Mundarija: kirish 4 ibob ilk o`rta asrlarda vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti 4


-§. o`RTA OSIYO XALQLARI TURK XOQONLIGI DAVRIDA



Yüklə 0,5 Mb.
səhifə5/31
tarix13.12.2018
ölçüsü0,5 Mb.
#85812
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   31

4-§. o`RTA OSIYO XALQLARI TURK XOQONLIGI DAVRIDA


Tayanch tushunchalar: Turk xoqonligi. Xoqonlik boshqaruvi. Eftaliylar davlatining barham topishi. Xoqonlikning bo`linishi.

Xoqonlikning tashkil topishi


VI asr o`rtalarida Oltoy va Janubiy Sibirda yashagan turkiy qabilalarni birlashtirgan yangi davlat vujudga keldi. Bu davlat tarixga Turk xoqonligi nomi bilan kirgan. Uning asoschisi Bumin edi. 552-yilda Bumin "xoqon" deb e'lon qilindi.

Oltoy xoqonlikning markazi qilib belgilanadi. Turklarning g`arbga tomon yurishlariga Istami boshchilik qiladi. Unga "Yabg`u xoqon" degan unvon beriladi. Tez orada Yettisuv va Sharqiy Turkistonga tutashgan yurtlarda yashovchi turkiy qabilalar bo`ysundiriladi. 555-yildayoq turklar Sirdaryo va Orol dengizi bo`ylarigacha cho`zilgan keng o`lkalarni egallaydilar. Xoqonlik chegarasi Eftaliylar davlati hududlariga borib yondoshadi.

558-yilda turklar Yoyiq (Ural) va Itil (Volga) bo`ylarini zabt etadi. 575-576-yillarda Shimoliy Kavkazning bepoyon yerlarini egallab, Qrim yarim oroliga kirib boradilar. Sosoniylar Toxariston va Chag`oniyonni eftaliylardan tortib oladilar.

Eftaliylar davlatining qulashi


Turk xoqonligining eftaliylar bilan to`qnashishi muqarrar edi. Bunday murakkab siyosiy vaziyat xoqonlikni Eron, so`ngra Vizantiya bilan yaqinlashtiradi. Uzoq vaqt eftaliylar tazyiqida yashagan sosoniylar bu davlatning tamomila barbod bo`lishidan manfaatdor edi. Xusrav I Anushervon (531579) tashabbusi bilan yuzaga kelgan o`zaro harbiy ittifoq Eron shohining Istamiga kuyov bo`lishi orqali yanada mustahkamlanadi.

Eron askarlarining Balxga hujumi , ko`magida turklar 563-yilda Eftaliylar davlati yerlariga bostirib kiradilar. Parak (Chirchiq) vodiysi va uning markazi Choch shahri ishg`ol qilinadi. Sirdaryodan o`tib, Zarafshon vodiysiga kirib boradilar. Ular Samarqand, Kesh va Naxshabni egallab, Buxoroga yaqinlashadilar. Sakkiz kun davom etgan shiddatli jangda eftaliylar qo`shini yengiladi. Shunday qilib, janubdan Eron sosoniylaridan, shimoldan esa Turk xoqonligidan 563-567yillarda zarbaga uchragan Eftaliylar davlatibir asrdan oshiqroq hukmronlikdan so`ng, tamomila barbod bo`ladi. Natijada mag`lub davlatning merosi o`zaro bo`linib, Araudaryoning janubiy qirg`oqlarigacha bo`lgan viloyatlar Eron, uning sohillari bo`ylab Kaspiy dengizigacha cho`zilgan yerlar Turk xoqonligi tasarrufiga o`tadi. Eftaliylar davlati qulagach, vaziyat tubdan o`zgaradi. Endilikda o`z chegarasini shimoli-sharqqa tomon kengaytirib olgan Eron Amudaryodan to Suriyaga qadarli Ipak yo`li ustida haqiqiy sarbon bo`lib oladi. Uzoq Sharqdan Eron hududlarigacha karvon yo`li nazoratini o`z homiyligi ostiga olgan turklar esa Eron orqali Vizantiya bilan bevosita savdo qiladigan bo`ldi.

VI asrning 70-80- yillarida Enasoyning yuqori oqimidan to Amudaryo bo`ylarigacha, Manchjuriyadan to Kimmeriy (Qora dengiz) Bosforigacha cho`zilgan ulkan maydonda Turk xoqonligi tashkil topdi. Bu ulkan davlat Xitoy, Eron va Vizantiya kabi zamonasining yirik davlatlari bilan iqtisodiy va siyosiy munosabatlar o`rnatib, ular qatoridan munosib o`rinni egallaydi.

Buxorxudotlar dirhami.VIII asr.

