Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti



Yüklə 0,79 Mb.
səhifə7/16
tarix23.10.2017
ölçüsü0,79 Mb.
#11689
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16

Maktabgacha ta’lim. Mazkur ta’lim bola shaxsini sog‘lom va yetuk, maktabda o‘qishga tayyorlangan tarzda shakllantirish maqsadini ko‘zlaydi. Uning o‘quvchilikka intilish hissi uyg‘otiladi va uni muntazam ta’lim olishga tayyorlaydi. Maktabgacha ta’limga oilada, bolalar bog‘chasida, mulk shaklidan qat’iy nazar boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi. Maktabgacha ta’limning maqsadi va vazifalarini ro‘yobga chiqarishda mahallalar, jamoat va xayriya tashkilotlari, xalqaro fondlar va har qanday jismoniy shaxslar faol ishtirok etishi mumkin.

Maktabgacha ta’limni yaxshilash uchun tarbiyachi, pedagog kadrlarni tayyorlash, maktabgacha ta’limning samarali pedagogik-psixologik uslublarini izlash, bolani oilada tarbiyalashda psixologik, pedagogik va uslubiy jihatdan ta’minlash, zamonaviy o‘quv uslubiy qo‘llanmalar, texnik vositalar, o‘yinchoqli maydonlar yaratish va hayotga tadbiq qilish; maktabgacha yoshdagi bolalarni xalqning boy madaniy – tarixiy merosi asosida tarbiyalashga shart-sharoit yaratish hamda ularning sog‘ligini ta’minlash va chiniqtirish bo‘yicha qulay sharoit yaratish kabilarni nazarda tutadi. Eng asosiy vazifasi bolalarning hayotini rejimga solish, axloq-odob, xulq-atvorni tarbiyalash, rasm chizish, harf elementlarini mashq qilish, sanash, hisoblash, nutq, organizmni chiniqtirish, dam olishlarni tashkil etish kabi vazifalar amalga oshiriladi. Ulardan madaniy xulq-atvor, sodda mehnat ko‘nikmalari, gigiyena qoidalari o‘rgatiladi.



Umumiy o‘rta ta’lim. Umumiy o‘rta ta’lim bosqichlari quyidagilar:

Boshlang‘ich ta’lim (I-IV sinflar). Umumiy o‘rta ta’lim (I-IX sinflar). Bu ta’lim umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma asoslarini, savodxonlik tartib toptirishga qaratilgandir. Boshlang‘ich ta’limga bolalar 6-7 yoshdan qabul qilinadi. Bu masalani tibbiyot, ruhshunos va o‘qituvchilardan tashkil topgan hay’at hal qiladi. Agar bolaning jismoniy, aqliy va ruhiy tomondan rivojlanishi o‘qish faoliyatini davom ettirishga imkoni bo‘lsa, unday bola 6 yoshdan qabul qilinadi. Boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilarni maktabda o‘qishning ilk tayyorgarligini amalga oshiradi.

Umumiy o‘rta ta’lim bilimlarning zarur hajmini (boshlang‘ich ta’limda o‘qish, yozish, hisoblash, hikoya qilish, rasm chizish ko‘nikmalarini bajarishga o‘rgatish bilan umumiy ta’limda o‘qishga tayyorlaydi) beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, dastabki tarzda kasbga yo‘naltirishda va talimning navbatdagi o‘rta maxsus kasb-hunar bosqichini tanlashga yordam beradi. To‘qqiz yillik (I-IX sinflar) o‘qishdan iborat umumiy o‘rta ta’lim majburiydir. Bolalarning qobiliyatini rivojlantrish uchun ixtisoslashtirlgan maktablar tashkil etilishi mumkin. Masalan: sport, san’at, musiqa va boshqa fanlar bo‘yicha ham maktablar tashkil etilishi mumkin.

Umumiy o‘rta ta’limning vazifalari:

- o‘quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini ta’minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, tarbiyalash, kasb tanlashga va atrof-olamga ongli munosabat hosil qilish;

- milliy va umumbashariy qadriyatlarni uzviy birlashtirish asosida o‘quvchilarda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o‘z Vataniga va xalqiga sodiq fuqarolarni shakllantirish;

- ta’limning uzluksizligini va izchilligini, maktab o‘quv dasturining keyingi bosqichdagi o‘quv dasturlari bilan uzviy o‘zaro bog‘lanishini ta’minlash va h.

Davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalash hamda shaxsning ta’lim olish huquqini ro‘yobga chiqarish umumiy o‘rta ta’limning maqsadi hisoblanadi.

Umumiy o‘rta ta’lim bilimlar zarur hajmiga asos soladi, o‘quvchilarda tashkilotchilik qobiliyatlari va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantiradi, dastlabki kasb yo‘nalishini va ta’limning keyingi bosqichini tanlashga ko‘maklashadi. Umumiy o‘rta ta’lim tugallangandan keyin ta’lim fanlari va ular bo‘yicha olgan baholar ko‘rsatilgan holda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi attestat beriladi. Umumiy o‘rta ta’limning yangi tizimi va mazmunini shakllantirish uchun quyidagilar zarur:

- yuqori malakali pedagogik kadrlar tayyorlash;

- hududlarning jo‘g‘rofiy va demografik xususiyatlariga mos ta’lim muassalari tarmoqlarini rivojlantirish;

- o‘quvchilarning qobiliyat imkoniyatlariga muvofiq ravishda tabaqalashtirilgan yondoshuvni joriy qilish;

- ilg‘or pedogog texnologiyalarni, o‘quv-uslubiy majmualarni didaktik talablar asosida yaratish;

- o‘quvchilar kasb-hunar tanlaydigan va psixologik-pedagogik maslahatlar oladigan markazlar tarmog‘ini tashkil etish va h.



O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi olish maqsadida har kim umumiy o‘rta ta’lim asosida akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishning yo‘nalishini ixtiyoriy ravishda tanlash huquqiga ega.

Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari egallangan kasb-hunar bo‘yicha ishlash huquqini beradigan hamda bunday ish yoki ta’limning navbatdagi bosqichida davom ettirish uchun asos bo‘ladigan o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi beradi.

Akademik litsey o‘quvchilarning intellektual qobiliyatlarini o‘stirshni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo‘naltirilgan bilim olishlarini ta’minlaydigan uch yillik o‘rta maxsus yurtidir.

Kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining kasb-hunarga moyilligi, mahorat va malakasini chuqur rivojlantirishni, tanlagan kasblar bo‘yicha bir yoki bir necha ixtisos olishni ta’minlaydigan uch yillik o‘rta kasb-hunar o‘quv yurtidir. Akademik litsey davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘rta maxsus ta’lim beradi. O‘quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olib, ularning jadal intellektual rivojlanishi chuqur, sohalashtirilgan, tabaqalashtirilgan kasbga yo‘naltirlgan ta’lim olishini ta’minlaydi.

Akademik litseylarda o‘quvchilar o‘zlari tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha (gumanitar, texnika, agrar va boshqa sohalar) bilim saviyalarini oshirish hamda fanni chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus kasb-hunar ko‘nikmalarini o‘zlarida shakllantirsh imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu ko‘nikmalarni o‘qishning muayyan oliy ta’lim muassalarida davom ettirish yoki mehnat faoliyatida ro‘yobga chiqarishlari mumkin.

Kasb-hunar kolleji davlat ta’lim standartlari doirasida o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi beradi. Kasb-hunar kollejlari jihozlanganlik darajasi, pedagogik tarkibning tanlanganligi, o‘quv jarayonining tashkil etilishi jihatidan yangi tipdagi ta’lim muassalari hisoblanadi. Ular bir yoki bir necha zamonaviy kasb-hunarni egallash hamda tegishli o‘quv fanlaridan chuqur nazariy bilim olish imkonini beradi.

O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining vazifalari quyidagilardan iborat:

- davlat ta’lim standartlari doirasida umumta’lim va kasb-hunar dasturlarini bajarish;

- o‘quvchilarning uzluksiz ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirishni tanlagan mutaxassisliklar bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur va yetarli bo‘lgan bilimlar hamda kasb tayyorgarligi darajasini chuqurlashtirish;

- respublika iqtisodiyotining malakali kichik mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish.

Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomlar beriladi. U ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish va egallagan kasb-hunar bo‘yicha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradi.
Mustahkamlash uchun savollar:


  1. Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limlarini amalga oshirishda qanday pedagogik muammolar mavjud? Sizningcha bu muammolarni qanday hal etish mumkin?

  2. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim qanday maqsad va vazifalarni nazarda tutadi?

  3. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi mazmuni nimalardan iborat va u qaysi shakllarda hamda qanday maqsad va vazifalarni amalga oshiradi?

  4. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limlarining uzviyligi va aloqadorligini qanday asoslaysiz?



13-MAVZU: O‘ZBEKISTONDA OLIY, OLIY O‘QUV YURTIDAN KEYINGI TA’LIM

Reja:


  1. Oliy ta’lim.

  2. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim.

  3. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

  4. Maktabdan tashqari ta’lim.

Tayanch tushunchalar: bakalavriat, magistratura, tayanch aspirantura, adyunktura, doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik, diplom, mutaxassis, jamoat boshqaruvi, distansion ta’lim, texnologiya, ta’lim, fan va ishlab chiqarish, yangilash va chuqurlashtirish, davlat va nodavlat, yakka tartib, o‘quvchilar bo‘sh vaqtini tashkil etish, davlat standartlari.

Oliy ta’lim. Oliy ta’lim yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlaydi. Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash oliy o‘quv yurtlarida (universitet, akademiya, institut va oliy maktabning boshqa ta’lim muassasalarida) o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi asosida amalga oshiriladi. Oliy ta’lim ikki bosqichga bo‘linadi: davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar bilan dalillanuvchi bakalavriat va magistraturaga ega.

Bakalavriat oliy ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha puxta bilim beradigan o‘qish muddati kamida 4 yil bo‘lgan tayanch oliy ta’limdir.

Magistratura aniq mutaxassislik bo‘yicha bakalavriyat negizida kamida 2 yil davom etadigan oliy ta’limdir. Fuqarolar ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar.

Oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari negizida va pullik shartnomaviy asosda amalga oshiriladi.

Bakalavriat dasturi tugallangandan so‘ng bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlariga binoan kasb bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi va davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi, kasb-hunar faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan diplom topshiriladi.

Magistr darajasini beradigan davlat malaka attestatsiyasi magistrlik dasturining intihosidir.

Oliy ta’limni rivojlantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak:

- bakalavr va magistr darajasi uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish;

- professor-o‘qituvchi kadrlar tayyorlashni chet ellardagi yetakchi o‘quv yurtlarida tashkil etish;

- oliy ta’limda tarkibiy o‘zgarishlar o‘tkazish;

- oliy ta’lim boshqaruvini takomillashtirish, mustaqilligini kuchaytirish, jamoat nazorat kengashlari shaklidagi jamoat boshqaruvini tashkil etish;

- ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini ta’minlash va joriy etish;

- o‘qishni indviduallashtirish va distantsion ta’lim texnologiyasi vositalarini ishlab chiqish;

- xalqning boy ma’naviy va intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida ta’limning insonparvarlik yo‘nalishini ta’minlash va hokazo.



Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning yuqori malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni ta’minlashga qaratilgan. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalarida (aspirantura, adyunktura, doktarantura, mustaqil tadqiqotchilik) olinishi mumkin.

U jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan. Oliy o‘quv yurtidan keyinga ta’lim bosqichlari (aspirantura, doktarantura) dissertatsiya himoyasi bilan yakunlanadi.

Yakuniy davlat attestatsiyasi natijalariga ko‘ra fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajasi berilib, davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplomlar topshiriladi. Bu ishni takomillashtirish uchun:

- kasb ta’limi tizimi uchun oliy malakali ilmiy pedagogik kadrlarni ustuvor tayyorlash;

- chet ellar tajribasidan foydalanishga sharoit yaratish;

- fan, texnologiya va ta’lim sohasida rivojlangan mamlakatlar bilan xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish va b.

Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash kasb bilimlari va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish hamda yangilashni ta’minlaydi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mutaxassislarning kasb bilimlarini va ko‘nikmalarini yangilash va chuqurlashtirishga qaratilgan. Uni bitirganlarga guvohnoma yoki sertifikat topshiriladi. Uni rivojlantirish uchun:

- kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimi faoliyatida yangicha tarkib, mazmun va boshqarishni shakllantirish;

- kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalarini davlat attestatsiyasi va akkreditasiyasidan o‘tkazish;

- iqtisodiyotning davlat va nodavlat sektorlarida kadrlar tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha raqobat muhitini yaratish va joriy etish va b.



Maktabdan tashqari ta’lim. Bolalar va o‘smirlar yakka tartibdagi ehtiyojlarini qondirish, ularning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini tashkil etishlari mumkin. Maktabdan tashqari muassasalarga bolalar ijodiyoti saroylari, klublar, markazlar, bolalar (o‘smirlar) sport maktablari, san’at maktablari, musiqa maktablari, studiyalar, kutubxonalar, sog‘lomlashtirish muassasalari va boshqa muassasalar kiradi.

Bolalar va o‘smirlarning ta’limga bo‘lgan, yakka tartibda talab ehtiyojlarini qondirish, ularning bo‘sh vaqtini va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar, madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlarda maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etadilar. Uni takomillashtirish uchun:

- ta’lim berish va kamol toptirishga yo‘naltirilgan xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasalar tarmog‘ini kengaytirish va bunday xizmat turlarini ko‘paytirish;

- o‘quvchilar bo‘sh vaqtini tashkil etish;

- ommaviy sport va sog‘lomlashtirish tadbirlarining, bolalar turizmining, xalq hunarmandchiligining mavjud turlari va shakllarini takomillashtirish, milliy turlari va shakllarini tiklash hamda amaliyotga joriy qilish va b.

Oilada ta’lim va mustaqil ravishda ta’lim olish. Davlat oilada ta’lim olishga va mustaqil ravishda ta’lim olishga ko‘maklashadi. Bolalarni oilada o‘qitish va mustaqil ravishda ta’lim berish tegishli ta’lim muassasalarining dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ta’lim oluvchilarga vakolatli davlat muassasalari tomonidan uslubiy maslahat va boshqa yo‘sinda yordam ko‘rsatiladi. Bo‘lajak bakalavr va magistr mutaxassislar O‘zbekistonda ta’lim tizimi turlari va ularning ish mazmuni haqida ilmiy ma’lumotga ega bo‘lishlari kerak. Chunki bo‘lajak mutaxassislar har bir ta’lim turining tuzilishi, mazmuni, maqsad va vazifalarini aniq tasavvur etishlari shart. Bunday mas’uliyat egallayotgan ixtisosligi bo‘yicha kasb ko‘nikmalarini o‘z vaqtida tarkib toptirishga yo‘naltiradi. O‘z ixtisosliklari yuzasidan chuqur ilmiy pedagog ma’lumot olishga da’vat etadi. Eng muhimi har bir ta’lim tizimi haqida ilmiy ma’lumotga ega bo‘lmay shu sohadagi vazifalarni bajarish mumkin emasligini tushunib yetmoqlari lozim. Shuning uchun bo‘lajak mutaxassislar ta’lim tizimi va uning ish mazmuni to‘g‘risida ham nazariy, ham amaliy bilimlar zahirasini o‘zlarida shakllantirmog‘i zarur bo‘ladi.
Mustahkamlash uchun savollar:


  1. Oliy ta’lim ta’lim tizimida qanday o‘rin egallaydi?

  2. Oliy ta’lim mazmuni, maqsadi va vazifalari nimadan iborat?

  3. Oliy ta’limdan keyingi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash nima maqsadda va nima uchun tashkil qilinadi?

  4. Maktabdan tashqari ta’lim qanday maqsadda, nima uchun tashkil qilinadi?

  5. Mutaxassislar nima uchun uzluksiz ta’lim tizimi turlari va ularning ish mazmunini bilishlari kerak?

  6. Sizningcha oliy ta’lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim sohalarida qanday pedagogik muammolar mavjud hamda ularni qay tarzda hal etish mumkin?

