Bo‘linma - qamrovni karrali qismi, g‘isht teruvchi zvenoga bir necha smena davomida ish joyini o‘zgartirmasdan ishlashi uchun ajratilgan ish joyi.
Yarus - binoni balandligi bo‘yicha shartli chegaralangan bir qismi bo‘lib, u yerda bir smena davomida orayopmaga nisbatan o‘zgarmas balandlikda ishchilar g‘isht terish jarayonini bajaradilar. Bo‘linma qavat balandligiga va devor qalinligiga qarab, balandligi bo‘yicha 2... 3 yarusga bo‘linadi.
Bo‘linmalar soni va ularning o‘lchamlari zvenolarning mexnat unumdorligi va g‘isht terishdagi mexnat sarfiga qarab belgilanadi. Qalinligi ikki g‘ishtli oddiy devor terishda “ikkilik” zveno bilan bo‘linma uzunligi 12-17 m, “uchlik” zveno uchun 19-25 m va “beshlik” zveno uchun - 24-40 m ni tashkil etadi.
G‘isht terishda eng yuqori mexnat unumdorligi 60-80 sm balandlikda g‘isht terilganda bo‘ladi, nol sathida yoki balandlik 1.1...1.2 m bo‘lganda mehnat unumdorligi 50% largacha tushadi, shuning uchun shu chegaralarda yarus balandligi belgilanadi. Qavat balandligi 2,8 m devor qalinligi 2 g‘isht bo‘lsa, yarus balandligi 1,5 m deb qabul qilinadi, ya’ni qavatda 2 ta yarus qabul qilinadi. Agarda devor qalinligi 2 g‘ishtdan ko‘p bo‘lsa va qavat balandligi 3 m ortiq bo‘lsa qavat uch yarusga bo‘linadi. G‘isht terish bir qatorli yoki ko‘p qatorli bog‘lanish bilan teriladi, oraliq devorlar va ustunlar to‘rt qatorli bog‘lanish bilan teriladi. Birinchi yarusni g‘isht teruvchilar yerdan yoki qavatlar ora yopmasida turib teradilar, ikkinchi va uchinchi yaruslarni ochiladigan yoki ikki yarusga o‘rnatiladigan so‘rilardan turib teradilar. 4 m va undan baland devorlarni g‘isht teruvchilar quvursimon xavozalardan turib teradilar.
G‘isht teruvchi zvenolarni (komplektlash) jamlash terimning konstruksiyasi, qalinligi va murakkabligiga, ishlarning umumiy hajmi va mexnat sarfiga, ishlatilayotgan montaj mexanizmlarini soniga bog‘liqdir.
Montaj va g‘isht - tosh ishlarini oqim usulida bajarish
G‘isht devorli ko‘p qavatli binolarni barpo etishni o‘ziga xosligi shundan iboratki, montaj va g‘isht terish ishlarini qo‘shib olib borili-shidadir. Bu ikkala jarayon bir-biri bilan o‘zaro bog‘langan va bu ishlar parallel yoki ozgina vaqt oralig‘ida farq bilan bajariladi.
Bu ishlarni bajarishni o‘ziga xosligi shundaki, ularni bajarish kerakli texnologik tanaffuslarga amal qilish bilan bog‘liq. Navbatdagi qavat karkaslarini montaj qilishga tutashuv joylardagi, tugunlardagi va qavatlar ora yopmalar choklaridagi beton qorishmasi eng kamida 70%, , g‘isht terimida 50% loyixadagi mustaxkamlikka erishgandan so‘ng ruxsat etiladi.
G‘ishtli binolarni barpo etishni faqat oqim usulida, ya’ni binoni mexnat unumdorligi bo‘yicha bir xil bo‘lgan qamrovlarga bo‘linishini nazarda tutadigan bir-, ikki- va uchqamrovli sistemalarda olib borish kerak.
Ishlarni tashkil etishning bir qamrovli sistemasi bilan asosan rejada kichikroq bir seksiyali va bir qavatli binolar qurilishlarda, butun qavat uch yarusga bo‘linib g‘isht terilganida qo‘llaniladi. Bu sistemada g‘isht terishni va montajni, montajchi kasbini o‘zlashtirgan g‘isht teruvchilar bajaradilar. G‘isht terish ishlari binoni perimetri bo‘yicha yarus balandligida smena oxirigacha tugatilishi kerak. SHu kuni ikkinchi smenada yordamchi ishlar bajariladi: so‘rilarni o‘rnatish, so‘rilarga g‘isht keltirish va boshqa ishlar. Uch kundan so‘ng, ya’ni uchinchi yarus g‘ishtlari terib bo‘lingandan so‘ng, brigada 4...5 odamdan iborat montaj zvenolarga bo‘linadilar, zvenolar soniga qarab yig‘ma elementlar ikki yoki uch smena davomida montaj qilinadi. Xavfsizlik texnikasi qoidalariga binoan montaj ishlari olib borilayotgan qamrovlarda (ishchi uchastkalarda) bir vaqtning o‘zida g‘isht teruvchilar ishlashi yoki teskarisi bo‘lishi mumkin emas.
Qishloq qurilishidagi yoyilgan kichik ob’yektlarni barpo etishda, g‘ishtli kottedjlar qurilishidagi xamma majmua ishlarni zvenolar ichida ixtisoslarga bo‘lingan bitta majmuali brigada olib borgani maqsadga muvofiqdir. Bunday brigada tarkibiga g‘isht teruvchilar, montajchilar, takelajchilar, duradgorlar zvenolari va transport ishchilari kirish kerak. Brigadada g‘isht teruvchi zveno yetakchi bo‘lib, boshqa zvenolar g‘isht teruvchi va montajchi zvenolarni ish bilan ta’minlanishini e’tiborga olgan holda jamlanadi. Mehnatni tashkil etish va taqsimotini bu shaklida brigada ichidagi bekor turib qolishlarni qisqartirish, yordamchi ishlar xajmini kamaytirish mumkin.
Oqim usuli bilan ishlar tashkil qilinganda, o‘z ishini aniq va bir maromda bajarib bir ob’yektdan ikkinchi ob’yektga ketma-ket o‘tuvchi, nolinchi siklni barpo etadigan, g‘isht teradigan, yig‘ma konstruksiyalarni montaj qiladigan, tom yopuvchilar va pardozchilardan iborat to‘rtta brigada (zveno) bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.