Qo`sh tasvirli Chag`oniyon jez tangasi

Turk xoqonligining boshqaruvi


Turk xoqonligi qanchalik katta bo`lmasin, chinakam markazlashgan davlat emas edi. Uning asosi turkiy tilda so`zlashuvchi qabilalar ittifoqidan iborat bo`lgan. Bu ittifoqni xoqon boshqargan. Hukmdorning hokimiyati urug`-aymoq udumlariga tayangan harbiy-ma'muriy boshqaruvga asoslangan. Mamlakat ko`chmanchi chorvador va o`troq dehqon aholiga bo`linardi. Ko`chmanchi chorvador aholi "budun" yoki "qora budun" nomlari bilan yuntilgan. Budun o z navbatida qabilalar ittifoqi birlashmasini tashkil etardi. U "o`n o`q budun" yoki "o`n o`q el" deb - yuritilgan. O`n o`q budun yoki elning hokimi "yabg`u" yoki "jabg`u" nomi bilan atalardi. Yabg`u darajasiga faqat xoqon urug`iga qonqarindosh bo`lganlargina ko`tarilardi. Shu boisdan ba'zan u "yabg`u xoqon" deb ulug`langan. o`n o`q el sardori bir tuman (ya'ni o'n ming) suvoriyni safga tortar edi. Bunday harbiy bo`linmaning tumanboshisi “shad" deb yuritilgan.

o`rta Osiyoda hukmronlik o`rnatilgan dastlabki davrda turk xoqonlari mamlakatning o`troq aholi yashaydigan obod viloyatlarini ko`chmanchilar ixtiyoriga topshirsalar-da, ammo aholining ichki hayotiga deyarli aralashmaydilar. VI asrda Chirchiq, Zarafshon, Qashqadaryo va Amudaryo havzalarida o`ndan ortiq mayda hokimliklar mavjud edi. Ularning iqtisodiy va siyosiy boshqaruvi yerli sulola hukmdorlari qo`lida qoldirilib, turklar ulardan faqat boj va yasoq undirib olish bilan cheklanadilar.



Mustahkam markazlashgan davlat- bu barcha hududlari yagona hukmdor hokimiyati tomonidan idora qilinuvchi davlatdir.

Xokonlikning bo`linishi


Turk xoqonligi turli-tuman turkiy qabilalarni kuch bilan birlashtirish natijasida tuzilgan edi. Har bir qabilaning o`zi bir nechta urug` birlashmasidan iborat bo`lgan. Kattakatta qabilalar yoki qabilalar ittifoqi markaziy hokimiyatga bo`ysunmaslikka intilganlar. Turk xoqonligi tasarrufida bo`lgan hududlardagi hokimlar mustaqil bo`lishni istar edilar.

Bu omillar xoqonlikning mustahkam markazlashgan davlatga aylanishiga imkon bermagan. Bo`ysundirilgan hududlarni mahalliy hokimlar orqali boshqaruv tartibi xoqonlikni tobora zaiflashtira borgan. Buning ustiga, Vizantiya, Xitoy va Eron bilan doimiy raqobat xoqonlik ahvolini yanada og`irlashtirgan. Oqibatda, Turk xoqonligi VI asrning 80-yillari oxirlarida ikkiga - Sharqiy turk xoqonligi va g`arbiy turk xoqonligiga bo`linib ketadi.



Budun- chorvador aholi.

Xoqon- buyuk hukmdor,podshoh,imperator

Yabg`u hoqon- xoqon urug`idan bo`lgan el-yurt hokimi.

Shad- o`n ming qo`shin qo`mondoni

5§-G`arbiy Turk Xoqonligi

Tayanch tushunchalar: g`arbiy turk xoqonligi. Yabg'u. Boshqaruv tartibi. Ijtimoiy hayot. Abruy qo'zg'oloni.

Choch tangasi.VII asr



Mahaliy hokimlarga xoqon tomonidan yabg`u unvoni berilgan.

Xoqonlik hududlari va boshqaruv


g`arbiy turk xoqonligi tasarrufiga o`rta Osiyo va Sharqiy Turkistonning bir qismi kirardi. Uning markazi Yettisuv edi. g`arbiy xoqonlik ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan Sharqiy xoqonlikdan mutlaqo ajralib turardi. Sharqiy xoqonlik aholisining asosiy qismi chorvador ko`chmanchilar edi. g`arbiy xoqonlik aholisining kattagina qismi esa o`troq dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan mashg`ul edi.

VII asrning birinchi choragida g`arbiy xoqonlik nihoyatda kuchayadi. Uning sharqiy chegarasi Oltoyga, janubda esa Sind daryosi bo`ylariga borib taqaladi. Xoqon To`n yabg`u (618-630) hukmronlik qilgan davrda boshqaruv tartiblari isloh qilinadi. Viloyat hokimlarini xoqonlik ma'muriyati bilan bevosita bog`lash va ularning ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida mahalliy hukmdorlarga xoqonlikning "yabg`u" unvoni beriladi.

Natijada ular xoqonning noibiga aylanadilar. Shu bilan birga o`rta Osiyo, Sharqiy Turkiston va Toxaristonning deyarli mustaqil hokimliklari ustidan siyosiy nazorat kuchaytiriladi. Ular huzuriga xoqonlikning noiblari - tudunlar yuboriladi.

Biroq ichki kurash oqibatida g`arbiy turk xoqonligi zaiflashib boradi.


Ijtimoiy hayot


Turk xoqonligiga birlashgan aholining hayoti ham, xo`jaligi ham. turlicha edi. Ko`chmanchilarning asosiy mashg`uloti chorvachilik bo`lgan. Yilqichilik va tuyachilik muhim o`ringa ega edi. Chorvador ko`chmanchilar orasida mulkdorlar va ularning xizmatida esa ko`plab qul, cho`ri va xizmatkorlar bo`lardi. Mulkdorlarning eng yirik vakili xoqonning o`zi edi.

Xoqonlikda shaharlar va qishloqlar ko`p bo`lgan. Aholisi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq ishlari bilan shug`ullanardi. Dehqonchilikda asosan don ekinlari: bug`doy, arpa, sholi va tariq ekilardi. Paxta, beda ekish, bog`dorchilik va tut ko`chatlari o`tqizish hamda uy hayvonlarini boqish bilan shug`ullanilar edi.

Shahar hunarmandchiligida kulolchilik, to`qimachilik, sarrojlik, miskarlik, temirchilik va zargarlik ancha-muncha rivoj topgan edi. Shaharlarda hunarmandchilikning kengayishiga turklar katta ta'sir ko`rsatadilar. Chunki qadimda ularda kasb-hunarning ko`pgina sohalari nihoyatda rivoj topgan edi. Turk hunarmandlari yasagan zeb-ziynatlar va qurol-yarog`lar xilma-xilligi va nihoyatda puxtaligi bilan ayniqsa ajralib turardi. Farg`ona va Sug`dda oltin, mis, temir va simob, Iloq (Eloq)da qo`rg`oshin, kumush va oltin qazib olinardi.

Ichki va tashqi savdo-sotiq ishlari ham shahar aholisining asosiy mashg`ulotlaridan biri edi. Bu davrda ayniqsa Sug`d savdogarlarining mavqeyi baland edi. Xoqon savdo ahli bilan juda yaxshi munosabatda edi. Chunki xoqon boshliq turk mulkdorlari orttirgan boyliklarini savdo karvonlari orqali turli mamlakatlarga yuborar va tashqi savdodan katta foydaga ega bo`lar edi. Eron bilan munosabatlarning keskinlashuvi oqibatida bu davrda karvon yo`llari janubdan shimolga tomon ko`chgan edi.


Xalq qo`zg`olonlar


VII asrning birinchi yarmida g`arbiy turk xoqonligi bilan Xitoy o`rtasida iqtisodiy aloqalar ayniqsa faollashdi. Bu davrda Xitoyga to`qqiz marotaba savdo elchiligi yuboriladi. Birgina 627-yilning o`zida Buxoro, . Samarqand, Ishtixon va Ustrushona (Jizzax yasash va o`ratepa viloyatlari) dan birlashgan juda katta savdo karvoni Xitoyga yetib boradi.

Yabg'u - el yurt hokimi.

Tudun - viloyat hokimi

Sarrojlik — egar-jabduq

Shunday qilib, g`arbiy turk xoqonligiga birlashgan aholining dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug`ullangan o`troq qismi madaniy jihatdan ilg`or bo`lib, xoqonlikning ijtimoiy va iqtisodiy turmushida yetakchi rolni o`ynagan.

VI-VH asrlarda o`rta Osiyoda dehqonlar tomonidan yerlarni egallash jarayoni tobora avj olib, zulm kuchayadi. Yer va suvdan ajralib qashshoqlashib borayotgan ozod ziroatkorkashovarzlar mulkdor dehqonlar asoratiga tushib, qaram kadivarlarga aylanadi. Qashshoqlik, jabr-zulm va dehqonlar asoratiga qarshi aholi bosh ko`tarishga majbur bo`ladi. Shunday xalq qo`zg`olonlaridan biri 585-586-yillarda Buxoroda yuz beradi. Qo`zg`olonga xoqon xonadoniga mansub Abruy boshchilik qiladi. Qo`zg`olon natijasida Abruydan jabrlangan mulkdor dehqonlar va boy savdogarlar Buxoro viloyatini tark etib, Turkiston va Taroz atrofiga borib o`rnashadilar. Ular turk xoqoniga murojaat qilib, qo`zg`olonchilarga qarshi kurashda yordam berishni so`raganlar. Turk xoqoni Qoracho`rin o`g`li Sheri Kishvar (El Arslon) boshliq qo`shin yuboradi. Abruy o`ldirilib, qo`zg`olon bostiriladi. Kadivar va xizmatkorlar o`z xo`jayinlari - dehqonlarga qaytariladi.


Yüklə 0,5 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   31




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin