NAMIMAT
Namimat deb so’z yurutmak, chaqimchilikni aytilur. Nammomlik fasodi axloqdan tug’uladurgan
yomon xulqlarning biridur. Nammomlik nifoq va fasadning asosi o’ldig’i uchun bu yomon sifatni o’ziga
maslak qilgan kishilar xalq nazarida munofiq yod o’lunurlar. Ikki mo’min orasida so’z yurutub, birini
biriga dushman qilub, ikki oraga nifoq va adovat otashlarini solub, bir-biridan judo va xonavayron
qilmakni dilida zarra qadar imon va insoniyati bor insonlarning vijdonlari aslo qabul qilmasa kerak.
Ba’zi adovat va xasadchi kishilar birovning sha’nida yo’q so’zlarni iftiro va bo’hton qilub, ul kishini qadr
va obro’sini to’kmak va e’tibordan tushurmak niyatida har kimga so’zlab yururlar. Munday kishilarni
shariatda shahodatlari maqbul emasdur , hamda uydurma so’zlarining haqiqati bilinub qolub, birovga
qazigan chuqurlariga o’zlari yiqilub, xalq orasida chaqimchilik ismi ila yod o’lunub, tezgina qadr va
e’tibordan tushub qolur. Qalbi pok va vijdoni salomat o’lan inson bu kabi hiyla va tazvirdan tilini tiyar.
Chunki munday fasod axloqg’a mubtalo bo’lgan arbobi nifoq faqat xalq qoshida emas, janobi Haq
nazarinda ham suyumsizdur.
Nammom va g’iybatchi kishilar daraxt ildiziga tushgan buzog’bosh kabi xalq orasida ittifoq va
ulfatning kavokini kemurub, umumiy xalq va millatning yashamog’i uchun lozim bo’lgan muhabbat
daraxtini yemururlar. Birovni yomonlamak, yolg’on so’ylamak, haqiqatni berkitmak, mudohana yo’lig’a
ketmak, shar ’an harom bo’lgan g’iybatni irtikob qilmak bo’ladur. Shaxsiy g’araz yoxud manfaati
shaxsiyasi uchun bir kishidan eshitgan so’zini o’z maqsadiga muvofiq bir necha turli ma’nolar ila
buzub so’ylamak zo’r ayb va gunohdur.
Hosili kalom, o’z jinsiga yomonlik qilmak va yomon so’zlar ila yod qilmakni odat qilgan kishilardan
qochmak va hazar qilmak lozimdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam
afandimiz: «As’hobimdan biri ikkinchisining so’zin keturmasun, zeroki, man sizga sadrim salomat,
qalbim rohat o’ldug’im holda uchramakni suyaram», – demishlar.
Hukamolardan biri: «Mol va ashyo o’g’rilaridan ko’proq odamlar orasidan do’stlik, ulfat,
muhabbatni o’g’irlaydurgan odamlardan saqlanmak lozimdur», – demish.
Dostları ilə paylaş: |