  7. Ta’lim tizimi boshqaruvi nima va u qanday vazifalarni bajaradi?



14-MAVZU: DIDAKTIKANING PREDMETI HAMDA VAZIFALARI

Reja:


1. Didaktika haqida tushuncha. Didaktikaning paydo bo‘lishi va rivojlanishi.

2. Umumiy va xususiy didaktika va ularning o‘zaro aloqalari.

3. Didaktikaning asosiy kategoriyalari: bilim, ko‘nikma, malaka, ta’lim, tarbiya, ma’lumot va shaxsni shakllantirish.

4. Hozirgi davrda ta’limning dolzarb muammolari.

5. Ta’lim, o‘qitish va mustaqil bilim olish maktab o‘quvchilar shaxsini tarbiyalash va rivojlantirishga qaratilgan bir-biri bilan bog‘liq jarayon.
Tayanch tushunchalar: didaktika, ta’lim jarayoni, saboq berish, o‘rganish, qoida, rivojlanish, o‘quvchi, umumiy, xususiy, ilm, bilim, ko‘nikma, malaka, ta’lim, mustaqil bilim olish, asosiy sifatlar, ilmiy tekshirish metodlari, ma’lumotlar, inson shakllanishi, mustaqil harakat qilishi.

Didaktika pedagogikaning ta’lim jarayonida umumiy qonuniyatlarni o‘rganadigan bo‘limdir. Didaktika grekcha so‘z bo‘lib, “didasko” – o‘qitish, “didaskal” – o‘rgatuvchi, degan ma’noni bildiradi. Didaktikaning so‘zma-so‘z tarjimasi ta’lim, o‘qitish nazariyasini anglatadi. Ta’lim nazariyasi quyidagi masalalarni: ta’lim jarayonining mohiyati, ta’lim mazmuni, ta’lim qoidalari, ta’lim metodlari, ta’limni tashkil etish shakllari hamda ta’limda o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma, malakalarini hisobga olish va baholash kabilarni o‘z ichiga oladi. Bu masalalarning har birini alohida mavzu sifatida keyingi darslarda o‘rganamiz. Didaktikaning asosiy maqsadi, vazifasi o‘qituvchini o‘qitishga doir ma’lumot, mahorat bilan, o‘quvchilarni esa ilmiy bilimlar, ko‘nikma va malakalar tizimi bilan qurollantirishdan iboratdir. Didaktika termini qadimgi Gretsiyada Afina va Sparta shaharlarida eramizdan avvalgi IV-V asrda paydo bo‘lgan. Keyinchalik Xitoy, Misir va Markaziy Osiyo davlatlarida rivoj topgan.

O‘zbek didaktikasiga Al-Xorazmiy, A.R.Beruniy, Ibn Sino, A.Navoiy, M.Ulug‘bek, A.Avloniy, M.Behbudiy, H.H.Niyoziy, Muhammadrasul Rasuliy, Q.Niyoziy va boshqa mutafakkirlar hamda hozirgi mashhur pedagoglar, olimlar munosib hissa qo‘shmoqda. Didaktikaga oid materiallar mashhur pedagog Y.A.Komenskiy, Ushinskiy va boshqalar tomonidan boyitildi.

Didaktikaning asoslari hikmatlar, hadislar va xalq og‘zaki ijodining boshqa manbalarida o‘z aksini topgan. Ayniqsa, vatandoshimiz B.Zarnudjiyning “O‘quvchiga ta’lim yo‘lida qo‘llanma” asari bag‘oyat qimmatlidir. Muallif ushbu kitobni “O‘quvchiga bilim olish yo‘lida qo‘llanma” deb atab, uni quyidagi bo‘limlarga ajratgan. Ular: “Bilimning mohiyati va ularni takomillashtirish haqida”, “Ta’lim yo‘lida ongli istaklar haqida”, “O‘qituvchi, o‘rtoq, fanlarni tanlash haqida”, “Olimlar va fanning sharafi haqida”, “Dars vaqti haqida qo‘llanma”, “Bilimlarni egallash haqida”, “Ollohdan qo‘rqish va ta’lim olish”, “Bilimlarni xotirada saqlash, esdan chiqarish turlari”, “Umrni uzaytiruvchi va qisqartiruvchi kuchlar haqida” va boshqalardan iborat. Inson tarbiyasida va shakllanishida bilim, ta’lim, ma’lumot eng muhim rol o‘ynaydi. Ta’lim jarayonida o‘quvchilarning bilish qobiliyatlari o‘qituvchi rahbarligida zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarini egallash bilan ularda ilmiy dunyoqarash va shaxsning asosiy sifatlari: axloq, estetik qarashlar hamda kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishlar tarbiyalanadi.

