www.ziyouz.com kutubxonasi
21
— Siz ko‘p jabr tortgan ekansiz. Bu haqdanmi yo nohaqdanmi hozircha bilmayman.
Lekin...»
Jahongir ko‘zini ochdi. «Hozircha bilmayman...» Ha, shunday dedi mayor. Lekin
Jahongir o‘sha tobda bu gapga ko‘p ham ahamiyat bermagandi. «Hozircha...» Nima
demoqchi? Hali o‘ttiz besh yillik gapni, o‘ttiz besh yillik eski paxtani titib ko‘rmoqchimi?
Nimaga? Kimga kerak ekan bu haqiqat? Biz sizni o‘ttiz besh yil nohaq azoblagan
ekanmiz, degani bilan umri qaytib berilarmidi? Suygan xotini, xorij yo‘lida kindik qoni
to‘kilgan o‘g‘li bag‘riga qaytadimi?.. «Ishchi-dehqon jumhuriyati nomi bilan...» Bexos
miyasini zirillatgan bu gap toshimoratni ham larzaga solganday bo‘ldi. Tosh devorlarga
tegib jaranglagan bu gap miyasiga qaytib urilib, tovonigacha zirqiratib yubordi.
«Hali Xudo oldida gunohim ko‘p ekan. Olloh suygan bandalarini bu dunyoda obdan
qiynab, gunohini to‘kib, so‘ng u dunyo bag‘riga oladi, deyishardi. Otamning xunini
olmaganim uchun Xudo gunohimdan kechmayapti. Gunohlarim to‘kilib bitganda o‘sha
qishloq avaxtasidayoq omonatimni topshirardim. Gunohim ko‘p ekan hali... Yo Tangrim!
Hech bir bandangni bunchalik qiynama. Omonatingni olging kelmayotgan bo‘lsa nima
qilay, ayt. o‘z jonimni o‘zim sug‘urib olayinmi?! Nauzubilloh! O‘zing asra bundan,
Tangrim, shayton yo‘lidan o‘zing qaytar. O‘zing bergan omonatni o‘zing qaytarib ol. Sen
bergan ne’matga men xoinlik qilolmayman...» Jahongir shunday deb kalima qaytardi.
Dastlab turmaga tushganidan beri necha marta joniga qasd qilishni o‘yladi.
O‘rusiyaning sovuq o‘rmonlarida, Germaniyaning hashamatli shaharlarida yurganida
ham bu fikr ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan, ammo shayton yo‘liga kirmagan, Yaratgan bergan
omonat joniga xiyonat qilmagan edi. Shuncha azobga chidab kelib, endi, so‘nggi qadam
qolganda xiyonat qiladimi? Yo‘q!
Jahongir o‘ng yonboshiga ag‘darildi. Jangohni zulmat qanotlari bilan bosib turgan
qorong‘ulik bag‘rini tilgancha yorug‘ izlar qoldirib uchayotgan o‘qlar kabi xayollari uning
qorong‘u miyasini nishonga olgan edi. Mayorning har bir savoli o‘sha o‘q misol zulmat
qa’ridan otilib chiqar edi.
«— Siddiq Sharipov bilan qaerda tanishgansiz?
— Men bunaqa odamni tanimayman.
— Aniq eslang: Daydidaradagi hodisa ertalab yuz berganmi yo oqshomda?
— Ertalab ham, oqshomda ham emas, kunduzi.
— Miltig‘ingizning nomi nima edi?
— Ov miltig‘i...
— Miltiq turlarining o‘ziga yarasha nomi bo‘ladi.
— Nomini bilmayman.
— Miltiqni qaerdan olgansiz?
— Otamdan qolgan. Eski miltiq edi.
— O‘q marhumning qaeriga tekkan?
— Bilmayman.
— Muhammadrizaev, o‘zingizni go‘llikka solsangiz solavering, biroq bizni befahm deb
o‘ylmang. Harholda biz miltiq o‘qi bilan to‘pponcha o‘qining farqiga boramiz. O‘q orqadan
otilganmi, yuzma-yuzmi, buni ham ajrata bilamiz.
— Nachaynik, o‘zingizni qiynab nima qilasiz, qo‘rqmang, sudda tonmayman
gapimdan. Menga achinmay qo‘ya qoling.
— Achinmay qo‘ya qoling? Men sizga emas, marhumga achinyapman.
— Unga ham achinmang, arzimaydi.
— Arzimasligini siz qaerdan bilasiz, uni tanirmidingiz?»
Shu savol berilganda Jahongir ilinganini sezdi. Mayor «marhumga achinyapman»,
deganida indamay qo‘yaqolmasdan «unga ham achinmang», deyishi nima edi?!