www.ziyouz.com kutubxonasi
28
odamlarning ko‘z o‘ngida yoqishdi. Otabek ham, Kumush ham oh urib ko‘z o‘ngimizda
yondi-ya! Voy, kitob ko‘r qilgurlar-ey, deyman, men-ku unsur ekanman, kitobda nima
ayb? Uning ichida ertak, doston bor, alifbe bor-a!? Mana, Julqunboyni qayta
chiqarishibdi. O‘qimasam ham bo‘lardi, chunki har bir harfi yod bo‘lib ketgan manga.
Lekin qiziqib o‘qidim. Ko‘p joylarini tushirib qoldirishibdi. Bu qanaqasi bo‘ldi? Yozuvchini
oqlaganing nima-yu, yozganini qaychilaganing nimasi? Shundan bo‘g‘ilib o‘tirgan edim,
sizlar kirib keldingiz... Aybga buyurmanglar. Ana endi so‘raydiganingizni so‘rang,
hovurim biroz bosildi.
Solihov yon cho‘ntagidan ikkita surat chiqarib Daminga uzatdi. Damin marhum
Sharipovning suratiga uzoq tikildi.
— Kimgadir o‘xshatyapman.
— Uni ko‘rganmisiz? Balki Muhammadrizaev bilan birga kelgandir?
— Yo‘q, Jahongir yolg‘iz kelardi. Bu odam... oqsamaydimi? Chap oyog‘i sal
kaltamasmi?
Solihov yelka qisdi: buni surishtirib ko‘rmagan edi. Damin jag‘ini silab yana suratga
tikildi.
— Olamgirga o‘xshab ketadi.
— Kimga?
— Jahongirning akasi bo‘lardi. Ota bir, ona boshqa. U Jahon qamalgan yili chetga
qochib ketgan. O‘likmi, tirikmi, daraksiz edi. Qosh-ko‘zi o‘xshab turibdi. Agar oqsoq
bo‘lsa, shu — Olamgir. Bu odam ham kerakmi sizlarga?
— Daydidarada o‘ldirilgan shu kishi. Lekin uning ismi Olamgir emas — Siddiq
Sharipov. Tug‘ilgan yeri — Yusufxona. Shunaqa qishloqni eshitganmisiz?
— Yo‘q, eshitmaganman, — dedi Damin bosh chayqab. — Daydidarada nima bor ekan
unga?
— Shuni aniqlashimiz kerak-da. Damin, aka, to‘rtinchi yo beshinchi oktyabrda
Muhammadrizaev uyingizga kelmaganmidi?
— Jahongirmi? Kelgan edi. Nima, rostdan ham uni qotil demoqchimisiz?
Solihov Jahongirning qotillikni bo‘yniga olayotganini aytib o‘tirmay «Shunaqa gumon
bor», deb qo‘ya qodi. Damin peshonasiga shapatilib, bosh chayqadi.
— Voy sho‘rpeshona, peshonang buncha sho‘r bo‘lmasa, oshnam, endi bu ko‘rgulik
bormidi senga?! Uni uch marta quruq gumon bilan qamadilaring. Bitta tirik jonga
shuning o‘zi yetmaydimi?
— Damin aka, gumonga ishonib beayb odamni jazolamaslik uchun bu tomonlarga
kelib yuribmiz.
Damin «bu odamlarga ishonsa bo‘larmikin», deganday kutilmagan mehmonlarga bir-
bir qarab oldi.
— Jahon bilan bolalikdan oshnamiz. Mening savodimni shu oshnam chiqargan.
Madrasa ko‘rgan alloma yigit edi. Jamiyatlaringga ko‘p foydasi tekkan bo‘lardi. Otasini
kimdir kechasi otib qo‘ygan. Bir kuni, shunaqa kech kuz edi, oqshomda talato‘p
boshlandi. Besh-o‘n kishi otildi. Shuning ustiga Jahongir kelib qoldiyu baloga uchradi.
Talato‘pni boshlaganlar qochdi, jazoni Jahongir tortdi. Shundan beri u bechoraga kun
yo‘q... Ha... gumonisirayotgan ekansiz, Jahongirning taqdir daftarini o‘qib chiqarsiz. Siz
Jahon keldimi, yo‘qmi, deb so‘radingiz, a? Ha, keldi. Beshinchida ertalab keldi. Ustida
yangi to‘n, boshida yangi do‘ppi. Oyog‘ida etik...
... Damin barvaqtroq ish boshlab tanchani ochmoqchi edi. Erta kelgan kuzning sovuq
nafasini oyoqlari sezib sirqiray boshlagandi. Kech kuz, qish, erta bahorda uni bu
azoblardan qutqaruvchi yolg‘iz panohi shu tancha. Sibirdan orttirib kelgan bu dardni