Tayanch so’z va iboralar:Arktikaning Amerika sektori, Markaziy Amerikabo‘yni,Markaziytekisliklar,Qirg‘oqbo‘yitekisliklari,Buyuktekisliklar,Grenlandiya,Arktika,qutbyonilandshaftlari,F.Nansen,A.Vegener,meteorologiya,glyatsiologiya,aysberg,geolotektonika,geomorfologiya. Materikning shimoliy orollari Grenlandiya bilan birga tabiiy sharoitining sovuqligi bilan ajralib turadi, buning sababi bu orollarning qutb yaqinida joylashganligi va hozirgi zamon muzlanishlarining kuchli rivojlanganligi htsoblanadi. Yog’in miqdori kam bo’lgan holda yil bo’yi haroratning past bo’lishi ko’p yillik muzloq yerlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratadi. Arktikaning butun Amerika sektorida uzoq qutb tuni va qutb kuni bo’lib, u organik dunyoning rivojlanishi uchun o’ziga xos sharoit vujudga keltiradi. Shimoliy Amerikaning bu qismi butunlay qutbyoni landshaftlaridan iborat bo’lib, bu yerlar unumsiz arktika sovuq sahrolaridan to o’rmon-tundra oraliq polosasigacha bo’lgan barcha hududlarni o’z ichiga oladi (Ilova, 22-rasm).
Grenlandiya.Yer sharidagi eng yirik orol, ulkan tabiiy geografik o’lka bo’lib, 2 mln. km2 dan ortiq maydonni egallaydi. Grenlandiya yevropaliklar g’arbiy yarim sharda kashf etgan birinchi quruqlik bo’lgan. IX asr oxirida bu yerga Islandiyadan normandlar kelgan. Orolni tadqiq qilish XVIII asrda daniyaliklar tomonidan boshlangan. XIX asr boshida inglizlar tadqiqot ishlari olib borganlar, so’ngra esa bu tadqiqotlarni asosan Skandinaviya mamlakatlari olimlari davom ettirganlar. Dastlab Grenlandiyaning janubiy qismini 1888 yilda F.Nansen kesib o’tgan, so’ngra esa XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Grenlandiyani turli mamlakat olimlaridan tashkil etilgan ekspedisiyalar o’rgangan. XX asrning 30 - yillarida nemis olimi A.Vegener Grenlandiyaning ichki qismida birinchi qishni
o’tkazadi. Kuzatuv natijasida orolning meteorologiyasi va glyasiologiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar to’plangan.
Grenlandiya shimoldan janubga deyarli 24°ga cho’zilgan. Uning janubiy chekkasi Farvel burni 59°46 sh.k. da, chekka shimoliy nuqtasi Shimoliy qutb yaqinidagi Morris-Jesep burni 83°39 sh.k. da joylashgan. Bir tomondan qutbga yaqinligi, ikkinchi tomondan esa, sovuq oqimlar ta’siri, Grenlandiya tabiiy sharoitining sovuq bo’lishiga sabab bo’lganligini ko’rsatadi. Grenlandiya yuzasining 3/4 qismi qalin materik muzliklari bilan qoplangan. Muzliklar orolning markaziy qismini egallagan, ba’zi joylarda qirg’oqqacha tushib keladi. Muzliklar yuzasining deyarli yarmi 2000 m dan balandda joylashgan. Muzlik qoplamining o’rtacha qalinligi 1600 metr, maksimal 3400 m ga yetadi. Materik muzligining ichki qismi tekis yuzadan iborat bo’lib, uning chekkalari juda parchalangan. Muzlik yuzasining chekkalarini yoriqlar va kanonsimon vodiylar kesib o’tgan, muzlik stakanlari deb ataluvchi va chuqurligi 0,5 m gacha bo’lgan nuragan tog’ jinslari bilan to’lib qolgan silindrik chuqurliklar uchraydi.
Materik muzligining chekkasi 100 m lik jarlik hosil qilib tik tushgan, yoki qirg’oqqa qiya tushib, vodiy muzliklarini hosil qiladi. Grenlandiyaning muzliklari orasidagi eng kattasi Peterman muzligi bo’lib, u shimolda joylashgan. Grenlandiya muzliklaridan aysberglar hosil bo’ladi va ular janubga Atlantika okeanida deyarli 40°sh.k. gacha bo’lgan joylarda uchraydi. Grenlandiyada materik muz qoplamining paydo bo’lishiga orolning balandligi va shimoliy yarim sharda neogen bilan antropogen orasida iqlimning sovib ketganligi sabab bo’lgan. Grenlandiya muzliklari hozirgi vaqtda deyarli birmuncha turg’un holatda ekanligi yoki hatto iqlimning umumiy isishi munosabati bilan chekinayotganligi aniqlangan.
Grenlandiyaning muzlar tagidagi rel’efi tekis bo’lib, markazga tomon nishab, uning balandligi markaziy qismida 100 m dan oshmaydi. Grenlandiyaning qisman muzdan holi chekka qismlarida tog’ tizmalari ko’tarilgan, janubi-g’arbda 190 km ga, shimoli-sharqda 300 km ga yetadi. Orolning katta qismi tektonik tarkibiga ko’ra platformadan iborat. Shimol va janubda bu platformaning zamini yer betiga chiqib, baland qalin kristalli massivlar hosil qiladi. Markaziy qismida kristalli zamin cho’kkan, bazalt lavalari bilan qoplangan, bu lava oqimlari neogen davridagi ko’tarilishlar bilan bog’liq bo’lib, unda yer po’stida yoriqlar vujudga kelgan. Orolning sharqiy va shimoliy chekkasida Sharqiy Grenlandiya bilan Innuit burmali tog’lari tizimi cho’zilgan. Qadimgi va hozirgi muzlanishlar ta’sirida Grenlandiya tog’lari rel’efi al’p tipidagi rel’ef xususiyatlariga ega. Janubda kristalli tog’ tizmalarining balandligi 1600 m ga, sharqda ayrim tog’ tepalari 3000 m balandlikka ko’tarilgan, eng baland cho’qqi Gunbyorningbalandligi 3700 m ga yetadi.
Grenlandiya sohillarini fordlar chuqur parchalagan, janubi-g’arbiy va sharqiy sohillar ayniqsa kuchli parchalangan bo’lib, bu yerda fordlarning uzunligi 180 km ga, chuqurligi 500 m ga yetadi. Orol foydali qazilmalarga boy. Janubda alyuminiy sanoatida va emallar ishlab chiqarishda katta rol o’ynovchi jins kriolit qazib olinadi. Bundan tashqari, Grenlandiyada sof temir, grafit, torf, uran rudasi konlari aniqlangan.
Grenlandiya iqlimi nihoyatda sovuq, biroq hamma joyda birdek emas. Muzlik qoplamining markaziy qismi ustida yil bo’yi antisiklon havosi ustun turadi va harorat -10° dan -55°S gacha o’zgaradi. Qishda harorat - 60°S gacha tushadi iyulda ham -28°S gacha sovuq bo’lishi mumkin. Harorat domiy 0°S dan yuqori ko’tarilmaydi. Grenlandiyaning g’arbiy sohillarini Baffin dengizi suvlari o’rab turadi, qishda dengiz ustida kuchli siklonlar bo’lib, bu yerdagi iqlim orolning boshqa qismlaridagidan ancha yumshoq, yog’inlar yiliga 1000-1200 mm tushadi. Qishki harorati 0°S dan bir necha daraja past, yozda esa -10°S ga yaqin bo’ladi. Sovuq Grenlandiya oqimi ta’siri ostidagi sharqiy sohilda iqlim ancha quruq va sovuqdir. Bu yerda yillik yog’in miqdori 200 mm bo’lib, qishki o’rtacha harorat - 30°S ga yetadi, yoz sovuq va sernam.
Grenlandiyaning muzdan holi joylaridagi asosiy o’simliklar tundra o’simliklari tipiga xos. Shimoliy qismlari tundra o’simlik turlarga kambag’al. Bu yerlarda turlari 600 ga yetadigan lishaynik va moxlar ustun turadi, o’t o’simliklaridan qutb lolaqizg’aldog’i, toshyorar va momosirka eng ko’p tarqalgan. Shuningdek, ayiqtovon, mitnik, tangayaproq uchraydi. Bu yerlarda bo’yi 2-3 metrli qayin va zirk, archa va qoraqat o’sadi. Och yashil o’tloqlar tez-tez uchrab turadi. Grenlandiyada materikda deyarli qirilib bitgan hayvonlardan qo’y-buqa va karibu bug’usi saqlanib qolgan, sohilda oq ayiqlar ko’p. Sohilbo’yi suvlari dengiz hayvonlari va baliqlarga boy. Asosiy qismi eskimoslardan tashkil topgan aholi sohil bo’ylab u yer bu yerda joylashgan qishloqlarda yashaydi va ovchilik hamda baliq tutish bilan shug’ullanadi. Bu yerdagi kam sonli yevropaliklar bilan amerikaliklar yirikroq aholi punktlarida yashaydilar.