1. Nutqiy yasama so‘zlarning lisoniylashuvi. Lisoniy birliklar, qanday
bo‘lishidan qat’i nazar, nutqiy birliklar asosida shakllanadi. Shuningdek,
tilshunoslarning lisoniy birliklarni ajratishi, tavsiflashi ham nutqiy birliklarga
asoslangan holda kechadi. Masalan, [a] unli fonemasining mohiyati sifatida
qaraluvchi “lablangan”, “quyi keng” belgilari nutqdagi (a) tovushlarini
kuzatish, ulardagi har bir qo‘llanishda takrorlanadigan bir xil belgilar ajratib
olinib, nutqdagi boshqa hodisalar – tovushlar, qo‘shimchalar, so‘zlar ta’sirida
hosil bo‘ladigan, lekin doimiy bo‘lmagan, sharoit bilangina bog‘liq xususiyatlar
e’tiborga
olinmaydi.
Masalan,
tovushning
cho‘ziq/qisqaligi,
qattiq/yumshoqligi, yo‘g‘on/ingichkaligi, baland/pastligi kabi qator belgilar
nutq sharoiti bilan bog‘liq o‘tkinchi xususiyatlardir. Ana shunday beqaror va
o‘zgaruvchan jihatlar lisoniy birliklardagi umumiyliklarni tiklashda soqit
qilinadi. Shu tarzda lisoniy birlik tiklanadi. Barcha lisoniy birliklar mohiyatini
ochish jarayoni shunday kechadi.
Til taraqqiyoti davomida ming yillar davomida ham yangi fonema,
morfema yoki qolip hosil bo‘lmaydi. Lekin tilning eng o‘zgaruvchan, borliq
bilan eng zich bog‘langan leksika sathida yangi so‘zlar paydo bo‘lib, lisoniy
sathdan peshma-pesh o‘rin olib boraveradi. Masalan, boshqa tildan
o‘zlashayotgan so‘zlar qo‘llanish darajasi ma’lum meyorga yetgach,
lisoniylashadi. Mukammal lug‘atlar til lisoniy leksikasini o‘zida aks ettiruvchi
xazinadir.