www.ziyouz.com kutubxonasi
89
— Tanimaydilar.
— Dadangiz ukalari haqida hech gapirganmilar?
— Yo‘q.
— Sizga bu qiziq tuyulmayaptimi? Ukalari qizillar qo‘liga tushib qolgan, urib o‘ldirildi,
degan xabarni eshitganlar. Nahot shahid ketgan ukani shu yillar davomida biron marta
ham eslamagan bo‘lsalar?
«Sirlarimizni to‘la bilmaydi shekilli bu odam?» deb o‘yladi Yo‘lchivoy.
— Qaytib kelgach esa, — deb so‘zini davom qildi Solihov, — ko‘rishib, hatto uyiga
taklif qilmaganlar. Aka-ukalarning Daydidarada uchrashishi uchun qanday sabab bor
edi?
— Bilmayman.
— Biz Jahongir Muhammadrizaevni ozodlikka chiqardik. U qotil emas. Siz ham
qo‘rqmang. Otangiz yigirma ikkinchi yilda jinoyat qilgan bo‘lsa-da, sizni ayblamaymiz.
Otaning gunohiga farzand javob bermaydi. To‘g‘risini ayting: Jahongir Muhammadrizaev
shaxsan sizga kim bo‘ladi? Amakimi yo otami?
Yo‘lchivoy batamom gangidi: ro‘baro‘sidagi odammi yo shaytonmi? Hamma narsani
bila turib nechun cho‘g‘ ustiga yalangoyoq haydaydi, kuygan yurakni battar kuydiradi?
Yo‘lchivoy bu savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob qaytara olmas edi.
— Ha, bilaman, — dedi Solihov g‘olib odamning ovozi bilan, — Jahongir
Muhammadrizaev sizning otangiz. Buni sizdan balki yashirishgandir. Bu yerga qaytib
kelishni, o‘ldi deb o‘ylagan odamlari bilan uchrashishni o‘ylashmagandir. Yopig‘liq qozon
yopig‘ligicha qoladi, deb umid qilishgandir. Bular meni qiziqtirmaydi. Men bir narsani
bilishim kerak: aka-uka orasida nima gap o‘tgan? Jahongir Muhammadrizaev o‘ttiz uch
yil qasos umidida yashagan. Peshonasidagi yozuvni bilasizmi? «Alqasosu minal Haq»
degan. Kimdan qasos olmoqchi bo‘lgan? Buni onangiz bilishlari kerak.
— Ayam bilmaydilar. Kecha gaplashganmiz. Erkaklar ayollariga hamma gapni
aytavermaydilar. Dadam... ha, dadam, men kecholmayman u odamdan. Ayamga
uylanmaganlarida ham «ota» derdim... Dadam... o‘shanda ukalari bilan masjidga chiqib
ketgan ekanlar. Avvalgi xotinlari kirib ayamga «Tez narsalaringizni yig‘ishtiring, xorijga
o‘tib ketamiz», debdilar. Anchadan keyin dadam yolg‘iz qaytib, «Jahongir bir yumushni
bajarib izimizdan yetadi», deb ikki ayolni ergashtirib ketibdilar. Dovonga borishganda
«Jahongirni qizillar tutib, kaltaklab o‘ldirishdi», degan xabar yetgan. Bo‘lgan gap shu.
— Qotillik yuz bergan kuni nima deb ketgan edilar?
— Aytganman-ku?.. Birodarimni yo‘qlayman, deganlar. O‘ttiz yil ko‘rishishmagan
ekan. Kimligini aytmaganlar. Lekin... o‘sha kuni boshqacharoq edilar.
— Bir o‘zalri ketdilarmi?
— Ha.
— U yoqqa borishlarini kim bilardi? Tanishlari, o‘rtoqlari eshitishmaganmidi?
— Eshitishmagandir.
— Keyingi paytda uyingizga kim ko‘proq kelardi?
— E’tibor bermaganman. Eshigimiz hamisha ochiq, dasturxonimiz tuzog‘lik bo‘lgan.
Mehmondan qochmas edik.
— Harholda, dadangizning yaqinlarini eslang. Ismini, kasbini, turar joyini ayting.
— Rafqat oxun, Tal’at oxun... oshxonada ishlashadi. Ko‘kchada turishadi. Midxat aka
dorixonada xizmat qiladi, uylari Sebzorda. Murodilla aka do‘xtirlar, bitta mahalladamiz.
— Yanglishmasam... qo‘shni bo‘lganlari uchun ko‘proq shu Murodilla akangiz kirib
turgan bo‘lsalar kerak?
— Ha, u kishi tabiblar, qo‘llari yengil. Nima bo‘lsa, shu kishiga chopamiz.
— Qashqarda ham yaqin bo‘lganmilar?