www.ziyouz.com kutubxonasi
20
U hamxonalariga zimdan nazar tashladi: yoshda ham, shakl-shamoyilda ham
o‘xshaysiz bu odamlar toshimorat ichida shunday kunlar boshiga tushishini bilganmi? Bu
imoratdan qachon chiqib ketishadi — bilishadimi? Tashqarida bir kosa ovqatni kirita
olmay sarg‘ayib turgan jigarlari bilan qayta ko‘rishish nasib etadimi ularga? Buni hech
biri bilmaydi. Ammo quyoshli olamga qaytish umidi bilan yashaydi. Bunday umid faqat
Jahongirda yo‘q. Bunaqa umidning paydo bo‘lishini istamaydi ham. Uning umid-maqsadi
bir — Parvardigori bergan omonatni topshirib, ota-onasi yoniga borish. Depara
avaxtasida yotganida qaytish onlari yaqinligiga imon keltirgan edi. Biroq shaharlik bu
mayor paydo bo‘ldiyu rejalari chigallashib ketdi.
Chiroq xiralashib, mahbuslar birin-sirin karavotlariga cho‘zilishdi. Xonada pishillash,
xurrak ovozlari qorishib ketdi. Jahongir bir o‘tirdi, bir yotdi, bir turib yurdi. Behalovat
kecha uning nazarida ancha cho‘zildi. Nazarida endi mutlaqo tong otmaydiganday edi.
Bu pishillayotgan, xurrak otayotganlar ham tirik odamlar emas, murdalar edi. Yotgan
yeri ham qamoqxona emas, erinmay qazilgan, g‘oyat keng bir go‘r edi. Aftidan, Olloh
uning jonidan avval es-hushini olganu to‘ppa-to‘g‘ri shu go‘rga tiqqan edi.
Tongda iliq suv bo‘lib suvga, sho‘rva bo‘lib sho‘rvaga o‘xshamagan bir narsani ichib
bo‘lgach, uni so‘roqqa chaqirishdi. O‘sha tanish mayor torgina xonada erinmay so‘roq
boshladi. Jahongir so‘roqqa kirishda «Nachaynik, aybimga iqrorman, ishni sudga
oshiraver», demoqchi edi, mayorning savollaridan gangib gaplarini aytolmay qoldi.
Tergov Jahongirning nazarida bir-bir yarim soat chamasi davom etdi. Mayor xuddi «ish
vaqtim sakkiz soat, shu so‘roqdan boshqa yumushim yo‘q, kechga qadar gaplashaman
sen bilan», deganday erinmasdan so‘roq qilardi. Bu mayor Jahongirni o‘ttiz besh yil
badalida kalaka qilib kelayotgan Azroildan ham battar ekan. U ham Jahongirni
berkinmoqchi bo‘lgan hali u burchakdan, hali bu pastqamlikdan tortib chiqarib, haqiqat
oftobiga ro‘baro‘ qilaverdi. Jahongir bu oftobdan qo‘rqar edi. Shu sbabli so‘roqlarga uzoq
dosh berolmadi. Mayor Solihov so‘roq oxirlab qolganini his etgach, soqchini chaqirdi.
Jahongir mahbusxonaga kirib, joyiga yonboshladi. Ro‘baro‘da o‘tirgan yigit esa
gapiraymi-gapirmaymi, deb ikkilanib turdi-da, oxiri ko‘ngil so‘ragan bo‘ldi:
— Tinchlikmi, aka?
Jahongir ajablanib unga bir qarab qo‘ydi-da, «Tinchlik», deya po‘ng‘illadi. Yigit «kelib-
kelib shu to‘nkadan ko‘ngil so‘raymanmi», deganday o‘rnidan turib, nari ketdi. Jahongir
o‘zining bu qilmishidan pushaymon bo‘ldi. Bir odam yaxshi niyat bilan ko‘ngil so‘rabdi,
dalda bergisi kelibdi. Po‘ng‘illashi nimasi edi! Biroq bu holda Jahongirni ayblash ham
o‘rinsiz. Tegirmon toshlari orasidan o‘tib, bir mo‘’jiza bilan tirik qolgan odamni tasavvur
eting-a? Jahongir hozir so‘roqdan emas, aynan tegirmon toshlari orasidan chiqib kelib
«Tirik qolganim chinmi?» deb turgani edi. Unga bir og‘iz gap ham ortiqcha edi. Shu bir
og‘iz gapni qo‘shni karavotdagi yigit aytib qo‘ydi. Boshqa payt bo‘lganida Jahongir gapni
maromiga burib uning ko‘nglidagi xijilni yozib yuborishi ham mumkin edi. Harholda
Jahongir yigit o‘ylaganchalik to‘ng emas, vaqtida ulfat ko‘rgan odamlardan edi. Lekin
hozir yigit ko‘nglini yumshatishga holi yetmadi.
U ikki qavatli taxta karavotlarni, sharpaday rgan, o‘tirgan, yotgan odamlarni ko‘rgisi
kelmay ko‘zini yumdi. Yumdiyu taxta karavotlar oralab sharpaday yurgan, o‘tirgan,
yotgan odamlar o‘rnida qattiq tikilib turgan mayor paydo bo‘lib, tergovni boshlab
yubordi:
«— Muhammadrizaev, to‘g‘risini ayting, nima uchun tergovni chalg‘itmoqchi
bo‘lyapsiz. Sizni qo‘rqitishdimi?
— Kim qo‘rqitadi? Odam o‘limdan ko‘rqadi. Men esa o‘limdan qo‘rqmayman.
— Shuning uchun aybni bo‘yningizga olyapsizmi?
— Xudodan yashirmagan sirni sizdan yashiramanmi?