymaslik uchun ularning barcha
xususiyatlarini bir-bir sanab o‘tirmayman. Faqat shuni aytmoqchimanki...
Ko‘zlarini ochgach, Palmer birdan o‘zining “Yunayted benk”dagi muovini Garri Elder nigohiga
to‘qnash keldi. Palmer ko‘zlarini qisib qaradi, Garri esa javoban im qoqib qo‘ydi, keyin nigohi bilan
oldida turgan bahaybat shotland viskisi shishasini ko‘rsatdi va savol nigohi bilan Palmerga boqdi.
Palmer xo‘p degandek bosh irg‘adi va keksa yoshdagi hamkasbi ichiga bir nechta muz bo‘lagi
tashlangan qadahni qanday qo‘lga olganini, uni deyarli limmo-lim to‘latganini va Palmerga ishora
qilib, uni qo‘shnisiga tutganini kuzatib turdi. “Tayms”danmi yo “Nyus”danmi bo‘lgan reportyor
qo‘shnisi o‘z navbatida indamay qadahni boshqa qo‘shniga uzatdi.
Ushbu marosim Virjiniyani butunlay o‘ziga mahliyo qilib qo‘ygandi. Juvon o‘girildi, Palmerni ko‘rdi
va lablariga xiyol tabassum yugurdi. U reportyordan qadahni olib, Palmerga uzatarkan, shivirlab dedi:
— Dushmanlarni yer yutsin. — So‘ng yana yuzini to‘g‘riga burib, notiqning gaplariga diqqat bilan
quloq sola boshladi. Ko‘ylagi o‘mizida siynasi avvalgidan ham yaqqolroq ko‘zga tashlandi.
Palmer viskidan ho‘plarkan, hisob bo‘yicha bu nechanchisi — uchinchisimi yo to‘rtinchisi ekanini
eslashga behuda urinardi, biroq oxiri viskini Garri Elder suzayotganida qancha ichilganini hisobga
olishning hojati qolmaydi degan qarorga keldi.