2.2. Nutqning fonetik bo‘linishi
7-§. Nutq turlicha hajmdagi fonetik bo‘laklardan tarkib topadi. Jumla, takt, so‘z, bo‘g‘in va tovush nutqning ana shunday fonetik bo‘laklaridir.
Jumla nutqning ikki to‘xtam (pauza) oralig‘idagi ohang butunligi, bo‘lib u ko‘pincha gapga teng bo‘ladi.
Takt esa jumlaning ikki qisqa to‘xtalish orasida keluvchi va bir bosh urg‘u bilan aytiladigan bo‘lagidir.
Jumla yoyiq tarkibli va yig‘iq tarkibli bo‘ladi. Yoyiq tarkibli jumla taktlarga ajraladi, yig‘iq tarkibli jumla esa bir taktga teng bo‘ladi. Masalan: Bugun bayram//. Hosil bayrami//. Biz hasharga chiqqan xo‘jalik ham, //Buka tumani ham// paxta tayyorlash rejasini allaqachon bajargan edi// (O‘.H). Keltirilgan parchadagi birinchi va ikkinchi jumlalar yig‘iq sostavli bo‘lib, ular bir taktga tengdir. Uchunchi jumla esa uchta taktdan iborat bo‘lib yoyiq tarkiblidir. Jumlani "gap" tushunchasi bilan aralashtirmaslik lozim. Jumla fonetik tushuncha bo‘lsa, gap grammatik tushunchadir. Jumlani ohang butunligi deb, gapni esa grammatik butunlik deb tushunamiz. Jumlani taktlarga, gapni esa ega, kesim, aniqlovchi va h.k., bo‘laklarga ajratamiz.
Fonetik so‘z nutqning alohida bir urg‘u bilan aytiladigan bo‘lagi bo‘lib, u takt ichida va alohida qo‘llanadi. Masalan, yuqorida keltirilgan uchinchi jumla uchta taktga bo‘linadi: Biz hasharga chiqqan xo‘jalik ham // Buka tumani ham // paxta tayyorlash rejasini allaqachon bajargan edi//. Bu o‘rinda yordamchi so‘zlar o‘zlari tobe bo‘lgan mustaqil so‘z bilan birga urg‘uga ega bo‘ladi va bitta fonetik so‘zni tashkil etadi.
Dostları ilə paylaş: |