1.Ko‘rlarning fil haqidagi xabarlari nega chin deb baholandi?
2.Ko‘rlarning fil haqidagi xabarlari nega nuqsonli edi?
3.Faylasuf nega naql qilganlarga ta’na qilmadi?
4.Ilmiy bag‘rikenglik deganda nimani tushunasiz?
Nazariy bilish empirik, ya’ni fahmiy bilishsiz amalga oshmaydi. Empirik
bilish jarayonida to‘plangan faktik material nazariy bilish jarayonida aqliy
tafakkur yo‘li bilan umumlashtirilib, ularning mohiyati ochiladi. Bu bosqich
Navoiyning yuqorida tilga olingan asarida orifning fil haqida bilim hosil qilish
usuli misolida bayon etiladi. Orif ko‘zi ojizlarning fil haqidagi tasavvurlarini
“bog‘lab”, umumlashtirib, ularning qarashlari asosida, bizning talqinimizcha,
nazariy tafakkur yo‘li bilan fil haqida idrokiy bilim hosil qiladi. Shu tariqa
Navoiy empirik va nazariy bilish hamda bilimni, empirik va nazariyotchi
biluvchi (olim) ni farqlaydi, shu bilan birga ikkinchisi birinchisining
mehnatlarisiz ish ko‘ra olmasligini uqtiradi. Bunday holat barcha fanlarda
mavjud. Masalan, Isaak Nyuton fizikasi empirik fizika bo‘lsa, Albert Eynshteyn
fizikasi nazariy fizikadir. Ular bir-birini to‘ldiruvchi va, bir vaqtning o‘zida,
inkor qiluvchi ta’limotlardir.