www.ziyouz.com kutubxonasi
88
Men-chi? Aldovga ishonib nikohdan o‘tganim gunoh emasmi? Endi nima bo‘ladi?
O‘g‘limning chin dadasidan ham ajraymizmi? Bir ko‘rib so‘ng ajralish uchun bu yerga
qaytib edikmi? Yo u kishini asrab qolish mumkinmi? Asrab qolsak nima bo‘ladi? Men
qaysi yuz, qaysi hayo bilan u kishiga ko‘rinaman. U kishi menga endi nomahrammi?
Nikohlaridan chiqmaganman, ammo boshqaga nikohlanganman. Bu muammoni kim
yechib beradi? Asrab qolsak, o‘g‘lim u kishini «otam» deydimi? Demasa-chi?»
O‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida zardobga to‘lgan yurak beoromligi bu tun
etakroqda yotgan o‘g‘liga ham ko‘chgan.
«Nimaga mendan yashirib kelishdi? Otasiga mehri yarimta bo‘lmasin, deyishdimi?
Aka-ukalar yuz ko‘rishib bu sirni ochishlari, eson-omonlik bilan yashashlari mumkin edi-
ku? Nimaga kelishisholmadi? Ayamni talashishdimi yo menimi? Endi nima bo‘ladi? U
odamni «ota» deymanmi? U odam meni «o‘g‘lim» deydilarmi? Jahongirning ismini
aytganimda besaranjom bo‘lganlarining sababini endi tushundim. Shu ism u kishiga sirni
ayon etdimi? Ayam Jahongirimni boshqalaridan ko‘proq suyadilar. Bu bejiz emas ekan-
da?..»
Necha-necha ko‘ngillarning sirlarini muhrlash uchun yaratilgan tun bu safar o‘z ishini
qildi: ikki yurakning hasratlarini bag‘riga singdirib, quyosh chiqmay turib, qaysi bir
ovloqlarga berkindi.
Mayor Sanjar Solihov marhumning xonadonidagilar sirlari oshkor bo‘lgach,
halovatlarini yo‘qotishadi, deb taxmin qilgan edi. Bu oilaning asosiy sirni o‘g‘ildan
yashirib kelganini esa u bilish u yoqda tursin, xayoliga ham keltirmagan edi.
Kecha prokurorning roziligini olib, Jahongirni ozodlikka chiqarib shahar kasalxonasiga
yo‘llagach, qotilni yaqin kunlarda qo‘lga olishiga ishonch hosil qildi. «Tuyg‘ularim meni
aldamaydi», deb o‘ylardi u. Chindan ham ish nihoyasiga yetay deganda uning yuragi
sezardi. Ba’zan yaxshi tush ko‘rardi, ba’zan siqilgan yuragi yayray boshlardi. Bu safar
ham shunday bo‘ldi. Ona-bolaning kelishini xush kayfiyat bilan kuta boshladi. Xonasiga
Yo‘lchivoyning yolg‘iz kirib kelganini ko‘rib, ajablandi.
— Onangiz qanilar? — dedi u norozi ohangda.
— Ayam betoblar. Mendan so‘rayvering so‘raydiganlaringizni.
Solihov Yo‘lchivoyning ovozidagi xastalikni, ko‘zlaridagi g‘amni sezib «juda qo‘rqib
ketishganga o‘xshaydi-ku?» deb o‘yladi.
— Demak, Siddiq Sharipov otangizning soxta ismi-sharifi. Haqiqiy ismi nima?
— Bilasiz-ku?
— Savolimga aniq javob bering: haqiqiy ismlari nima?
— Olamgir...
— Otalarining ismi?
— Muhammadrizo o‘g‘li.
— Tug‘ilgan yerlari?
— Qirqbel qishlog‘i.
— Jahongir Muhammadrizaev kim bo‘ladi?
— Ukalari.
— Buni nima uchun yashirdilaringiz?
— Men bilmas edim.
— Onangiz-chi?
— Ayam... qizillar urib o‘ldirgan, deb eshitgan ekanlar.
— Kimdan eshitganlar?
— Qishloqni yoqqan kishilardan.
— Kim ular?