www.ziyouz.com kutubxonasi
290
— Nima gap, og‘ayni? — so‘radi Xeygen. — Oshqozoning og‘riyaptimi?
— Diqqat bilan eshit, — dedi Palmer. — Ular sizlar bilan qo‘shilish haqida gaplashmoqchi.
— Men nima deyishim mumkin, jin urgur? — asabiylashdi Xeygen. — Men maslahatlashishim zarur
bo‘lgan jiddiy mahkama bor.
— Jet-Texga bu taklifni idorang bilan muhokama qilib ko‘rishingni aytsam bo‘ladimi?
— Jin ursin, aytsang aytaver. Biroq, Vudi.
— Ha?
— Armiyadosh eski qadrdonim, oxirgi xizmating tufayli ta’zirimni yedim. Bu gal ishonchli himoya
zarur.
— Qanaqa ximoya?
— Agar Jet-Tex bilan qo‘shilsak, ular YuBTKdagi zayomlarining taqdiri yaxshi munosabat
o‘rnatilishiga bog‘liqligini tushunishlari kerak.
— Voy xudoyim-ey! Eddi! Haddan oshib ketma...
— Rozimisan yo yo‘qmi? — takrorladi Xeygen.
— Albatta, ha deyman-da. Biroq mendan tashqari direktorlar kengashi ham bor.
— Yaxshi. Jet-Texga ayt, menga qo‘ng‘iroq qilishsin. Kim edi, Lumismi?
— Xuddi o‘zi.
— Bu uchrashuvga temir sovut kiyib kelishimni eslatib qo‘ygin. Ko‘rishguncha eski armiyadosh
do‘stim.
— Ko‘rishguncha, qari qurumsoq.
Palmer Broud-strit bo‘ylab xotirjam keta boshladi.
Havo toza ammo sovuq edi. Baland binolar orasidan osmon go‘yo bir bo‘lak muz parchasiga
o‘xshab ko‘rinardi. Palmer qandaydir ulkan qanotlarning pirillab aylanishidan chiqayotgan ovozni
tinglab burchakda biroz qarab turdi. Ko‘zlarini qisib, musaffo osmonga ko‘tarilib borayotgan
vertolyotni ko‘rdi. U aylanayotgan qanotlariga osilgan holda go‘yo o‘ljasini kuzatayotgan
qarchig‘aydek, havoda bir muddat charx urib to‘xtab turdi. Keyin bir silkinib olib, yuqoriga ko‘tarildi va
shu zahotiyoq ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bir lahza o‘tmay uning ovozi avtomobillarning shovqinida yo‘qolib
ketdi.
U YuBTKning bosh boshqarmasi tomon asta ketib borar ekan, begona bu muhitda o‘zi yoki boshqa
birorta sofdil odam yashay olarmikin, deya xayol sura boshladi. Kutilmaganda, qandaydir murakkab
tuyg‘ular bilan birga xayolida Virjiniyaning siymosi paydo bo‘ldi.
U telefon budkasiga kirib, idorasiga qo‘ng‘iroq qildi, biroq shu zahoti go‘shakni tutqichga qayta ilib
qo‘ydi. Yig‘ilishdan keyin, yo‘q, yaxshisi, bankdan qaytayotib, qo‘ng‘iroq qilaman-da, biror yerda
o‘tirishga taklif etaman, deb o‘yladi. U ikkalasi nimalar haqida gaplashishini aniq tasavvur qilolmasdi.
Hammasi tamom bo‘lganga o‘xshardi. Biroq uni biron joyga chorlab, gaplashib olsa, o‘ziga yaxshi
bo‘lishi aniq. Hatto rad etgan taqdirda ham, o‘zini qo‘lga olishi oson kechadi.
U bir soniyagina xona devoriga suyanib turdi. YuBTK eshigi yoniga yana bitta mashina kelib
to‘xtadi va undan uchta keksa direktor tushdi.
Qiziq, deb o‘yladi Palmer, bu keksa jentlmenlar bugungi yig‘ilishning asl sababini bilarmikin?
Keladiganlarning ayrimlaridan boshqa birortasi Palmer qilishga majbur bo‘lgan xiyonat, yolg‘on,
tovlamachilik, pora vositasida o‘ziga og‘dirish va taziyq o‘tkazish turlarini va taziyqqa qarshi
uyushtirilgan hiyla-nayranglar, ustamonliklar borasida shubha qilarmikan, bularni sezarmikan?
Ular o‘z vitse-prezidentlarining yosh muloyim chehrasida haddan tashqari aqlli, yetuk, ma’lumotli
oq tanli protestantni, manfaat unadigan ishda har qanday xizmatga shay insonni ko‘ra olganmikanlar?
Yo ularning tasavvurida fitnachi, yolg‘onchi va xoin siymosi gavdalandimikin? U majburan bajargan
boshqa rollarni ko‘rish uchun loaqal birontasi artistlarga xos sahna orqasidagi hayotga ko‘z qirini
tashlay oldimikin?
Palmer telefon xonasidan qarab turar ekan, ularning birortasi ham o‘ziga bog‘liq biron-bir jihatni
payqamaganligini sezdi. Hatto Berkxardt yoki Lumis ham mahorat bilan uyushtirilgan nayrangning