www.ziyouz.com kutubxonasi
105
Ko‘ngullari kirlanmasin, ayting. — Jahongir shu gaplardan so‘ng ko‘zlarini yumib oldi,
mijjalari har qancha jipslashmasin, tomchi yosh sizib chiqishga yo‘l topdi.
Tunda uxladimi, alahsiradimi bilmaydi. Ertalab hamshiralar kirishgach, sal hushini
yig‘ishtirdi. Ular chiqib ketib, eshik og‘zida oq xalatli odam ko‘ringanda dastlab uni
tanimadi. Tanigach, «Avval eski oshnamni topib ro‘para qildi, keyin o‘g‘limni... endi nima
hunar ko‘rsatarkin», degan xayolda qaddini biroz ko‘tardi.
Ramazonov so‘roq qilish hadisini olmagan edi. Ayniqsa, bemor odamni daf’atan
so‘roqqa tutishni o‘ziga ep ko‘rmay taraddudlandi. Agar u to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘roq
boshlaganida Jahongir ajablanmagan bo‘lardi. Tergovchining yog‘och kursiga noqulay
o‘tirishi, so‘roqni darrov boshlamayotgani aksincha uni taajjublantirdi.
Ramazonov cho‘ntagidan «Kazbek» chiqarib, bir dona papirosni labiga qistirdi, so‘ng
qutini Jahongirga uzatdi. «Chekmayman», dedi Jahongir.
— Yaxshi qilasiz, men ham chekmas edim, urushda o‘rgandim, — dedi Ramazonov,
keyin papirosni qayta qutiga soldi, — darvoqe, bu yerda chekish mumkinmasdir, a?.. Siz
partizanlar otryadida jang qilgan ekansiz, qaysi yerlarda bo‘lgansiz?
— Belorussiyada, Bryansk o‘rmonlarida.
— Men u tomonlardan o‘tmaganman. Stalingraddan Odergacha bordim. Ukrainada
partizanlar bilan ko‘rishdik. Yigitlar aytib berishgan, partizanlarga og‘ir bo‘lganini
bilaman. Biz-ku, ro‘paramizda frits borligini bilardik. Olg‘a, yanchib tashlansin, degan
buyruq olsak, bas. Partizanlarning esa chor atrofida frits.
— Bu gaplarni menga nima uchun aytyapsiz? Buni qotillikka daxli yo‘q.
So‘raydiganingizni so‘rang.
— Daydidaradagi ish bo‘yicha mayor so‘raydi. Meni sizning o‘tgan hayotingiz, do‘st-
birodarlaringiz qiziqtiradi.
— Mening do‘st-birodarlarim yo‘q.
— Unchalikmasdir. Masalan... Tolibjon To‘xtasinov kim edi? Yo uni tanimaysizmi?
Jahongir achchiq kulimsiradi.
— Tolibjondan gumon qilmay qo‘yavering... U bechoraning jasadi Almoniyada
qolgan...
Jahongir shunday deb ko‘zlarini yumdi. «Tolibjonni nimaga surishtiryapti? Yo
Turkosshtellening yuvindilarini suzib olmoqchimi? Tolibjonni Sotti otib tashlaganini qirq
to‘rtinchi yilda aytgan edim-ku? Bularning maqsadi nima o‘zi? Qotilni aniq bilsam edim,
endi aytardim, qutulib qo‘ya qolardim. Orqasidan ko‘rgan bo‘lsam, aniq o‘sha edimi yo
yo‘qmi — bilmasam, gumon bilan bir odamni abgor qilib gunohga botaymi? Gumonni
aytgan taqdirimda bular ishonadilarmi? O‘g‘limni ko‘rdim, Xadicha ham Xudoga shukr,
tirik ekan. Menga yana nima kerak? Tirik qolib nima karomat ko‘rsataman? U odamning
akamda nima qasdi bor ekan, bilmayman. Lekin mening qasdim ham bor edi-ku? Nima
uchun yashashni istab qoldim? Meni shayton yo‘ldan uryapti. So‘zimdan qaytsam —
Xudo urgani shu bo‘ladi. Bu hiylagarlar mendan nimani istashyapti? Maqsad Daydidara
emas, boshqa. Jasadi begona yurtda qolib ketgan bir bechorani nimaga eslab qolishdi?»
Jahongir partizanlar otryadi komandirining xatini Ramazonov o‘qiganidan bexabar,
Tolibjon bilan shunchaki qiziqayotganini bilmaydi. Jahongirda uyg‘ongan ozgina
sarosimani ham Ramazonov ilg‘ab, «Bunda bir gap bor shekilli?» deb qo‘ydi. «Men
qotilman, deb turishi bejizmasdir, balki? Xoinligi ochilsa, Vatan xoini sifatida otilishdan
ko‘ra, qotil sifatida otilishni afzala ko‘rayotgandir? Bu odam xoinlik qilishi mumkinmi? —
Ramazonov Jahongirga tikildi-da, «mumkin», degan xulosa chiqardi. — Bu jamiyatda
adolat topmadi, faqat ezildi, shu alam tufayli fashistlarga xizmat qilgan bo‘lsa qilgandir.
Keyin... qo‘rqqanidan bosh egib kelgandir. Agar shunday bo‘lsa... o‘zim otib tashlardim
buni...»