www.ziyouz.com kutubxonasi
29
faqat shu tancha oladi. Eshik-derazani lang ochib, namatni bir chetga surib endi bo‘yrani
ko‘taraman, deganda Jahongirning ovozi eshitildi.
— Ha, ko‘chyapsanmi? — dedi u eshik og‘zini bulutday to‘sib.
— Endi ko‘chib qayga ham sig‘ardim, qishning g‘ami bu, oshnam, — dedi Damin
bo‘yrani joyiga qo‘yib. Namatni qayta solaman deganda Jahongir unamadi.
— Meni senga Xudoning o‘zi yetkazdi. Kel, qarashvoray, — deb qo‘liga ketmon oldi.
Jahongir tanchani ochdi. Damin o‘choqqa o‘t qalab, qumg‘onni qo‘ydi.
Tanchaga cho‘g‘ tushib, bir piyoladan choy ichilgach, Daminning joni orom oldi.
Jahongir tanchada uzoq o‘tira olmadi — oyog‘ini tortdi.
— Qanday o‘tiribsan, odamni yondiraman deyapti-ku?
— Ilohim oyoq og‘rig‘ini tortma, oshnam. Yildan yil yomon bo‘lyapti. Yolg‘iz
yashashga qo‘rqadigan bo‘lib qoldim, — dedi Damin. — Bexos omonatimni topshirsam,
shu tanchada sasib yotaveraman. Yolg‘izlik Xudoga xos, deb to‘g‘ri aytishar ekan.
Odamzod kimlar bilandir birga yashashi lozim ekan. Endi ming oh uray, foydasi yo‘q.
Xotinim birovga tegib ketgan ekan, men ham uylanavermaymanmi, etak-etak bolalarni
tug‘dirib tashlamaymanmi?.. — Damin, ming la’nat, deganday qo‘l siltab qo‘ydi.
— Qarib bir qop o‘tin bo‘lib qolibsanmi, hozir ham uylanib olaver.
— Qishloqda erga tegishi mumkin bo‘lgan bittagina beva bor. Madad qallobning
bevasi. O‘shanga uylanaymi? Qancha odamni quritdi u ablah. Meni qamashganda ham
guvohlik bergan. Endi kelib-kelib shuning sarqitiga uylanamanmi?
— Men «o‘sha bevaga uylan» dedimmi, buncha chirillaysan?
— O‘shani eslasam qonim qaynab ketadi. U ablah sal barvaqtroq o‘lib ketdi-da, hozir
tirik bo‘lgandami?..
— Qo‘lingdan nima kelardi? Sotganlar, qamaganlar, otganlar — hammasi yuribdi
davrini surib. Nohaqlik bir dumalab haqiqatga aylandi deysanmi? Aylangan bo‘lsa ham
po‘stinini almashtirdi. Ichi o‘sha-o‘sha. Iblis o‘lgani bilan uning qabri atrofida faryod
urayotganlardan qo‘rqqulik. Ke, qo‘y shu siyosatingni, gapirgan bilan foydasi yo‘q.
— Sen bir umr siyosatdan qochib yurding. Shuning uchun ham kosang oqarmadi.
— Seniki oqardimi?
— Men boshqa toifaman. Sen alloma toifasan. O‘zingni chetga olganing uchun Xudo
seni jazoladi.
— Chetga olmaganlarni-chi?
— Gapni aylantirma.
— Sen ham chaynalaverma. Har bir odamning o‘z siyosati, o‘z maqsadi bo‘ladi. Men
Xudodan «maqsadimga yetkar», deb so‘rab yashadim. Maqsadimga qaysi yo‘llar bilan
yetkarish yolg‘iz Ollohning ishi. Shu azobli yo‘llarni ma’qul ko‘ribdimi, hazor-hazor shukr.
Meni turmalarga qamadilar. Ammo ruhim ozodlikda yurdi. O‘risning sovuq yerlarida
jismim azob cheqdi. Biroq ruhim erkinlikda qoldi. Chunki ruhimni Ollohning panohiga
berib edim. Yomonlik jabrini faqat menu sen ko‘ribmizmi? Sen qahringni sochaverma,
yuragingni keng qil.
— Yuragim keng, oshna. Menda bitta emas, ikkita yurak bor. Biri yomonlar uchun
zulmat bo‘lib qorong‘ulikka o‘raydi, ikkinchisi quyosh bo‘lib yaxshilarga nur beradi, —
dedi Damin. Xayoliga kelgan bu dono fikrdan o‘zi ham mamnun bo‘lib, tomoq qirib
qo‘ydi. Jahongir uning mamnunligini sezdi. U bunday holda Daminning fikrini
ma’qullamagan odam baloga qolishini bilardi. Biroq, oshnasining fikrini to‘g‘ri deya
olmas ham edi. Shu sababli Daminga tikilib, picha kutdi.
— Xudo bitta, — dedi u bosiqlik bilan, — odamning tili ham, dili ham bitta. Ikki dilli,
ikki tilli, ikki Xudoli odam riyokor bo‘ladi. Sen musulmon farzandisan. O‘sha bittagina
yuragingni barchaga teng ulash. Shunda Ollohga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ bo‘lasan.