Nasimxon rahmonov



Yüklə 1,01 Mb.
səhifə60/63
tarix01.01.2022
ölçüsü1,01 Mb.
#107401
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   63
Nasimxon rahmonov o‘zbek mumtoz adaBIyoti tarixi

Sayyid Qosimiy*
SHoirning tarjimai holi to‘g‘risida batafsil ma’lumot yo‘q. Uning to‘rtta dostoni – “Majma’ ul-axbor”, “Gulshani roz”, “Haqiqatnoma” va “Sadoqatnoma” dostonlari bizga ma’lum.* Majma’ ul-axbor” dostonining Sulton Abu Said Mirzoga (1451-1469 yillarda hukmronlik qilgan) bag‘ishlangan madhiya bilan boshlanganini, “Haqiqatnoma” dostonining xotimasida Sayyid Qosimiy asarni yozib tugatgan yilini (hijriy 863 – milodiy 1458-1459 yillar) qayd etganini e’tiborga olsak, u XV asr o‘rtalarida Movarounnahr yoki Xurosonda yashab, ijod etgan deb taxmin qilish mumkin. Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida Sayyd Qosimiy to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

“Sadoqatnoma”ning xotima qismidagi va “Majma’ ul-axbor”dagi ma’lumotlardan Qosimiy ilgari ilgari shoh va amaldorlar xizmatida bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi. Keyinchalik noma’lum sabablarga ko‘ra, saroydan chetlashtiriladi. Oqibatda shoirning turmushi og‘irlashgan. Bu to‘g‘rida Abu Said Mirzoga bag‘ishlangan madhiyasida yozgan. “Gulshani roz” dostoni ham Abu Said Mirzo tasarrufidagi bir shaharning hokimi Jaloliddin Sayyid Mazidga bag‘ishlangan.

Sayyid Qosimiy har to‘rt dostonini yaratish bilan turkiy adabiyotda XI-XII asrlarda rivoj topgan didaktik dostonchilik an’analarini mahorat bilan davom ettirgan shoirdir.

Sayyid Qosimiy dostonlari orasida “Ilohiynoma” asari alohida ahamiyat kasb etadi. SHoirning mazkur asari pok, vafodor ayol timsolini madh etadi. “Ilohiynoma”ni Sayyid Qosimiy ayolning ta’rif-tavsifi bilan boshlaydi:

Bor erdi vaqte bir sohibjamole,

Nigore, nozanine, bemisole.


Malohat kishvarida podshohe,

Ko‘zi lashkarkashu husni sipohe...

Ko‘zi sarfitnayi ofoq erdi,

Jahonda juft qoshi toq erdi...


Aminu muttaqiy (taqvodor, parhizkor, gunoh ishlardan saqlanuvchi) erdi haloli,

YOmon-yaxshi bila yo‘q qilu qoli (gap-so‘z).

SHundan so‘ng voqealar oqimi boshlanadi. Ayolning eri Ka’ba ziyoratiga otlanadi. Safar oldidan ukasiga, xotinimdan sen xabar olib turasan, u istaganini muhayyo qil, kelganimdan so‘ng o‘n barobar qilib qaytaraman, deb va’da beradi. Yigit har ikki kunda kelib, akasi xotinining yumushlarini bajarib ketar, odobni o‘z o‘rniga qo‘yar edi.
Ki, xotun erdi olam porsosi,

Muzayyan erdi andin zuhd asosi.

[YA’ni: ayol olamdagi eng xudojo‘y ayol edi, toat-ibodat bilan shug‘ullanish uningzxiynati edi] SHunday fazilatlarga ega bo‘lgan ayol doimo yuzini pinhon tutar, yigit uning jamolini ko‘rmagan edi. Nogahon bir kuni kutilmaganda yigit ayolning parda ortidagi go‘zal yuziga ko‘zi tushib qoladi va “asiru oshiqu devona bo‘ldi, jamoli sham’ina parvona bo‘ldi”. Yigitning niyati buzildi, uning taklifini ayol qat’iyan rad qilgach, unga tuhmat uyushtirdi. Qoziga borib, ayolni zinokorlikda aybladi. Qozi ayolni toshbo‘ron qilib o‘ldirishga fatvo berdi. Olomon ayolni toshbo‘ron qilib, o‘ldi deb gumon qilib kimsasiz joyga olib keldilar. Hammaga ibrat bo‘lsin, deb o‘sha ovloq joyda qoldirib ketdilar. Lekin ayolning hali tanasida joni bor edi.

SHundan so‘ng ayolning taqdirida ko‘p qora kunlar yuz beradi: a’robiy (badaviy)ning bu ayolga nisbatan qilmoqchi bo‘lgan noma’qul xatti-harakati, uning “siyahro‘, la’in” qulining ayolga qilgan tuhmatlari, a’robiyning ayolga qilgan himmati va saxovatpeshaligi hikoya qilinadi. Xiroj to‘lay olmagan bir yigitni shoh dorga osishga buyurganda, a’robiy i’nom qilgan uch yuz dinorni yigitning xiroji uchun berib, uni o‘limdan qutqarib qoladi. Bu yigit bir savdogarni uni yuz dinorga sotib yuboradi, ayolga savdogar va kemadagi xaloyiq ko‘p xiralik qilavergach, u Tangriga iltijo qilgan eli, ularga Tangri balo-ofat yubordi. U yigit libosini kiyib olib, katta bir mamlakatga keladi va o‘sha mamlakat podshohidan kemadagi jamiki mol-mulk evaziga bir ibodatxona qurib berishni so‘raydi. Zotan, uning maqsadi va a’moli - toat-ibodat, bu dunyodan u bezgan, unga molu davlat, boylik kerak emas, faqat egnidagi hirqasi bo‘lsa, kifoya:


Ki, qilsam kecha-kunduz anda toat

Ki, budur lazzati faqru qanoat.


Bu dunyodin manim bordur malolim,

Kerak uqboda yaxshi bo‘lsa holim.


Ikki dunyisida bir hirqa basdur

Angakim, yodi birla hamnafasdur.


SHoh uning iltimosini qondiradi. SHoh vafotidan oldin o‘sha “yigit”ni o‘zining o‘rniga podshoh qilib ko‘tarishlarini xalqqa vasiyat qiladi. Xullas, u bir qancha sarguzashtlarni boshdan kechiradi. U o‘zining karomati bilan odamlarga shifo beradi, tilsizlarga til ato qiladi, ko‘zi ojizlarning ko‘zlarini ochadi, katta kichikning e’tiborini qozonadi, mamlakat podshohi bo‘ladi. Ka’ba ziyoratidan qaytib kelgan eri kelib ko‘rsaki,

Evu eli bori vayron bo‘lmish,

Saroyi er bilan yakson bo‘lmish.
Inining ne ayoqi, ne eli bor,

Ikki ko‘zi dog‘i yo‘q, bir tili bor...


Inisidin savol etdi og‘asi,

Uyim, elim qaniyu kadxudosi?

Inisi akaga yuz bergan voqealarni aytib beradi, uning zinokorligini, qo‘ni-qo‘shnilar guvoh bo‘lganini va qozining fatvosi bilan toshbo‘ron qilib o‘ldirilganini birma-bir so‘zlab beradi. Aka hasrat chekadi. Ko‘zi ojiz inisini “shahrda Iso nafasliq” biri bor ekanini aytadi va uning huzuriga olib boradi. Ayol shifo topishga kelgan odamlar orasidan erini taniydi. Ayol ulardan tashrif maqsadini so‘raydi. Ular shifo topish umidida kelganlarini eshitgach:
Ayitdi: - Ul erur behad gunohkor,

SHifo topmasdur oncha qilmay gunohkor


deya javob beradi. O‘sha fitnachi yigit yuz bergan voqealarning hammasini birma-bir aytib beradi: xotinning begunohligini, uni tuhmat bilan toshbo‘ron qildirganini, nafsi dun uchun uni abgor qilganini, endi o‘z qilmishlaridan o‘zi sharmanda bo‘lib turganini aytadi. Ayol uning gunohini kechirib, duo qiladi. Yigit o‘sha zohoti shifo topadi. SHifo topish umidida kelgan a’robiyning quli, qari kampirning o‘g‘li ham o‘z gunohlarini ochiq aytadilar va ayolning duosi bilan shifo topadilar. SHundan so‘ng ayol erini boshlab xilvatga kiradi va yuzidagi niqobini oladi. Xojasi uning gul jamolini ko‘rib hushidan ketadi. Ayol uni o‘ziga keltirib, hushidan ketish sababini so‘raydi. Xoja:
Ayitdi: - Bor edi vaqte halolim

Kim, erdi munisu daf’i malolim.


Bo‘luptur ul bu dam rahmatg‘a vosil,

Gar o‘ltursam o‘zumni na hosil.


Sani man ul sog‘indim, ey pariro‘y

Ki, yo‘qtur orangizda farq bir mo‘y.


Ayol xojasiga o‘zini tanitadi va mamlakatda hammani boy qilish bilan birga, o‘zi qanoatni burch deb bildi.

Doston so‘ngida Sayyid Qosimiy quyidagi baytni keltiradi:

“Ilohiynoma”yi Attor bu dur,

Davayi siynai afgor bu dur.


[Attorning “Ilohiynoma”si shudir, yaralangan qalblarga davo budir]. Bundan tashqari, Sayyid Qosimiy bu dostonini yozishda «shayx ruhidin talabgor» bo‘lganini alohida ta’kidladi va bu «mushkil asror» (Attorning e’tiqodi va maslagi)ni u hal qildi. SHu o‘rinda Sayyid Qosimiy o‘z asarining yozilish maqsadi haqida quyidagicha xabar beradi:
Oni turki birla Qosimiy aydi,

Ma’oniy guharin elga yoydi.

Demak, Sayyid Qosimiy Farididin Attorning “Ilohiynoma”sini erkin tarjima qilmagan, balki shu mavzuni u o‘zbek tilida yoritishni maqsad qilib qo‘ygan, degan fikr paydo bo‘ladi. Biz Fariddidin Attorning O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tarjimasi (“Musiqa” nashriyoti, 2007 yil)dagi “Ilohiynoma”sidan o‘rin olgan “Pokiza ayol sadoqati” hikoyatini qiyoslashni maqsad qilib qo‘ydik. Buning uchun birinchi navbatda, har ikkala asarning hajmiga e’tibor qaratamiz: Sayyid Qosimiyning “Ilohiynoma”si 411 baytni, Attorning “Ilohiynoma”si Jamol Kamol tarjimasida 305 baytni tashkil qiladi. Doston syujetida bir mavzuga – ayolning boshdan o‘tkazgan sarguzashtlari va bu orqali har ikki muallif vafo, sadoqat, zuhdu taqvoni bosh o‘ringa chiqaradi. Dostonlardagi ayrim farqlar quyidagilar:

Attorning “Ilohiynoma”sida: eri ukasini xotiniga xizmat qilishni topshiradi.

Sayyid Qosimiy “Ilohiynoma”sida: er Ka’ba ziyoratiga ketayotganda xotinidan xabar olib, uning xizmatida bo‘lishni ukasiga tayinlaydi.

Attorda: ayol bir xiroj to‘lashga qurbi etmasdan dorga osilishga farmon bo‘lgan yigitni dor tagidan qutqarib oladi, yigit ayolni kemadagi savdogarga sotayotib, uning bir kamchiligi bor, bu ayol qaysar, deb uni kamsitadi va yuz dinorga sotadi.

Sayyid Qosimiyda: bu ayol telba, deb uni kasitadi va uch yuz dinorga sotadi va h.

Har ikkala asarda farq katta emas. Faqat ayrim voqealar tasvirida tafsilotlar Sayyid Qosimiyda ko‘proq uchraydi. Buning ustiga, Sayyid Qosimiy

Har ikkala “Ilohiynoma”ning maqsadi va mohiyati deyarli birdir. Sayyid Qosimiy o‘z “Ilohiynoma”sini turkiyda yozganini alohida ta’kidlaydi. Ayni paytda Sayyid Qosimiyning “Ilohiynoma”si Attorga tayangan ekan, Attorning “Ilohiynoma”si bir manbaga – sharq adabiyotidagi rivoyatlarga tayangani anglashiladi. Zotan, asarning nihoyasi xuddi sharq ertaklari va rivoyatlaridagi singari tugallanma bilan yakunlanadi.


Yüklə 1,01 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   63




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin