www.ziyouz.com kutubxonasi
25
«Muzokara» deb atalmish bu uchrashuv kutilmaganda tez tugadi. Madaminbekning
aytar gaplari o‘zi bilan ketdi. Kim haq, kim nohaqligi sir bo‘lib qoldi. Zokirxo‘ja
tashqariga chiqib Madaminbekning chopib tashlangan odamlarini ko‘rdi. Shahidlar
orasida akasini topmay, ko‘ngli bir qadar tinchidi. Akasining pistirmalarni dog‘da qoldirib,
qishloqdan qanday chiqib ketganini bilmaydi. Qo‘rboshi Qashqardan panoh topib, o‘zi
esa uyiga qaytgach, akasini bir martagina ko‘rdi. «Minnat bo‘lmasin», deb o‘sha
mash’um kechani eslamadi.
Zokirxo‘jani hibsga olganlarini akasi ko‘rdi. Biroq oraga tushmadi. Bir og‘iz gapirmadi
ham. Aytiladigan so‘zlar qiyomatga qoldi. U shundan alamda.
Sovuq o‘lkada terlamadan holdan ketib jon taslim qilayotgan Zokirxo‘ja umrining bir
chimdimi haqidagi hikoyani Jahongirga aytib bergan edi. Boshga tushib ko‘z ko‘rgan
o‘zga voqealarni esa xotirasining zimiston chodiriga o‘rab yer bag‘riga o‘zi bilan olib
ketdi.
Zokirxo‘janing sovuq o‘lkadagi bir necha kunlik umri, bir chimdim hikoyasi necha
yillardan beri Jahongir bilan tirik yuribdi. Jahongir Zokirxo‘janing omonat gaplarini
topshiray deb uning akasini ikki marta qidirdi. Birinchi gal uchrata olmadi — uzoq
safarda ekan. Ikkinchi marta xunuk xabar eshitdi — Mirsharopov bilan birga qamoqqa
olinib, otib tashlanibdi — u xalq dushmani ekan...
Jahongir hozir ana shularni esladi. «Zokirxo‘ja akasiga so‘nggi so‘zini ayta olmadi. U
ham shunday bo‘lgandir. Qiziq, akasi qo‘liga kishan urilganda Zokirxo‘jani yodga oldimi?
Oraga tushib ukasini qutqarib qololmaganidan o‘kindimi? U dunyoda aka-uka uchrashib
nimalarni gaplashdilar ekan?..» Shu savoldan Jahongirning yuragi hapqirdi. O‘zlari-chi?
Hademay u dunyoda diydor ko‘rishganlarida nimalarni gaplashadilar?
Sasib ketgan qamoqxonada bedor yotgan Jahongirning miyasini shu savollar kemirar
edi.