Tuzuvchilar: Z. Asqarova - UrDPI “Pedagogika, boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi stajor o‘qituvchisi
Taqrizchi: A. Atajonova UrDPI “Pedagogika, boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi f.f.n. dots.
O‘quv uslubiy majmua Pedagogika fakulteti Kengashining 2022 – yil ________ dagi majlisida muhokama qilingan. Bayonnoma № ___
Fakultet Kengashi raisi: _________________
O‘quv uslubiy majmua institut Kengashining 2022-yil “ ___” ___ dagi “ ___ ” - sonli bayoni bilan tasdiqlangan.
M U N D A R I J A
Fan yuzasidan ma’ruza mashg`ulotlari…………………….
Fan yuzasidan seminar va amaliy mashg`ulotlar………….
Mustaqil ta’lim mashg`ulotlari………………………………
Glossariy………………………………………………………
Ilovalar:
Fan dasturi ...…………………………………………………..
Ishchi fan dasturi………………………………………………
Tarqatma material
Testlar…………………………………………………………..
Baholash mezonlari bo`yicha uslubiy ko`rsatmalar…………
Boshqa materiallar
O`UM ning elektron varianti
FAN YUZASIDAN MA’RUZA MASHG`ULOTLARI
IV-MODUL. Boshlang’ich sinflarda ona tili kursi.
1-mavzu: Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi fanining predmeti va vazifalari. Til ta’limida innovatsion pedagogik texnologiyalar. Ona tilidan Davlat ta’lim standarti va o’quv dasturi mazmuni. Boshlang’ich sinf ona tili ta’limida nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni shakllantirish metodikasi.
Reja:
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi fanining predmeti va vazifalari.
Til ta’limida innovatsion pedagogik texnologiyalar.
Ona tilidan Davlat ta’lim standarti va o’quv dasturi mazmuni.
Boshlang’ich sinf ona tili ta’limida nutqiy va lingvistik kompetensiyalarni shakllantirish metodikasi.
Tayanch so`z va iboralari: grammatika, fonetika, savod o’rgatish metodikasi, grammatika va imlo o’quvchilarda bog’lanishli nutqni o’stirish metodikasi, “Ta’lim to’g’risida”gi qonun,”Kadrlar tayyorlash” Milliy dasturi, til ma’nolari, tilga sezgirlik, empirik metod, eksperimental tekshirish,til ma’nolarini tushunish tamoyili, nutqning ifodaliligiga baho berish tamoyili, orfoepik va orfografik qoidalar, og’zaki qayta hikoyalash.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi pedagogik fanlar qatorida o`quvchilarga boshlang`ich til asoslarini o`rgatish, adabiy ta`lim orqali borliq va jamiyat haqida tushuncha berish, o`quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish, kamol toptirish kabi amaliy ishlar nazariyasini ishlab chiqadi. Boshlang’ich sinflarda ona tili o`qitish metodikasi o’z predmetiga ega bo’lib, u o’zining maqsad va vazifalarini davlatimizning me`yoriy hujjatlari va ta’lim to’g’risidagi qonun hamda qarorlari asosida belgilaydi.
Ona tili va o`qish darslari (adabiy ta`lim) umumta`lim maktablarida asosiy o`quv predmetlaridan biri hisoblanadi. Boshlang`ich sinf o`qituvchisining kasbiy mahorati mazkur predmetning mazmuni va o`qitish metodlarini qay darajada egallab olishiga bog`liq.
Talabalarni bo`lajak boshlang`ich ta`lim o`qituvchisi sifatida ularning hozirgi zamon metod, usul, shakl va vositalardan foydalanish qobiliyatini tarkib toptirish, dastur talablari asosida o`quvchilarda bilim, ko`nikma va malakalarni shakllantirish, shaxsini har tomonlama rivojlantirish ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishlariga tayyorlashdir.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi o’quv predmetlarining mazmunidan, o’quvchilarning hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda metod, usul va o’qitish vositalarini tanlaydi. “Metod” yunoncha “metodos” so’zidan olingan bo’lib, “bilish va tadqiqot yo’li”, “nazariya”, “ta’limot” kabi ma’nolarni bildiradi. “Metod” tushunchasi falsafiy va didaktik ma’nolarga ega. Falsafiy ma’noda “metod” tabiat va jamiyat hodisalarini kuzatish hamda voqealikka ilmiy nuqtai nazardan yondashish demakdir. Didaktik ma’noda bu tushuncha o’quvchilarni bilim, malaka va ko’nikmalar bilan qurollantirish yo’llarini ifodalaydi.
“Metod” usullar majmuidan iborat. Masalan, “Otlarning kelishik qo’shimchalari bilan qo’llanishi” mavzusini yarim izlanishli muammoli metodda o’qitishda o’quvchini muammoli izlanishga undovchi vaziyatlarni yuzaga keltirishga doir turli usullardan foydalaniladi. Til materiallarini o’quvchi o’qiydi (to’g’ri o’qish, me’yorida o’qish, ifodali o’qish, tushunib o’qish kabi o’qish texnikasini qo’llaydi), kuzatadi (kuzatish usuli), o’xshash va farqli xususiyatlarini aniqlaydi (taqqoslash usuli), so’zlarning shakliga qarab guruhlaydi (guruhlash usuli), ma’lumotlarni umumlashtiradi (umumlashtirish usuli) va hokazo. Bular aqliy faoliyatni ishga solishda qo’llaniladigan usullar, ya’ni o’quvchining fikrlash faoliyatini muammoli va izlanishli vaziyatga solish usullari. Ta`limiy usullar o’quvchilarning aqliy va amaliy ishlarining o`ziga xos xususiyatlari bo`lib, mazkur metodda tavsiya etilgan materiallarni o’zlashtirish shaklini to’ldiradi. Masalan, o’qituvchi dars jarayonida eslab qolish usuliga murojaat qilinganda usul metoddan ajraladi, ko’nikma, malakalarni shakllantirish ahamiyatini yo’qotadi.
Voqelik haqidagi fanlarning kelib chiqishi, rivojlanishi bilan fanlarda qo’llaniladigan metodlar - yo’l-o’riqlar ham takomillasha boradi.
Fan metodlarining asosiy mazmunini amaliyotda sinalgan ilmiy-nazariy qonuniyatlar tashkil etadi. O`z navbatida metodlar ilmiy nazariyalarning vujudga kelishiga vosita bo’ladi.
Metodlar voqelikni qamrab olish jihatidan 3 turga bo’linadi:
Barcha fanlarda qo’llanadigan umumiy, universal metodlar. Masalan, borliqni bilish nazariyasiga oid metodlar boshqa fanlar kabi ona tili o’qitish metodikasining ham metodologik asosi sanaladi.
Umumiy bilish metodlari quyidagilardan iborat: a) empirik ( muayyan tajribaga asoslangan) metod, amaliy metod nazariy bosqichga o’tishda qo`llaniladi; b) nazariy metod.
Xususiy yoki maxsus metodlarga ayrim fanlar doirasida qo’llaniladigan metodlar kiradi.
Usul – biror ishni amalga oshirish yo’li, harakat tarzi, xili, tartibini anglatadi.
Boshlang’ich sinflarda til va adabiy ta`limni o’qitish metodikasida amaliy metodlardan ham, nazariy metodlardan ham foydalanish tavsiya etiladi. Amaliy metodlarga mavzu, matn va rasmlar yuzasidan savol hamda topshiriqlar tuzish, rasm asosida gap tuzish, matn mazmunini to`ldirish, matn yaratish; matnni qismlarga bo’lish, matnga reja tuzish; matnga sarlavha topish; matn bilan rasm o`rtasidagi bog`lanishni aniqlash, gap va matnning badiiy hamda lingvistik tahlili kabilar kiradi.
Boshlang’ich sinflarda til va adabiy ta`limni o’qitishda ta`lim vositasi istilohi ham bot-bot qo`llanadi. “Vosita” – arabcha so’z bo`1ib: 1) chora, tadbir, usul; 2) o’rta, o’rtadagi ma`nolarini bildiradi. Ona tili ta`limida ta`limiy maqsadga erishish uchun xizmat qiladigan narsa -predmetlar, ko`rgazma qurollar ham ta`limiy vositaga kiradi. Shuningdek, ona tili ta`limida tashkil etiladigan mustaqil ishlar mavzuni izlanish asosida ongli o’zlashtirish vositasiga ham, metodiga ham kiritiladi.
O`qitish metodikasi taraqqiyotida mustaqil ishlar V.V.Davidov, N.G.Dayri, M.A.Danilova, B.P.Esipov, N.A.Menchinskiy, I.T.Ogorodnikov kabi pedagogpsixologlar tomonidan didaktikaning asosiy konsepsiyalaridan biri sifatida qaralsa, V.K.Buryak, L.V.Jarovalar mustaqil ishni metod sifatida talqin qiladi. B.P.Esipov, M.M.Moro, T.I.Shamovalar mustaqil ishlar o’quv faoliyatining shakli;
P.I.Pidkasistiy esa o’quvchilarning mustaqil bilish faoliyatining vositasi sifatida ko’rsatadilar. Taniqli ruhshunos olimlar: A.N.Leontev, P.Ya. Galperin, I.A.Zimnya, D.B. Elkonin, N. Boymurodovlar ishlab chiqqan mustaqil faoliyatni shakllantirishning psixologik konsepsiyasida mustaqil ishlarga shaxsning bilish faolligini oshiruvchi omil sifatida qaraladi.
Adabiyotlarning nazariy tahlili mustaqil ishlarga uch xil qarash mavjudligini ko’rsatdi. Ya’ni mustaqil ishlar ta’lim metodi, o’quv faoliyatini tashkil etish shakli, o’quvchilarning bilish faolligini oshiruvchi vosita sifatida talqin etiladi. Bu borada milliy metodikada ham qat`iy xulosaga kelingan emas.
“Metodika” (yun. “metodike”) biror ishni bajarish, amalga oshirish, ado etish metodlarining, usullarining yig’indisi yoki o’qitish usullari haqidagi ta’limot - ta’lim berish metodlari, yo’llari va vositalari haqidagi fandir. Boshlang’ich sinflarda til va adabiy ta`limni o’qitish metodikasi boshlang’ich ta’lim oldiga qo’yilgan ta’lim va tarbiyaviy vazifalardan kelib chiqib, ona tili va adabiy ta`limni o’rgatishning vazifalarini va mazmunini belgilaydi, ta’lim-tarbiya berish jarayonini tekshiradi, shu jarayonning qonuniyatlarini va ta’lim berish usullarining ilmiy asoslangan tizimini belgilaydi.
Ta’lim beruvchi mutaxassis didaktik jarayon, metod, usul, vosita, pedagogic omil, metodik omil, o`quv materialini rejalashtirish istilohlarining ma’nolarini bilishi, farqlashi lozim.
Ta`limning samaradorligi ko’p jihatdan o`qituvchi tomonidan didaktik jarayonni to`g`ri tashkil etishiga bog`liq. Didaktik jarayom barcha ta’lim muassasalarida pedagoglar uchun eng muhimi hisoblanadi. Didaktik jarayon shaxsning tanlovni amalga oshirishi uchun muhim yo’nalish hisoblanadi. Mazkur jarayonda muayyan o’quv vositalari o’zlashtiriladi va qo’llaniladi. Didaktik jarayonning tarkibi 3 ta o’zaro aloqador qismlarni o`z ichiga oladi: 1) o’quvchilarni yo’naltiruvchi; 2) o’quvchilarning shaxsiy bilish faoliyatlarini amalga oshiruvchi; 3) o’qituvchi tomonidan mazkur faoliyatning boshqarilishini ta’minlovchi qismlar. Ushbu qismlar barcha didaktik jarayonlarda birday amal qiladi.
O`qituvchi ta`lim jarayonida o’quv materiali, tashkiliy-pedogogik ta’sir ko`rsatishni ta`minlashi, o’quvchilarning o’qimishlilik darajasi, vaqt kabi didaktik omillarni hisobga olishi lozim.
Didaktik vositalar- tarqatma materiallar, muayyan fanni o’qitishda zarur bo’lgan jihozlar, modellar, maketlar, ko’rgazmalar, kompyuterli texnik vositalar, asbob-uskuna va mahsulotlar majmui.
Boshlang’ich sinflarda ona tili va adabiy ta`limni o’qitish metodikasi fani o’zining o’rganish ob’ektiga ega bo’lib, u o’quvchilarga bilim berishda, ko’nikma va malakalarni shakllantirishda samarali metod va vositalarni tanlash, ularni ta’lim jarayoniga tadbiq etish, o’qitishning samaradorligini oshirish kabi masalalar bilan shug’ullanadi.
Ma`lumki, 2020-yil 2-fevralda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev jahon miqyosida “O`qish va uni tushunish sifati” bo`yicha olib borilayotgan tadqiqot dasturini o`rganish bo`yicha ta`lim muassasalariga ko`rsatma berdi. 2021- yildan Pisa va Pirls nazorat dasturida ishtirok etish rejalashtirildi.
Ta`lim sifatini jahon standartlariga javob bera oladigan darajaga ko`tarish o`qitish shakllari, metodlari va usullarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi fanining ob`ekti va predmeti. Ma`lumki, har bir fanning o`ziga xos ob`yekti va o`rganish predmeti bo`ladi. Ob`ekt - ma`lum fan tomonidan o`rganilayotgan haqiqat sohasi. Predmet esa tadqiqot davomida aniqlanadigan aloqalar, munosabatlar, qonuniyatlar, shuning uchun bir fan doirasida ko`plab tadqiqot ob`yektlari bo`ladi. Boshlang`ich sinfda ona tilini o`qitish metodikasining predmeti - o’quvchilarga o’zbek tilini o’rgatish yo’llari va vositalari yordamida ona tilini egallash, ya’ni nutqni, o’qish va yozishni, grammatika va imloni o’zlashtirib olish to’g’risidagi ilm. Boshlang`ich sinfda bolalar adabiyoti namunalari asosida bolalarni badiiy tarbiyalashning maqsadi, mazmuni va usullari, ta`lim resurslari adabiy ta`limning predmetidir.
Ona tili asoslarini va adabiy ta`limni o`qitish metodikasi quyidagi masalalarni o’rganadi:
1. O’qitishning vazifalari va mazmunini aniqlaydi. Nimani o’qitish kerak? savoliga javob beradi, ya’ni boshlang’ich sinflar ona tili kursining dasturlarini, ta’lim mazmunini belgilab beradi, o’quvchilar uchun darsliklar va qo’llanmalar yaratib, ularni takomillashtirib, samaradorligi va muvofiqligini doimiy nazorat qilib boradi.
2. O’qitish metodlari, tamoyillari, usullari, dars va uning turlarini, o’quvchilar amaliy ishlari, mashqlar va yozma ishlarning izchil tizimini ishlab chiqadi, ya’ni “Qanday o’qitish kerak?” savoliga javob tayyorlab beradi.
3. O’quvchilarga ona tilidan bilim berish va ko’nikma hosil qilishda ilmiy nuqtai nazardan eng foydali shart-sharoitlar haqidagi masalalarni hal qiladi, ya’ni “Nega xuddi mana shunday o’qitish kerak?” savoliga javob tayyorlaydi. Eng foydali materiallarni o’rganadi, tanlangan metodlarni asoslaydi, tavsiyalarni eksperimental tekshiradi.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi yuqori sinflarda ona tili o’qitish metodikasining dastlabki bosqichi bo’lib, u tekshiradigan masalalarni boshlang’ich sinf o’quvchilariga tadbiqan (muvofiq ravishda) o’rgatadi. Shu bilan birga, boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasining o’ziga xos xususiyatlari ham mavjud. Boshlang’ich sinflarda ona tilini o’qitish grammatika, imlo va unga bog’liq holda nutq o’stirish metodikasinigina emas, balki xat-savod o’rgatish, sinfda va sinfdan tashqari o’qish metodikalarini ham o’z ichiga oladi.
Shulardan kelib chiqib, boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi fani quyidagi vazifalarni bajaradi:
a) boshlang’ich sinflarda ona tili kursining mazmuni, hajmi va mavjud tizimini, ya’ni kursning (xat-savod o’rgatish, o’qish, grammatika va imlo, nutq o’stirish va h.k.) dasturini belgilash va asoslash;
b) o’qish va yozuvdan bilim va ko’nikmalarning shakllanishi jarayonini hamda bu jarayonda o’quvchilar duch keladigan qiyinchiliklarni o’rganish, xatolarning sababini tahlil qilish, ularning oldini olish va to’g’rilashga yordam beradigan ish turlarini ishlab chiqish;
v) ona tilidan beriladigan o’quv materialini o’quvchilar aniq tushunishi va puxta o’zlashtirishiga, ularda olgan bilimlarini amaliyotda tatbiq eta olish va ularning zehnini, xotirasini, kuzatuvchanligini, yodda saqlashini, mantiqiy, ijodiy tafakkurini, nutqini o’stirishga yordam beradigan metod va vositalarni ishlab chiqish;
g) ona tilini o’rgatish bilan bog’liq holda boshlang`ich ta`lim oldiga qo’yilgan tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirish, o’quvchilarda axloqiy va estetik sifatlarni shakllantirish.
Ona tili o’qitish metodikasi ta’limning turli bosqichlarida o’quvchilarning bilim, ko’nikma va malakalarini aniqlaydi, o’qishning muvaffaqiyati va kamchiliklarini belgilaydi, sababini o`rganadi, xato va kamchiliklarni bartaraf etish usullarini topadi.
Ona tili o`qitish metodikasi ta’lim tizimining barcha bosqichlirida ona tilini o’qitishning izchillik va uzluksizligini ta’minlaydi. Maktabgacha ta`lim muassasalarida, asosan, bolalarning nutqini o’stirish nazarda tutiladi. Boshlang’ich sinflarda o’quvchilar nutqini o’stirishdan tashqari, ona tilidan elementar nazariy tushunchalarni amaliy o’zlashtirishlariga ham amal qilinadi.
Boshlang’ich sinflarda ona tili o’qitish metodikasi fani quyidagi bo’limlarni o’z ichiga oladi:
I bo`lim. Savod o’rgatish metodikasi. Savod o`rgatish metodikasi kichik yoshdagi o`quvchilarni elementar o’qish va yozishga o’rgatish metod va usularini aniqlash va ularni ta`lim jarayoniga tadbiq etish masalalari bilan shug`ullanadi.
Bolalarga savod o’rgatish pedagogika fanidagina emas, balki ijtimoiy hayotda ham juda jiddiy masalalardan hisoblanadi. Chunki xalqning savodxonligi milliy istiqlol g`oyalaridan oziqlanish uchun, siyosiy onglilik uchun, yuksak ma`naviy madaniyat uchun kurash qurolidir. Hozirgi globallashuv sharoitida Respublikada har bir kishining savodxon bo’lishiga alohida e’tibor berilishi huquqiy demokratik davlat qurilishi talablariga muvofiqdir.
II bo`lim. Husnixatga o`rgatish metodikasi. O`quvchilarni davlat ta`lim standarti talablari asosida yozuvga o`rgatish masalalari bilan shug`ullanadi.
III bo`lim. Sinfda o`qish va sinfdan tashqari o’qish metodikasi. Boshlang’ich sinflarda o’qish metodikasining predmetining vazifasi bolalar adabiyoti namunalari bilan tanishtirish o`rqali adabiyot sistematik kursiga tayyorlash, bolalarni to’g’ri, tez (me’yorida), ongli va ifodali o’qish malakalari bilan qurollantirish, badiiy asarlar matni tahlili orqali o`quvchilarni ma`naviy-axloqiy tarbiyalash, adabiyotni san`at asari sifatida idrok etish ruhida tarbiyalash, mustaqil o`qish ko`nikmalarini rivojlantirish vazifasi amalga oshiriladi.
IV bo`lim. Grammatika, fonetika, imlo va so’z yasalishini o’rganish metodikasi. Bu bo’lim elementar to’g’ri yozuvga va husnixatga o’rgatishni, grammatik tushunchalar, boshlang’ich imlo malakalarini shakllantirishni nazarda tutadi.
V bo`lim. Nutq o’stirish metodikasi. Bu bo’lim boshlang’ich sinflarda alohida o’rin tutadi. O`quvchilar birinchi navbatda tilni, nutqni o’quv predmeti sifatida anglaydilar, ular xohlagan va qiziqarli narsalarnigina emas, balki zaruriy narsa va hodisalar haqida o’ylab, rejali nutq tuzish zarurligini ham tushuna boshlaydilar. Ular o’zining grafik shakli bilangina emas, balki leksikasi, sintaktik va morfologik shakli bilan ham og’zaki nutqdan farq qiladigan yozma nutqni ham egallaydilar. Metodika o`quvchilar nutqini boyitish, sintaktik va bog’lanishli nutqini o’stirishni ham ta’minlaydi. Shuni aytib o’tish kerakki, bog’lanishli nutq maktablarda alohida bo’lim sifatida o’rganilmaydi, balki ona tili fanining boshqa bo’limlari bilan bog’langan holda shakllantiriladi.
VI bo`lim. Ona tilidan sinfdan tashqari ishlar. Bu bo`limda talabalar ona tilidan sinfdan tashqari ishlarning maqsadi, mazmuni, shakllari va vositalari bilan tanishtiriladi. Sinfdan tashqari ishlarda o`quvchilarning qiziqishlariga tayangan holda ularning tilning muayyan sohalarini chuqurroq anglashlariga erishish, ijodiy faoliaytga yo`llash nazarda tutiladi.
Boshlang`ich sinf o`qituvchilarining ta`limiy savodxonligiga erishish orqali ularni ijtimoiy jamiyatning faol ishtirokchilariga aylantirishning “odamzotga xos eng yuksak ma`naviy va jismoniy barkamollikni mujassam etgan”, “yangilanayotgan jamiyatimizda sog`lom avlodni tarbiyalash”, “erkin fuqaro ma`naviyatini shakllantirish”,”ma`naviy-ma`rifiy ishlarni yuksak darajaga ko`tarish orqali barkamol insonlarni voyaga yetkazishga” qodir shaxslarni tarkib toptirish boshlang`ich sinf ona tili o`qitish metodikasi zimmasiga ham katta mas`uliyat yuklaydi.
Ona tili boshqa fanlarni o’qitish vositasi hamdir: jamiyat tarixi ham, tabiiy fanlar ham ona tili yordamida o’rganiladi. Demak, ona tili bolaning umumiy kamol topishida ham, bilim va mehnatga havasini uyg’otishda ham alohida o’rin tutadi.
Til muhim tarbiya vositasidir. Badiiy adabiyotlarni, gazeta, jurnallarni o’qigan bola o’zida eng yaxshi xislatlarni tarbiyalab boradi, muomala madaniyatini egallaydi.
Ona tili boshlang’ich sinflarda asosiy o’rinni egallar ekan, har bir o’quvchida ona tiliga qiziqish va muhabbatni tarbiyalab borish zarur.
Boshlang’ich sinflarda ona tili mashg’ulotlari turi va mazmuni quyidagilarni o’z ichiga oladi:
1. O’qish, yozuv, grammatik materialni o’rganish, kuzatishlar hamda o’quvchilarning ijtimoiy faoliyatlari bilan bog’liq holda, ularning og’zaki va yozma nutqini o’stirish.
2. Birinchi sinfga kelgan bolalarga savod o’rgatish, ya’ni ularni elementar o’qish va yozishga o’rgatish, bu ko’nikmalarni malakaga aylantirish.
3. Adabiy til me’yorlarini, ya’ni imloviy va tinish belgilariga rioya qilingan savodli va husnixat bilan yozuvni, to’g’ri talaffuzni o’rganish, nutq va uslubiy elementlarni egallash.
4. Grammatika, fonetika, leksikologiyadan nazariy materiallarni o’rganish, tildan ilmiy tushunchalarini shakllantirish.
5. O’quvchilarni o’qish va grammatika darslari orqali badiiy, ilmiy-ommabop va boshqa adabiyotlar namunasi bilan tanishtirish, ularda tabiiy asarni idrok etish ko’nikmasini hosil qilish.
Bu vazifalarning hammasini boshlang’ich sinflarda ona tili predmeti hal etadi va ular ona tili dasturida aks etadi. Dastur davlat hujjati bo’lib, unda o’quv predmetining mazmuni va hajmi, shuningdek, shu predmetdan bilim, ko’nikma va malakalar darajasiga qo’yilgan asosiy talablar belgilangan bo’ladi. O’qituvchi va o’quvchilar dastur talablari asosida ish olib boradilar. Boshlang’ich sinflarning ona tili dasturi ikki qismdan iborat:
1. Tushuntirish xati.
2. Asosiy qismi.
Tushuntirish xatida ona tili predmetining tutgan o’rni, uning vazifalari ko’rsatilib, metodik yo’l-yo’riqlar beriladi.
Dasturning asosiy qismi quyidagi bo’limlardan tashkil topgan bo’lib, ularda har bir sinfda o’quvchilar o’zlashtirishi lozim bo’lgan bilim va ko’nikmalar ko’rsatiladi:
1. Savod o’rgatish va nutq o’stirish.
2. Sinfda, sinfdan tashqari o’qish va nutq o’stirish.
3. Fonetika, grammatika, imlo va nutq o’stirish.
Dasturda savod o`rgatish jarayoni dekabr oyining oxirigacha davom etishi, savod o`rgatish ikki davrni (alifbega tayyorgarlik davri va alifbe davri) o`z ichiga olishi, savod o`rgatishning tahlil-tarkib (analitik-sintetik) tovush usulida amalga oshirilishi, tahlil butundan bo`lakka (nutqdan gapni, gapdan so`zni, so`zdan bo`g`inni, bo`g`indan tovushni ajratish) yoki bo`lakdan butunga (tovush>bo`g`in>so`z>gap>nutq kabi uzviy aloqada) qarab tahlil-tarkib amalga oshirilishi qayd qilingan. Tahlil-tarkib metodida olib borilgan ta`limiy ishlar o`quvchilarning tafakkur faoliyatini onglilik, tushunarlilik, mantiqiylik, didaktik mezonlar asosida rivojlantirish imkoniyatini vujudga keltiradi. Dasturda ta`limning ilk davridanoq o`quvchilar lug`atini yangi so`zlar hisobiga boyitib borish alohida qayd etiladi.
Alifbe davrida darslikdagi yangi so`zlar, matn, kichik hikoya va she`rlardan foydalanib, o`quvchilarni so`z ma`nosi bilan atroflicha tanishtirishda, she`riy matnlarni yodlatish, nasriy matnlarni qayta hikoyalatish nazardan tutilgan.
Savod o`rgatish darslari tildan dastlabki tushunchalarni asoslarini “Sinfda, sinfdan tashqari o’qish va nutq o’stirish” “Sinfda o’qish”, “Sinfdan tashqari o’qish”, “O’qish mavzulari”, “O’qish ko’nikmalari”, «Matn ustida ishlash” bo`limlarini o’z ichiga oladi.
“Fonetika, grammatika, imlo va nutq o’stirish” 1-sinfda “Tovushlar va harflar”, “So`z ma`nosi”, “Nutq va gap”; 2-sinfda “Tovushlar va harflar”, “So`z”, “Nutq va matn”; 3-sinf “Gap”, “So`z tarkibi”, “So`z turkumlari”; 4-sinf “Tovushlar va harflar“, ”Gap”, “Gap bo`laklari”, “Uyushiq bo`laklar”, “Undalma”, “So`z turkumlari” bo`limlarini o`z ichiga oladi.
XXI asr boshlaridan davlatimiz tomonidan ta`lim jarayoniga yangicha yondashish, jahon standarti talablari asosida ta`limni tashkil etish, ta`lim shakllarini ishlab chiqish masalasi kun tartibiga qo`yildi. Bu boshlang`ich sinf ona tili o`qitish metodikasi oldiga mas`uliyatli vazifalar yukladi. 2018-yil Republikasmizda uzviylashtrilgan Davlat ta’lim standarti va o’quv dasturida 1-4-sinflarda o’quvchilar ona tili va o’qish predmetlaridan o’qish texnikasi, matn mazmunini va o’zgalar fikrini anglash malakasi, fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi bo’yicha bilim, ko’nikma va malakalarning minimal darajasi belgilab berildi. Bu o’rinda ona tiliga katta vazifa yuklatildi: ona tili ta’limiga o’quv fani sifatidagina emas, balki butun ta’lim tizimini uyushtiruvchi ta’lim jarayoni sifatida qaraldi. Ona tili bo’yicha minimal talablar uch parametrli standart o’lchovi orqali aks ettirildi: o’qish texnikasi, o’zgalar fikrini va matn mazmunini anglash, fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi. Bu talablarni amalda bajarish ta’lim jarayoniga yangicha o’qitish texnologiyalarini tatbiq etishni taqozo qiladi.
Hozirda o’quvchilarga bilim berishda mustaqil ishlarni uyushtirish kabi metodik tavsiyalar tizimi ishlab chiqilmoqda, texnik vositalardan unumli foydalanish, ona tili ta`limga ta’limiy o’yinlarni joriy etish keng tus olmoqda, ta’lim jarayonida test topshiriqlaridan, turli boshqotirma va jadvallardan keng foydalangan holda mashg’ulotlar uyushtirish nazarda tutilmoqda.
O`quvchilar bilimini hisobga olishda jahon standartiga mos keladigan nazorat usullarini qo`llash bo`yicha tajriba-sinov ishlari amalga oshirilmoqda.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, ona tili o‘quv fani sifatida shakllanib, rivojlanishning murakkab yo‘lini bosib o‘tmoqda.
Dostları ilə paylaş: |