www.ziyouz.com kutubxonasi
150
— Hozirgina Buenos-Ayresdan keldim.
— Qoyil — dedi Palmer. U o‘z boshlig‘iga qaradi. — Ko‘rinishingiz hayron qolarli darajada yaxshi.
Turnikda chaqqon harakatlar qilishingiz bilan yigitlarni dog‘da qoldirishingizni xotiningiz so‘zlab
bergandi.
— Yo‘q, bu ilgari shunday edi, — guldirab dedi Berkxardt. — Bir lahza u Palmerning qo‘lini
qattiqroq qisdi. — Endi oldingi valdirashlarim yo‘q, Vudi. O’lguday jonimga tekkan.
Palmer uning chap yonidan ko‘ksini ushlab qo‘ydi:
— Soatday haliyam bir tekis urib turibdimi, axir?
— Hah. Mana bu yog‘idan xavotir olmasam bo‘ladi. — Berkxardtning mitti oqish ko‘zlari suzildi.
Aftidan, u ko‘zlarini o‘tkir oftob nuridan qisgandi. U Palmerning qo‘lini qo‘yib yubordi, mushtumini
tugdi-da, uning ko‘kragi ustidan turtib qo‘ydi. Harakat qisqa bo‘ldi va aftidan, Berkxardt unga hech
qanday kuch sarflamagan edi. Shunday bo‘lsa ham yaxshigina og‘riq berdi.
— Sekinroq-da, — g‘udrandi Palmer. — O’rdamchilarga yomon muomala qilib bo‘lmaydi.
Berkxardt Palmerga yuzma-yuz tursa-da, ko‘zlarini Archerdan uzmasdi.
— Sezdingizmi, — so‘radi u, — ikki raqamli shaxs har doim sizning sog‘lig‘ingiz g‘amida yuradi?
— Men vaqtni isrof qilishning eng yaxshi usulini o‘ylab topishim mumkin, — dedi Palmer, — bu
sizning ajalni kutganingizdan ko‘ra durustroq.
— Bu qo‘lingizdan keladi, — ma’qulladi Berkxardt haddan tashqari lutf bilan; harholda Palmerga
shunday tuyuldi. — Buni qanday uddalashni ham bilasiz.
— Nechta vitse-prezidentni dafn etdingiz, Leyn?
— Shunga munosib bo‘lganlarnigina.
Palmer yumshoq kulib qo‘ydi.
— Touche1 . — U burchakdagi uchala erkak tomonga bosh irg‘ab qo‘ydi. — Borib bank ishlarimiz
haqida gaplashay.
Berkxardtning kuchli barmoqlari ayni boya musht tushgan joyda yana tugildi. Palmerning qo‘li
zirqiraganday bo‘ldi.
— Biz sen bilan qanaqa gaplashar edik, esingdami o‘zi? — so‘radi Berkxardt.
— Bir narsa esimda qolgan bo‘lsa o‘lay agar, — javob berdi Palmer, — sizni bankda juda kam
ko‘rganimdan siz bilan qanday gaplashish ham esimdan chiqib ketibdi.
— Mening sening ortingda turishim senga aslo kerak emas, Vudi. Tushunishimcha, sen o‘zing
qoyilmaqom qilib eplaysan.
— Kim aytdi buni sizga?
— Mening tonggi gazetalarim. Sen ularda har uch kunda bir, goho undan ko‘proq chiqib turasan.
— Agar siz har rasmiy ziyofatda prezidiumda pashsha qo‘rib o‘tirishlarim haqidagi xabarlarni
nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, unda siz haqsiz.
— Faqat shugina sening tez-tez chiqishingga sabab bo‘lmayotgandir?
— Sirakuzada kelasi haftada ma’ruzam bor. O’ylaymanki, prezidiumda pashsha qo‘rib o‘tirganimga
nisbatan bu olg‘a siljish bo‘ladi.
— Yana qaerda nutq so‘zlaysan?
Palmer peshonasini tirishtirdi:
— Bir haftadan keyin Buffaloda. Keyin o‘n kun davomida Bruklinda, Utikda va Rochesterda. —
Palmer boshliqning o‘z qo‘lini qo‘yib yuborishini kutardi.
— Jimmi, hech mening nutqlarimni eshitganmisan? — so‘radi u.
— Bu nima deganing, Vudi?
— Bank vakili sifatidagi nutqlarimni eshitganmisan?
— Aytolmayman.
— Bu kichikkina, g‘oyatda g‘alati tomosha, — tushuntirdi Palmer. — Debocha sifatida, haliginday,
olamning paydo bo‘lishidan boshlab banklar tarixining maroqli manzarasini qoralayapman. Bobil don
omborlari. Misr tijorat birlashmalari. Barcha asrlar osha. Bunga, hazil qilib aytganda, rosa besh daqiqa