www.ziyouz.com kutubxonasi
89
muvaffaq bo‘ldi. Odamlar stollar oralig‘idagi tor yo‘llardan asta-asta u yoqdan-bu yoqqa yura
boshlashdi, qo‘l berib ko‘rishish va yelkadan qoqib qo‘yish uchun dam-badam egilar edilar, goho bir
necha lahzaga to‘xtab olardilar-da, shivirlab qandaydir luqmalar tashlab qo‘yardilar, so‘ng yangi
tanishlar bilan qo‘l berib ko‘rishish va shivirlab luqma tashlash uchun bamisoli qisqichbaqaday bir
yonlari bilan asta boshqa stol tomon sirpanar edilar.
Kimdir notiq minbari oldida turgan mikrofon chetiga chertib qo‘ydi va tanobiyning barcha
burchaklarida keskin temir ovozi bo‘g‘iq sado berdi. Mikrofon oldida turgan kishi yo‘talib oldi va
yozuvli qog‘ozlarning butun bir dastasini shatir-shutir qilib varaqlay boshladi.
— Xonimlar va... — Shu zahoti u tutilib qoldi va kerakli so‘zni qidirib topmoqchiday shoshib-pishib
varaqlarni titkilay boshladi. Nihoyat, o‘sha so‘zni topib, raislik qiluvchi Grork ismi-sharifli kaltabaqay,
to‘ladan kelgan bu odam yana tomoq qirdi.
— Xonimlar va jan... — Mikrofongacha yetib kelib, tanobiyda o‘rnatilgan kuchaytirgichlardan ikki
baravar kuch bilan yangragan uzluksiz qattiq kulgi ovozlari uning so‘zlarini bosib ketdi. Grork yana
qog‘ozlarni shaldiratdi va o‘ng tomonida o‘tirgan qo‘shnisiga oshkora jahl bilan qarab qo‘ydi. Bu Vik
Kalxeyn bo‘lib, o‘tirganiga qaramay, boshi yonginasida turgan Grorkning qariyb qoq miyasidan kelib
turardi.
— Do‘stlar! — yana tilga kirdi Grork. Bu so‘z bamisoli ulkan qog‘oz yumalog‘idek g‘ira-shira
tanobiydagi stollar oralig‘idan dumalab keldi. — Yetuk va faxrli mehmonlarimizdan ayrimlariga so‘z
berishimdan avval, aminmanki, barcha hozir bo‘lganlar ularning chiqishlarini intiqlik bilan
kutmoqdalar, — shu narsani aytmoqchimanki, sizlarga rabbi Ben Xeym Feylbaumni tanishtirishdek
sharafli vazifani bajarayotganimdan baxtiyorman, u sizlarga qisqacha kirish so‘zi bilan murojaat
etmoqchi.
Tanobiyda o‘tirganlar bu xabarni eshitib, guvillab qo‘ydi, stullar surilib, yo‘tal tovushlari quloqqa
chalindi. Stollar oralig‘ida suyanib tik turgan mehmonlar o‘z joylariga qaytishdi. Mas’uliyat hissini
saqlab qolganlar esa o‘zlarining anchayin sertashvish qo‘shnilarini jim bo‘lishga unday boshlashdi.
Ko‘zni oluvchi nur to‘satdan rabbi Feytlbaumning yuzini yoritdi, bir qarashda Palmer uni hali o‘n
sakkizdan oshmagan o‘smir deb taxmin qildi. O’z dini qonunlariga ko‘ra u soqolini olmagandi, biroq
yuzidan endigina sabza urgan mo‘ylari elas-elas ko‘zga chalinardi. Lekin uning och qirmizi tusli mayin
jingalak chakka soqoliga razm solib qararkan, Palmer darhol avvalgi tusmoliga yana yetti yosh
qo‘shdi.
— Mehribon do‘stlarim, — deb so‘zini boshladi Feytlbaum.
Palmer o‘z bahosiga zudlik bilan yana bitta tuzatish kiritdi, notiqning o‘ttizdan oshgan kishi ekaniga
shubhasi qolmadi. “Mehribonlar” so‘zini bunday maftunkor tavoze bilan irod etishi uchun ruhoniy
odam faqat mana shu yoshga kelibgina oilaviy nutqlarda yetarli tajriba to‘play oladi. Palmer
Chikagodagi avliyo Pavel cherkovining keksa ruhoniysini eslaydi, u “marhamat” so‘zini shunday
talaffuz etar ediki, bir unli o‘rniga halqumidan sal yuqoriroqda azbaroyi mayin qulqillab ovoz
berganidan Palmerga har doim nuroniy chol tomog‘ida xamir uzmasi tiqilib qolganday tuyulardi.
— Do‘stlarim, sizlar qaysi dinga sig‘inmang, — davom etdi Feytlbaum, — bugun bu yerga
parvardigorning ko‘zga ko‘rinmas nigohi ostida jonlarimiz, so‘zlarimiz va a’mollarimiz, ha, muhabbat
va ezgulikka to‘liq, abadiy qardoshlik tuyg‘usidan kelib chiqqan a’mollarimiz bir-biriga yo‘g‘rilib ketishi
uchun, ruhiy birdamligimizda, o‘zaro ixlosimizda va so‘ngsiz itoatkorligimizda barchamiz
qalblarimizning eng teran joyigacha sodiq bo‘lgan muqaddas ishni bayram qilish va sharaflash uchun
to‘plandik; bu ish tafakkurimizda hukmronlik qiladi va o‘lmas jonlarimizda shu qadar chuqur va
mustahkam o‘rin olgan, dunyoviy hayotimizning ayrilmas qismi bo‘lib qolgan, parvardigorning beadad
marhamati tufayli uning muborak va oliy maqsadlariga rioya qilgan holda shu hayotga sodiq bo‘lib
qolgaymiz.
Palmer kimdir oyoq uchida notiqning orqasidan yurib o‘tganini, Katta Vikning qulog‘iga egilganini
va o‘z fikrlarini ma’nodor qo‘l harakatlari bilan tasdiqlagancha u bilan uzoq shivirlashib gaplashganini
ko‘rdi. Palmer boshi uzra joylashgan projektor nuri yuzini yoritmaydigan darajada xiyol oldinga