Mustaqil o‘qish uchun Ilk qadam 1954- yilda Jorjtaun universiteti (AQSH) olimlari qiziq bir tajriba o‘tkazishdi. Ular EHM
(elektron hisoblash mashinasi)ga matnni bir tildan boshqa tilga tarjima qilish topshirig‘ini
“o‘rgatishdi”. To‘g‘risi, o‘shanda mashina matndagi bittagina so‘zni tarjima qila oldi. Lekin
mashinaning inson tilini “egallashi” sari ilk qadam qo‘yilgan edi. bugungi kunda kompyuter
tarjimasini “mashinasi tarjimasi” deyilishi bu ishni amalga oshiruvchi texnika dastlab mashina
(EHM) bo‘lganligi bilan bog‘liq.
Leksikaning ochiqligi va dinamikligi unga tarixiylik nuqtai nazaridan
munosabatda bo‘linganda, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, ayrim so‘zlar
passivlashib qolgan bo‘lsa, ayrimlari til “muzeyi” eksponatlari javonlaridan
o‘rin olgan. Agar til muzeyi tashkil qilinadigan bo‘lsa, undan bugungi kunda
unutilib borayotgan ardam, emgak, o‘klalmoq kabi so‘zlar anglatgan ma’nolari
va qo‘llanish o‘rinlari hamda darajasi bilan o‘z aksini topgan bo‘lur edi.
Bugungi kunda tilimiz leksikasining ko‘plab so‘z va iboralari o‘zining ana
shunday virtual yoki moddiy saqlanish usullariga ehtiyoj sezmoqda.
Leksik birliklar to‘satdan “g‘oyib bo‘lmaydi”, u avval sezilarli ravishda
passivlashadi, keyinchalik arxaizm va istorizmlarga aylanib boradi. Leksikaga
yangi kirib kelayotgan so‘zlarning tilga singishi ham sekinlik bilan kechadi.
Chetdan so‘z qabul qilish bu jarayoni o‘ziga xos qonuniyatlarga ega bo‘lib,
kirib kelayotgan so‘zlar tilning ichki talablariga javob berishi kerak. Ulardan
ayrimlarini keltiramiz:
1) farqlanish. Til, avvalo, yozma va og‘zaki nutqqa ayricha talablarni
qo‘yadi. Masalan, dorixona so‘zi yozma nutqqa, o‘zlashma apteka esa og‘zaki
nutq uchun xos. Lekin ikkalasi ham meyoriy hisoblanadi.
2) qulaylik. O‘zbek tilida oblast va viloyat, plan va reja, programma va
dastur so‘zlaridan ikkinchilari, qaysi tilga mansubligidan qat’i nazar, talaffuz
va imlo jihatidan qo‘lay. Shuning uchun til qulay variantni tanlaydi;
3) zamonaviylik. Imlo qoidalarida, tilning muosir izohli va imlo
lug‘atlarida u yaratilayotgan davr ruhi aks etishi katta ahamiyatga ega.
Masalan, bek so‘zini polkovnik, beklarbegi birikmasini polkovnik, qozi so‘zini
sudya so‘zlari olishi yangi zamon talabidir.