www.ziyouz.com kutubxonasi
92
partiya arbobi hisobdon do‘stlarimizdan birontasi uchun uyqusiz tun sababchisi bo‘lishiga ko‘zim
yetmaydi.
Bernsning ko‘zlari atrofga olazarak qarardi va Palmerning ko‘nglidan g‘alati fikr kechdi: u tashlagan
luqma Bernsga qattiq tegib, go‘yo yengil zarbalarni kutayotganday, endi tez-tez yon-veriga
alanglamoqda edi.
— Jonim, — dedi Berns, — respublikachilar partiyasi omonat banklar egalari uchun bir jon-bir tan
bo‘lib kurashayapti deb sizga kim va qaerda aytdi? Ehtimol, men uxlab qolgandirman, ehtimol Muso
tog‘dan tushib ketib, o‘n birinchi surani yozgandir? — U dimog‘idan qulqillashga o‘xshagan ovoz
chiqarib bosiq hingirlab qo‘ydi va Palmer uning g‘irt mast ekanligini angladi.
— Buni hamma biladi, — javob berdi Palmer. — Siz boshqacha fikrdamisiz?
Berns ma’nodor yelka uchirib qo‘ydi va shu asnoda Palmerning qo‘liga shap etib urdi.
— Mening aytarli fikrim yo‘q, — dedi u to‘satdan ovoziga o‘zgacha ma’noli tus berib. — Bordi-yu,
do‘stimga aytadigan gapim bo‘lganida, o‘ylab-netib o‘tirmay shartta aytardim-qo‘yardim.
— Unda ayting, — Bernsning nyu-yorkcha lahjasiga hamohang ravishda dedi Palmer, miyig‘ida
kulib.
— Bular bari Olbanidagi it axlati, — tushuntira boshladi Berns. — Partiyalar kurashiga qilcha
aloqasi yo‘q. Bu nimani anglatishini bilasanmi?
— Bu shuni anglatadiki, yuqoridan hali ko‘rsatmalar berishgani yo‘q.
— Qanday surbetlik, — dedi Berns lablarini burib. — Yo‘q, qarog‘im, yanglishasan. Bu nafsilambrini
aytganda shu narsani anglatadiki, bankirlar o‘zaro jiqqamusht bo‘lishda qonun chiqaruvchi hokimiyat
vakillari dimog‘iga pul hidi kelib uriladi.
— Gap nima haqida ketayotganini anglay boshlaganimdan qo‘rqib ketayapman, — dedi Palmer.
Berns to‘g‘ri deganday bosh irg‘adi.
— Buni u yoki bu partiya dasturining bir qismi deb qaramaslikka qaror qilib, Olbanidagi qonun
chiqaruvchi yig‘ilishning chaqqon yigitlari vaziyatdan so‘nggi tsentgacha sog‘ib olishni yaxshi bilishadi.
Ha, ular hamma narsani shunday tashkil etishganki, natijada cho‘ntaklarini qappaytirib ketishadi, axir
ular cho‘talxo‘rlikka mazaxo‘rak bo‘lib qolgan emasmi?
— Boshqacha aytganda, — dedi Palmer shunday taomlarga xos o‘xshatishni davom etdirish
kerakmasligini tushunib; ammo o‘zini tutib turolmadi, — ular besh panjani baravar og‘izlariga
tiqadilar.
Berns Palmerga jim tikilib qoldi, uning so‘zlaridagi kinoyani his qilgan bo‘lsa-da, biroq ma’nosini
tushunmadi.
— Menga qara, — dedi u ishonch bilan, so‘zlarini salmoqlab-salmoqlab, — mana bu mashmasha
tugagandan keyin, menikida ma’qul yigitlardan uch-to‘rttasi to‘planadi. Bir kirib o‘t. Ozgina tomiringga
qon quyib olsang, zarari yo‘q.
— Soat nechada?
— O’n birlarda, — dedi Berns. — Bu senga ertalik qilmaydimi?
— Erta? — qayta so‘radi Palmer. — O’n birgacha qanday yetib olishimni o‘ylab, boshim qotib
turibdi-ku.
Bernsning tillarang qoshlari bir yuqoriga ko‘tarildi-yu, biroq darhol yana tushdi. U tushundim
deganday ko‘z qisib qo‘ydi:
— Ha, endi soat o‘nlarda borsak ham bo‘laverar, a?
Tanobiyda gulduros qarsaklar yangradi.
O’n to‘qqizinchi bob
Bar peshtaxtasi oldida yarim soatcha ivirsib, Palmer katta Vik Kalxeyn o‘zining mufassal nutqini
tugatib turgan bir pallada tanobiyga qaytdi.