www.ziyouz.com kutubxonasi
23
Shu aldovga uchratguncha o‘shanda Zokirxo‘ja o‘rniga uning jonini olmaydimi...
«Astag‘firulloh!» Jahongir yana kalima qaytardi. Xayolini chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Biroq
Zokirxo‘jadan uzoqlasha olmadi...
...Jahongir temir panjarali darchasi bor vagonga chiqayotganida qayoqqa
ketayotganini bilmagandi. Poxol to‘shalgan vagon ichi sassiq edi, kishining nafasi qaytib
ketardi. Eshik qarsillab yopilgach, ichkari dimiqqandan dimiqdi. Jahongir bitga talanib
yotib, tongga yaqin ko‘zi ilinibdi. Uyg‘onsa — poezd to‘xtab turibdi. Mahbuslar uyquda.
Vagon ichi nimqorong‘u. Jahongirning nazarida tong otgan-u, biroq, temir panjarali
darcha tashqaridagi yorug‘likni to‘sib turganga o‘xshadi.
Jahongirning yonginasida bir odam chordana qurib o‘tirib olibdi. Uning kimligini
farqlash mumkin bo‘lmadi. Uning pichirlashidan ajablangan Jahongir diqqatini jamlab,
quloq tutdi. Notanish odam uning quloq tutganini fahmlaganday ovozini picha ko‘tardi:
— Yo Olloh, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, shayton yo‘liga kirib, to‘g‘ri yo‘ldan
ozib, iymondan, vijdondan, insofdan chekinib qilgan gunohlarimni o‘zing kechir. Akam
bilan diydorlashish qiyomatga qoldi endi. Yo Olloh, akamga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ qil.
Akam to‘g‘ri yo‘ldan ozgan edi, o‘zing kechir uning gunohlarini. Hali tavba qilmagan
bo‘lsa oxir-oqibat baribir tavba qiladi. U ko‘rmaganlarni men ko‘rdim. Shu paytgacha
akam oldida gunohkorman, deb yurardim. Inshoolloh, haq ekanimni ko‘zim tirikligida
ko‘rsatding. Endi o‘lsam armonim yo‘q. Yo Olloh, men sendan jannatdan joy
so‘ramayman. Shu ta’mada senga sig‘inib yurgan bo‘lsam, albatta do‘zaxdan joy ber
menga. Bu dunyoda ko‘rgan rohatlarim evaziga do‘zax azoblarini tortay. Men Rasululloh
sallallohu alayhi va sallamga aytgan so‘zlaringga amal qilib keldim. Gunohlarim bo‘lsa
o‘zing jazo bergaysan. Bu dunyoda qolayotganlarning iymonini ber, go‘daklarning
rahmini ye. Bu qiyomat azoblariga go‘daklarni duchor qilma...
Jahongirning uyg‘onib, o‘g‘rincha quloq tutib yotganini sezib, norozi bo‘lganday endi
pichirlashga o‘tdi. So‘ng yuziga fotiha tortdi. Lekin shundan keyin ham o‘rnidan jilmadi.
U ko‘zini bir nuqtaga tikkancha qotib o‘tirardi. Jahongir ovoz chiqarib uni chaqirishni
ham, indamay yotaverishni ham bilmay garang edi.
Notanish odam — Zokirxo‘ja edi. Jahongir o‘sha kuni tong otib, poezd jilgach, u bilan
tanishdi. Biroq erta sahardagi ibodatdan so‘z ochmadi. Tonggi munojotning sababini
Zokirxo‘ja ancha keyin, o‘limi haq ekanini fahmlaganda aytib berdi.
O‘sha tongda u uzlatga chekingan edi. Zokirxo‘ja tun qorong‘usida bir chimdimgina
uxladi. Ana shu bir chimdim uyqusida akasi bilan uchrashdi. Hibsga olinganidan beri
tushlarida ko‘p ko‘rdi akasini. Tushida ko‘rganida ham, xayolida tiriltirganida ham akasi
bilan ko‘p bahslashar edi. Bugun... akasi indamadi. Og‘zini ochib gapirmoqchi bo‘ldi-yu,
gapirolmadi. Zokirxo‘ja akasiga qarab qo‘rqib ketdi — uning tili kesib tashlangan edi...
Shu qo‘rquv bilan uyg‘onib, Ollohga sig‘inganicha moziyga chekindi. Qotib o‘tirib o‘sha
so‘nggi uchrashuvni esladi...
Ko‘ngil yaralariga malham baxsh etishga qasd qilgan ko‘klam dalalar, qirlarni uyg‘otib
tog‘ning gadoy topmas so‘qmoqlarigacha yetib keldi. Yigirmanchi yilning bahori yigirma
besh oydan beri issiq go‘shasidan yiroqlarda yashayotgan odamlarga tashvishli xabar
yetkazdi. Bahorga chiqib, birlashib, g‘animlarga so‘nggi zarba berilishini kutayotgan
islom lashkarlari amiralmuslimin Madaminbekning qizillar bilan sulh tuzganini eshitib,
hayratdan dong qotdilar. O‘tgan bahor mo‘’minlarga va’z ayta turib, «Ahli muslim, yer
yuzin lolazor tutdi demanglar, bu shahidlar yuragidan oqqan qondir. Muqaddas lolazorni
kofirlar qadami toptar ekan, yorug‘ dunyo bizga haromdir», degan Zokirxo‘ja bu xabarni
eshitganidan beri o‘ziga kelolmaydi. Nazarida o‘sha ondan boshlab quyosh harorat emas,
sovuq nafas ufurayotgandek vujudi muzlaydi. O‘n kun ilgari yechib tashlagan po‘stiniga