www.ziyouz.com kutubxonasi
72
— Mol-dunyo shu paytgacha birovga vafo qilgan emas.
— Menga vafo qiladi, hammasini o‘ylab qo‘yganman.
— Mol-dunyo desangiz yakka-moxov bo‘lib qolasiz. Bir boy xastalanib yotsa ham uni
yo‘qlovchi topilmabdi. Buning sababini donishmanddan so‘rasa u: «Odamlar sizdan
qarzdor, shunga uyalib kelishmayapti», debdi. Shunda boy «Odamlardan ajratib qo‘ygan
mol-dunyoga la’natlar bo‘lsin», degan ekan.
— Bu o‘tgan zamonning gapi, paxan. Hozir do‘sting qancha kam bo‘lsa, shuncha
yaxshi — tinch yashaysan. Sotadiganlar kam bo‘ladi.
— Shoqolning «sotadiganlar kam bo‘ladi», degan gapi 1933 yilni, Qirqbelni, uyiga
xo‘jayinlik, qilib turgan Sotvoldini, «Sotti xat yubordi», deb rangi o‘chib turgan Daminni
Jahongirning yodiga soldi.
— Mudarris Jahongirning tez qaytishidan ajablandi. Bunaqa paytda ayrim odamlar
«nima balo uyingdan ilon chiqdimi», deyishadi. Jahongir mudarrisdan shunga o‘xshash
savol kutgan edi. Boshqacha sharoit bo‘lganida balki mudarris — Nizom qorovul shu
qabilda hazilnamo gap qilishi mumkin edi. Biroq, boshpanasi yo‘q odamga shunday
deyish mehmon tashrifini malol olganday tuyulardi. Nizom qorovul «Eson-omon borib
keldingizmi, bo‘tam», deb gapni qisqa qildi. Hammasini Jahongirning o‘zi aytib berdi:
uyidan «ilon chiqqanini» ham, opalarining quloq qilinganini ham, Sottining rayonga
tushirgan xatini ham aytdi.
Lipillab yonayotgan qora chiroq hujrani arang yoritardi. Jahongirning zimiston
yuragiga hozir minglab chiroq yoqilsa ham yoritolmagan bo‘lardi. Alamga chulg‘angan bu
zimiston yurakka faqat dono maslahatgina nur berishi mumkin, mudarris esa bu nurni
baxsh etishga shoshilmas edi. U chiroqning eshilib to‘lg‘onayotgan o‘tli tiliga ancha
fursat tikilib o‘tirdi.
— Yonib turgan sham tepasidagi shiftdan, yonidagi devorlardan nafratlanibdi, — dedi
u o‘ychan ohangda. — Bular mening yo‘limni to‘syapti, mavjimni pasaytiryapti deb
g‘azabga minibdi. Avval shiftni, keyin devorni mahv etishga qasd qilibdi. Bu bilan o‘z
o‘limini chaqiribdi. U nodon bilmabdiki, bu shift, bu devorlar uni o‘chirib qo‘yishi mumkin
bo‘lgan shamoldan asraydi. — Mudarris shunday deb yana sukut saqladi. Keyin yengil
xo‘rsinib, qissadan hissa yasadi: — Ne falokatki, zamonda nodon shamlar ko‘paydi.
Nodonliklari tufayli o‘zlarigina o‘chsalar mayliga edi, qancha umr o‘tini ham o‘chirdilar.
Bo‘tam, meni aybga buyurmang, sizga qanoat tilashdan o‘zga choram yo‘q. Bu kunda
toptalgan ko‘katning ohli qo‘shig‘ini tinglovchi yurakni qaydan topamiz? Mening zaif
ongim sizning qorong‘i yo‘lingizni yoritishga ojiz. Men o‘zimni Ollohning ixtiyoriga berib,
bu dunyo g‘amlaridan xoli bo‘lishni niyat qilganman. Xohish bildirsangiz, men bilan birga
yashang.
— Taqsirim, shu so‘zlaringizni o‘ziyoq men uchun bir dunyo, Xudo umringizni ziyoda
qilsin. Men bunda o‘tira olmayman. Opalarimni izlab topay, holidan xabar olay.
— U holda men sizni yolg‘izlatmay. Sho‘ro idoralarida xizmatda turgan talabalarim
bor, ular opalaringizning qaydaligini so‘rab-surishtirib berishadi.
— Malol kelmasa, shaharning nomdor zargarlaridan bir-ikkitasini ham bilib bering.
Muxtasar kengash shu bilan yakunlanib, ustoz-shogird Ollohning marhamatlari,
karomatlari, mo‘’jizalaridan suhbatlashib o‘tirishdi.
Bir hafta umidli xabarni kutish bilan o‘tdi. Bu vaqtda Jahongir ikki zargarga uchradi,
ishi yurishmadi. Ular peshonasida g‘alati yozuvi bor bu odamning taklifini eshitishni ham
istashmadi. Uchinchi zargar qirqbellik Muhammadrizo nomini eshitgan ekanmi, bir kunlik
mulohazadan so‘ng Jahongirning mushkulini oson qildi. Jahongir qo‘liga pul tekkan
kuniyoq jallobdan bir qo‘y olib, madrasa hovlisida so‘ydi. Go‘sht-yog‘ni bo‘lib,