www.ziyouz.com kutubxonasi
76
jasadni emas, burda-burda kiyimlarni yerga ko‘mgan bu ayol unga Xadichani eslatadi.
Oynisa eriga aza ochib, ko‘zi yoridi. Xadicha-chi? Uning ahvoli nechuk? Ko‘zi yoridimi?
O‘g‘il ko‘rdimi? Qizmi? Oynisa begona yurtda, begona uyda bolasini bag‘riga bosib
yotibdi. Xadicha ham begona yurtda, begona uyda... Oynisa yolg‘iz. Xadichasi akasining
panohida. Oynisa bu yerlardan qachon qaytishini bilmaydi, ruxsat so‘rab qilgan arzlari
rad etildi. Jahongir Xadichani qachon qaytib kelishini bilmaydi.
Oynisaga Jahongirning qismati qorong‘i. Opalaridan ayrilgan bir alamzada ekanigina
ma’lum. U Jahongirning kelishidan xursand — har-holda yurtining tirik bir parchasi. Erta-
indin u ham ketadi. U yana yolg‘iz qoladi...
Tongga yaqin Jahongirning ko‘zi ilingan ekan, bolaning jarangdor ovozi qulog‘iga
chalinib uyg‘ondi, ammo darrov ko‘zini ochmadi.
— Aya, dadam keldilarmi?
— Yo‘q, bolam, dadang emaslar, o‘rtog‘ing Nurulloning tog‘alari.
Jahongir tushlariga kiradigan do‘mboq bolachaning, Xadichaning ovozini eshitganday
yuragi entikdi. Ko‘zini ochdi. Qaddini ko‘tarib, pastga qaradi. Oynisa besh yashar
bolasining qaddini bukib, yuzini yuvar edi. Jahongirning nigohini sezib, Oynisa ham
yuqoriga qarab oldi.
Nonushtadan so‘ng Jahongir opasining uyiga qarab ketdi. Buyumlarga birov qo‘l ham
urmaganga o‘xshaydi. Kiyimlar ham taxlanganicha turibdi. Opasining kamzuli,
pochchasining to‘ni... Paranji ham... Opasi shu yerga ham ko‘tarib kelibdi-da,
paranjisini... Kamzuldan opasining, jiyanlarining hidi keladi. Jiyanlarini suyib
erkalaganday kamzulni siladi. Kenja jiyanini ko‘rmagan edi. U shu kamzulga yuzini
qo‘yib erkalangan... Jahongir kamzulni silayotib seskanib ketdi: kamzul qatida qattiq
narsalar bor edi. Paypaslab ko‘rdi — tangalarga o‘xshaydi. «Rahmatli otasi o‘z ulushidan
qizlariga ham bergan ekan-da...» Jahongir o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushganday, nazarida
bu uyga atayin shuni izlab kirganday uyaldi. Opasi darchadan «shuni deb kelgan
ekansan-da», deb qaraganday bo‘ldi.
Eshik oldida sharpa sezilib, Jahongir cho‘chib qaradi.
— Narsalari bus-butun, o‘zim yig‘ishtirib qo‘yganman, — dedi Oynisa aybdor ohangda.
«Bilganmikin? — deb o‘yladi Jahongir, keyin darhol o‘ziga-o‘zi javob berdi, —
bilgan...»
— Qora kunlarga yarar deb olvolgan ekanlar, o‘zlariga buyurmabdi, — dedi Jahongir
kamzulga imo qilib. — Bularni... siz oling.
— Yo‘q olmayman. O‘zlariga buyurmagan, menga buyurarmidi. Hazar qilyapti deb
o‘ylamang, birovning haqidan qo‘rqaman.
Oynisa shunday deb iziga qaytdi. Biroz turib, Jahongir ham uydan chiqdi. Chol pichan
g‘arami oldida chalg‘i charxlar edi.
— Djaxanir, — dedi u, — otingni aytish qiyin ekan, osongina Jenya desam xafa
bo‘lmaysanmi? Jenya, qachon qaytmoqchisan?
Jahongir bu yerlarning odatini, mehmonga shunday savol berilishi mumkinligini
bilmas edi. Bu savolni eshitib, «hozir ketishim kerakmi?» deb o‘ylab, yelka qisdi.
— Uch-to‘rt kun tur, — dedi chol, — qarindoshlaringning ruhi shod bo‘ladi. Shu
bahonada menga qarashib yuborasan. To‘ng‘ichim germanlar bilan urushda nom-
nishonsiz ketdi, kichigini oqlarmi, qizillarmi, bilmayman, chopib tashlashgan. Shundan
beri yolg‘izman, suyanadigan tog‘im yo‘q. Xo‘p, desang yur, chalg‘i tortishni bilsang, o‘t
o‘rishvorasan.
Chol shunday deb charxlab turgan chalg‘ini Jahongirga uzatdi. O‘zi pichanga sanchib
qo‘yilganini oldi-da, o‘rmon tomon yurdi. O‘rmon oralab ko‘p yurishmay, Grigorich
to‘xtadi.