www.ziyouz.com kutubxonasi
27
— Sizlar enkevede
3
danmi? — deb so‘radi.
— Men oblast jinoyat qidiruv bo‘limidanman. Bu kishi — kapitan Jabborov, rayondan.
Qiziq... bizni qaerdan bildingiz?
— Ko‘zlaringiz aytib turibdi. Ayniqsa, bu kishiniki. Tabib tabibmas, boshidan o‘tgan
tabib deyishadi-ku? Sizlarga o‘xshaganlarni xo‘b ko‘rdim. Olam tinchidi, deb shukr qilib
o‘tirsam, hali meni unutmabsizlar-da, a? Bu deyman, qolgan-qutgan gunohlarimni titkilib
topganga o‘xshaysizlar.
— Damin aka, sizning gunohingizni izlab kelmadik. Bir yumush yuzasidan bezovta
qilib o‘tiribmiz. Daydidaradagi qotillikni eshitgandirsiz?
— Ha... — Damin shunday deb uf tortdi. — Jahongirni qamabsizlar, eshitdim. Jahongir
menikiga kelib turardi. Buni ayg‘oqchilaringiz yetkazishgan, albatta. Hammayoqda
ayg‘oqchilaringiz urchib yotibdi. Lekin aytib qo‘yay, Daydidaradagi ishdan bexabarman.
— Biz sizdan gumonsirayyotganimiz yo‘q. Ayrim narsalarni aniqlashda yordamingiz
kerak, — dedi Solihov.
— Yordam bermasam-chi? — dedi Damin unga tik qarab.
— Bu endi vijdoningizga havola.
— Shunaqami? — Damin tiz cho‘kib, qo‘llarini patnisga tirab, Solihov tomon sal
engashdi. Bo‘yin tomirlari o‘ynab ketdi. Shu turishida o‘ljasiga tashlanishga shay turgan
qoplon vajohatiga kirdi. — Vijdonimg havolami? — uning ovozi titrab chiqdi. — Meni
oborib tiqib qo‘yganlaringda vijdondan gapirmagan edilaring. Men nima uchun sakkiz yil
o‘tirdim? Julqunboyni odamlarga o‘qib berganim uchunmi? Xo‘sh, Qodiriy dushman emas
ekan-ku? Oqlandi-ku? Yoqib yuborgan kitoblaring zararli emas ekan-ku? Bular kimning
vijdoniga havola? Daydidarada bir cholni otishibdi. Qotilni izlab yuribsanlar. Qodiriylarni
otganlarni kim qidiradi, kim jazolaydi? Mening ko‘z oldimda jarga olib chiqib otishardi
odamlarni. Gunohlarini bilmay ketishdi u bechoralar. Bu qabohat kimning vijdoniga
havola?! Suvdan quruq chiqasanlar hammalaring. Bor gunohni mo‘ylovga to‘nkab
o‘zlaring farishtaday yuribsanlar.
Ovozda paydo bo‘lgan titroq butun badanga ko‘chdi. Solihov «Mayli, dardini to‘kib
olsin, keyin gaplashish oson bo‘ladi», deb indamay o‘tirdi. Jabborovning ko‘ngliga esa
g‘ulg‘ula tushdi. Nazarida Damin aynan uni ayblayotganday, hozir uning yoqasidan olib
«Barcha begunohlarning qotili shu», deya ayyuhannos soladiganday edi. Jabborov
Daminga ham biroz hadik, ham biroz nafrat bilan qarab qo‘yar edi. «Mening qo‘limga
tushganingda omon chiqmasding, g‘alamis, — deb o‘ylardi u. — Gapirib ol, kuning
tug‘di. Hali biz gapiradigan zamonlar ham yana kelib qolar. Sendaqalarning tuxumini
quritib yuborish kerak edi. Hechqisi yo‘q, shunday kun ham keladi...»
Damin hayajonga berilib so‘zini yo‘qotdi. Solihovning xotirjam o‘tirishi ta’sir etib,
joyiga cho‘kdi. Chuqur xo‘rsindi.
— Damin aka, ho‘lu quruq baravar yondi, bilaman. Sizga tasalli bermoqchimasman. U
kunlarni unuting, deyolmayman. Vaqti kelib aybdorlar yuzaga chiqishadi. Lekin biz hozir
Daydidaradagi qotilni topishimiz kerak. Vazifamiz shu.
Bu gapdan keyin oraga sukut cho‘kdi. Damin ko‘rpaning bir chetini ko‘tarib
otashxonadan choynakni oldi-da, chegalangan piyolaga choy quyib Solihovga uzatdi.
— Aybga buyurmang, inim, jahl kelsa, aql ketadi. Shunaqada odamgarchilikni unutib
qo‘yarkansan. Bir tomoni qarichilik, bir tomoni o‘tmish... Shu uyda qishloqning kattayu
kichiga to‘planardi. Men ularga Otabek bilan Kumushning qismatini o‘qib berardim.
Qayta-qayta o‘qirdim, biroq baribir kelaverishardi. Bir kuni oqshomda ikki kishi bostirib
kirdi. Qo‘limdagi kitobni tortib olishdi. Tokchadan ham bir-ikki kitobni saralab olib
3
NKVD — demoqchi (Ichki ishlar xalq nozirligi).