Ma’lumot va ta’lim o‘zaro yaqin aloqada bo‘ladi. Ma’lumot – bu ta’limning natijasi ta’lim esa ma’lumot olishning asosiy shartlaridan biridir. Didaktika ma’lumotning ilmiy asoslanishi bilan shug‘ullanish bilan birga yuksak darajada bilimlar zarur bo‘lgan ko‘nikma, malakalarni tarixiy bir jarayonda beradi va hozirgi fan, texnika taraqqiyoti davrida o‘quvchilarni muayyan darajada shaxsni tarkib toptiradi. Didaktika faqat ma’lumot mazmunini belgilabgina qolmay, balki qanday o‘qitish kerakligini ham belgilaydi. Didaktika pedagogikaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo‘lish bilan birga boshqa bir qancha fanlar bilan uzviy bog‘langan: Filosofiya, sotsiologiya, logika, psixologiya, fiziologiya oliy nerv faoliyati, kibernetika, matematika va h.k.

Hozirgi zamon didaktikasining taraqqiyoti ijtimoiy hayot, fan va texnikaning ishlab chiqarish darajasi bilan asoslanadi. Didaktikaning hozirgi davrdagi vazifalaridan biri oldingidek har tomonlama kamol topgan barkamol shaxsni shakllantirish bo‘lib qolmoqda va shunday bo‘lib qolaveradi. Didaktika oldidagi eng muhim vazifalardan biri o‘sib boruvchi ta’limni keng yoyish, shu asosda shaxsning eng asosiy sifatlarini ya’ni ilmiy bilishini ta’minlash, ijodiy fikrlashga o‘rgatish hamda doimiy ravishda o‘z ma’lumotini takomillashtirib borish kabilarni talab etmoqda.

Ta’lim va ma’lumotning birligi asosida ta’limning tarbiyalovchi metodikasini takomillashtirish, bilish qobiliyatlarini, dunyoqarshni va yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarni tarkib toptirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Didaktika, asosan, pedagogika fanining ilmiy tekshirish metodlaridan foydalanadi.

Bular: 1. Ilmiy kuzatish. 2. Ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish va yoyish.

3. Didaktik eksperiment. 4. O‘quv hujjatlarni o‘rganish va h.k.

Pedagogika fanida didaktika ikki turga ajratilib o‘rganiladi. Birinchisi umumiy didaktika, ya’ni o‘qitishning umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi. Ana shu o‘rganish asosida o‘qitish jarayonining yangi-yangi qirralari ochiladi va amaliyotga tadbiq etiladi. Masalan, EHM yoki ta’limning texnika vositalari yordamida o‘quvchilarning bilish qobiliyatlari o‘stiriladi. Yuqoridagi o‘qitish sohasida yutuqlar umumiy didakitkaning rivojlanib borayotganligini ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda xususiy didaktika, ya’ni bir fanni o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganadigan tarmog‘i hisoblanadi. Fanda xususiy didaktikani metodika ham deb yuritiladi. Masalan, ona tili o‘qitish metodikasi, ximiya o‘qitish metodikasi, boshlang‘ich ta’lim metodikasi singarilar.

Umumiy didaktika bilan xususiy didaktika o‘zaro uzviy aloqadorlikda, bog‘liqlikda ish olib boradi. Ular bir-birlarining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadi va yagona maqsadni, ya’ni barkamol insonni shakllantirish vazifasini amalga oshiradi. Xususiy didaktika rivojlanib, qo‘lga kiritgan yutuqlari umumiy didaktikaning hamda xususiy didaktikaning vazifalarini hal qilishga yo‘naltiradi. Yoki aksincha. Shuning uchun ular o‘zaro hamkorlikda, aloqadorlikda bir-biriga tayangan holda ish tutadi. Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmag‘ay (Imom Al Buxoriy). Muhammad payg‘ambar: “Ilm egallang! Ilm sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarda yo‘ldosh, baxtli daqiqalarda rahbar, qayg‘uli onlada madadkor, odamlar orasida zebu-ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir” (Axloq odobga oid hadislardan). O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lar. Bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lar (Yusuf Xos Xojib). Ilm inson uchun g‘oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidir (Abdullo Avloniy).

Didaktikaning maqsadi va vazifasi haqida “Avesto”da: odamlarga va ularning avlodlariga baxt-saodat keltiradigan ta’limni amalga oshirsinlar hamda tarbiya hayotning eng muhim tirgagi (tayanchi) bo‘lib hisoblanishi lozim. Har bir yoshni shunday tarbiyalash kerakki, u avvalo, yaxshi o‘qishni va so‘ngra yozishni o‘rganish bilan eng yuksak pog‘onaga ko‘tarilsin, deb ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida: “Ta’lim O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilinadi” (20-bet). Barcha turdagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga beriladigan ta’lim ana shu hujjat asosida tashkil etiladi.

O‘qituvchi didaktikani ilmiy o‘zlashtirmasdan, o‘quvchilarni talab darajasida o‘qita olmaydi. Buning uchun didaktika haqida maxsus ilmiy didaktika ma’lumotiga ega bo‘lishi shart. Didaktikaning tushunchasi, kategoriyasi, ya’ni predmeti bilim, ko‘nikma, malaka va ma’lumotlarni tashkil etadi. Bilimlar – odamlarning ijtimoiy-tarixiy amaliyoti jarayonida to‘plangan, umumlashgan tajribasidir. Yoki bilimlar, bu – ijtimoiy-tarixiy ong, insoniyatning ijtimoiy-tarixiy amaliyoti hosilasidir. Bilimlar insoniyat tomonidan ishlab chiqarish faoliyatini faol o‘zlashtirish jarayonida to‘plangan, amalda sinovdan o‘tgan va ob’ektiv dunyoni chuqurroq anglashga hamda o‘zgartirishga yo‘naltirilgan tabiat, jamiyat, inson tafakkuri va faoliyat usullari qonuniyatlari haqidagi ilmiy tushunchalarning yaxlit va tizimlangan majmuasidir.

Ta’lim jarayonida o‘quvchilar bilimlar tizimini egallabgina qolmaydilar, balki bir qancha ko‘nikma va malakalarni hosil qiladilar. Kishida bilim qanchalik boy va muntazam tarzda olingan bo‘lsa, uning kelajakda mustaqil bilim olish imkoniyati ham shuncha katta bo‘ladi. Ko‘nikmalar maktab o‘quvchilarining olgan bilimlariga asoslanib (qo‘yilgan vazifalar va shartlarga binoan) bajariladigan harakatlarning yig‘indisidir. Ko‘nikma bilimlar kabi harakatda, kishi biror harakatga erishish uchun har xil faoliyat turida izchil bajariladigan uslublar tizimi kabi belgilanadi. Ko‘nikmalarni kishi faoliyati turlariga ko‘ra bir necha turlarga ajratib ko‘rsatish mumkin.

1. O‘quv faoliyatiga oid ko‘nikmalar – bular o‘qituvchini tinglash va eshitganini tushunish, uning ko‘rsatmalariga qarab harakat qilish, kuzatish, idroki yo‘naltirilgan narsalarni ko‘ra olish: turli masalalarni yecha olish; sanash, o‘qish, yoza olish va h.k.

2. Nutqiy faoliyat ko‘nikmalari – nutqni tinglash, uni tushunish, o‘z fikrini aniq bayon qilish, leksik, fonetik va grammatik normalarga amal qilish.

3. Badiiy faoliyatga oid ko‘nikmalar – musiqiy, rang-tasvir, harakatli.

4. Kishining jamiyatda muomala va o‘zini tutish ko‘nikmalari.

5. Mehnat ko‘nikmalari.

Malaka – ongli xatti-harakatning avtomatlashtirilgan tarkibiy qismi. Yoki malaka, bu – faoliyat jarayonida uning biror bir elementini (ongning eng kam nazorati ostida) bajarish qobiliyati.

Ko‘nikma va malakalar maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat jarayonida shakllanadi. Ularni mutahkamlash uchun uzoq vaqt bilim olish bilan bog‘liq bo‘lgan maxsus mashqlar talab qilinadi.

Ta’lim mazmunidagi asosiy narsa – zarur bilim va ko‘nikmalarni mustaqil egallash, egallangan bilimlar haqida avval hosil qilingan ko‘nikma va malakalar asosida vujudga keladigan amaliy va nazariy masalalarni hal etish qobiliyatini shakllantirishdan iborat. Ta’lim jarayonida, bilimlar, ko‘nikma va malakalar bir-biri bilan o‘zaro uzviy bog‘lansada, avvalgidek, bilimlar yetakchi rol o‘ynayveradi. Chunki o‘quvchilar bilimlar asosidagina ko‘nikma va malakalarning ma’lum doirasini egallaydilar. Bolalarga matematikaning to‘rt amalini mashq qildirishdan oldin ularga sanoqni o‘rgatish lozim. Lekin ko‘nikma va malakalar ham o‘z navbatida bilimlar egallash jarayoniga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Ma’lumot – olingan, hosil qilingan bilimlar, tarkib topgan ko‘nikma, malaka hamda tarkib topgan dunyoqarashlar majmuasi. Didaktikaning dolzarb muammolari:

1. Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish, yangi pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish va rivojlantirish.

2. Lotin alifbosi asosida o‘zbek tiliga o‘tish.

3. Mukammal o‘quv darsliklari yaratish.

4. Ta’limning texnika vositalari. O‘quv-moddiy baza, kompyuter bilan ta’minlash, ta’limda internet tizimini joriy etish.

5. Malakali ilmiy va pedagogik xodimlar tayyorlash.

6. Ta’lim jarayonida ommaviy axborot vositalarining mavqeini oshirish, televideniya va radioning ta’lim dasturlari intellektuallashuvini ta’minlash.

Haqiqatan ham ta’lim, o‘qish va mustaqil bilim olish inson shaxsini tarbiyalash va rivojlantirishga qaratilgan bir-biri bilan uzviy bog‘liq jarayondir. Inson shaxsini shakllantirish uchun unga ta’lim, ya’ni ilm, bilim, saboq berish kerak. Ilmsiz bu jarayonni ro‘yobga chiqarish mumkin emas. Inson shakllanishi, rivojlanishi uchun esa o‘qishi, o‘rganishi, mustaqil harakat qilishi shart. Buning uchun o‘qituvchi insonning rivojlanishini ta’minlash uchun unga ta’lim berish, o‘qitish, mustaqil harakatni amalga oshirish zarur. Bu vazifa pedagog tomonidan o‘quvchining rivojlanish davrining ma’lum yillarida amalga oshirilib, uning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini hosil qilishi, kerakli ko‘nikma, malakalar bilan qurollantirishi va nihoyat uning mustaqil bilim olishini tashkil etishi talab etiladi. Bu mas’uliyatli vazifa o‘qituvchi tomonidan mohirona olib boriladi. Shuning uchun ta’lim, o‘qish va mustaqil bilim olish o‘quvchi shaxsini tarbiyalash va rivojlantirishga, kamol toptirishga qaratilgan ijtimoiy jarayondir. Bu ishlarni tashkil qilmasdan hayotni, jamiyatni rivojlantirish mumkin emas. Shuning uchun ta’lim, o‘qish va mustaqil bilim olish o‘quvchi shaxsini rivojlantirishning ob’ektiv zaruriy sharti hisoblanadi. Buni har bir o‘qituvchi bilishi va amalda qo‘llashi shartdir.



Yüklə 0,79 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin