Buyuk tekisliklar. Qoyali tog‘lar bilan Markaziy tekisliklar oralig‘ida baland qiya tekisliklar joylashgan. Ular Buyuk tekisliklar deb ataladi. Buyuk tekisliklar janubi-sharqdan shimoli-g‘arbga tomon 29° sh.k. dan 62° sh.k. gacha submeridional yo‘nalishda cho‘zilgan. Uning uzunligi 3600 km ga, kengligi 500-800 km ga teng. Tekisliklar yuzasining dengiz sathidan o‘rtacha balandligi sharqda 500 m va g‘arbda 1700 m. Geologik tarkibi jihatidan Buyuk tekisliklarning poydevori qadimiy kristall jinsli Shimoliy Amerika platformasining g‘arbiy chekka qismida tarkib topgan. Qadimiy jinslar yer yuzasidan 1000 m gacha chuqurlikda yotadi. Uning yuqori qatlamlari paleozoyning karbon va perm davrlari yotqiziqlaridan hamda paleogen
va neogenning cho‘kindi jinslaridan tashkil topgan. Yuza qismi Qoyali tog‘lardan keltirilgan allyuvial va eol yotqiziqlar bilan qoplangan. Ayrim joylarda bu qatlamlarni yosh intruziyalar yorib o‘tib, alohida-alohida ko‘tarilib turgan kichik qisqa toshlarni hosil qilgan. Shulardan eng balandi Blek-Xils (2207 m) toshdir.
Buyuk tekisliklarning yer yuzasi sharqda, Markaziy tekisliklar bilan chegaradosh bo‘lgan joylarda 500 m dan g‘arbga 1600-1700 m gacha ko‘tarilib boradi va Qoyali tog‘lar etaklari bilan tutashadi. Tekisliklarning ayrim hududlari daryolar bilan kuchli yuvilib, vodiylarning qalin gidrografik to‘rini hamda balandligi 300 m, uzunligi 200-300 km keladigan bosqichlarni hosil qiladi. Erozion bosqichlar Buyuk tekisliklar hududini mustaqil nomlar bilan ataladigan bir qator qismlarga ajratrgan. Bular tekisliklarning janubida joylashgan Eduarde va Lyano-Estakado platolari hamda ulardan shimolda katta maydonlarni egallagan Baland tekisliklar, Missuri va Preriya platolaridir.
Baland tekisliklar yuzasi erozion jarayonlar natijasida kuchli parchalangan. Bu yerda qorlarning erish davrida va kuchli jalalar paytida fojiali hodisalar sodir bo‘lib turadi. Ayniqsa, qisqa muddatli, ammo shiddatli suv toshqinlari natijasida chuqur jarlar, tik yonbag‘irli jarliklar, pog‘onalarni har xil yo‘nalishda yemirilishi vujudga kelib, katta-katta maydondagi yerlarni ishdan chiqargan. Shunday qilib, kuchli parchalangan va yemirilgan tekislik preriya landshaftlari haydashga, ekin ekishga va yaylov sifatida foydalanishga butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgan. Baland tekisliklar Missuri platosidan kuchli parchalangan Payn-Ridj bosqichi orqali ajralib turadi.
Missuri va Preriya platolarining Kanadaga qarashli shimoliy qismi to‘rtlamchi davr materik muzligi bilan qoplangan. Shuning uchun platolarning shimoliy qismi tipik sertepa muzlik relyef shakllari keng tarqalganligi bilan ajralib turadi. Morena tepaliklari orasida morena ko‘llari ham uchraydi. Daryolari morena tepaliklarini va tepalik tizmalarini kesib o‘tib, sharsharalar hosil qiladi. Buyuk tekisliklarning iqlim sharoitiga uning okean va dengizlardan uzoqdan joylashganligi, hududini shimolidan janubga tomon uzoq masofaga cho‘zilganligi va shu yo‘nalishda orografik to‘siqlarning yo‘qligi o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bunday omillar shimoldan keladigin arktika havo massalari bilan janubdan keladigan tropik havo massalarini yilning barcha fasllarida tez-tez almashinib turishiga imkon yaratadi va ob-havoning beqarorligini vujudga keltiradi. Natijada havo harorati yil davomida keskin ravishda o‘zgarib turadi.
O‘lkaning iqlimi tipik kontinental iqlim bo‘lib, uning shimoliy qismi mo‘tadil va janubiy qismi subtropik iqlim mitaqalarida yotadi. Qish oylarining harorati tekisliklarning shimoliy qismi bilan janubiy qismida keskin farq qiladi. Yoz oylarida bu farqlar deyarli batamom yo’qolib, o‘lkaning barcha hududida harorat yuqori bo‘ladi.
Buyuk tekisliklarning shimoliy qismida, janubiy qismiga nisbatan, qish uzoq davom etadi, barqaror va qalin qor qoplami hosil qiladi. Qish oylarining o‘rtacha harorati -12°S ni, yanvarning o‘rtacha harorati -20°S ni tashkil qiladi. Qishda Shimoliy Muz okeanidan keladigan havo massalari ta’sirida qattiq sovuqlar bo‘lib, harorat shimolda -40°S gacha, janubda -12°S gacha pasayadi. Qoyali tog‘lardan
fyon tipidagi kuchli shamollar esib, qor bo‘ronlarini va qor uyumlarini hosil qiladi. Bunday shamollarni hindular chinukdeb atashadi. Yozda chinuk garmsel xarakteriga ega bo‘lib, qurg‘oqchilik hodisalarini vujudga keltiradi. Fyon shamollari tufayli tekisliklarning g‘arbida qish sharqqa nisbatan iliq bo‘ladi. Janubda eng sovuq oyning o‘rtacha harorati +5°S atrofida bo‘lib, barqaror qor qoplami kuzatilmaydi. Iyulning o‘rtacha harorati shimolda +13°S dan janubda +28°S gacha ko‘tariladi.
Yog‘in miqdori o‘lka hududi bo‘ylab bir tekisda taqsimlanmagan. O‘rtacha yillik yog‘in miqdori mo‘tadil mintaqaning sharqida 500 mm dan, g‘arbida 250 mm gacha va subtropik mintaqaning sharqida 600 mm dan, g‘arbida 300 mm gacha kamayib boradi. Buyuk tekisliklar o‘lkasining iqlimi kontinental bo‘lganligi sababli daryo to‘ri yaxshi rivojlanmagan, sersuv daryolar kam uchraydi. Barcha daryolari Qoyali tog‘lardan boshlanadi. Daryo suvlarining ko‘tarilishi bahor oylariga to‘g‘ri kelib, ular qor va yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi. O‘lkaning eng shimoliy qismidagi daryolari o‘z suvini Kanada ko‘llariga, eng janubidagi daryolari Meksika qo‘ltg‘iga quyadi. O‘rta qismidagi daryolari Missisipi havzasiga qaraydi. Missuri va uning irmoqlari Kaneydian, Arkanzas, Platt, Yellouston va boshqalarning suvi ekin maydonlarini sug‘orishda keng foydalaniladi. Barcha tezoqar daryolar tog‘lardan yemirilgan va parchalangan materiallarni oqizib kelib quyi qismida konussimon yoyilmalar hosil qilgan.
Buyuk tekisliklarning shimoliy qismida o‘rmon-dasht zonasi kenglik bo‘ylab joylashgan. Janubda bu zona qora tuproqli dasht (preriya) zonasi bilan almashinadi. Bu zonalarning almashinishi shimoldan janubga tomon emas, balki shimoli- sharqdan janubi-g‘arbga tomon sodir bo‘ladi. Chunki, atmosfera yog‘inlarining miqdori ham huddi shu yo‘nalishda kamayib boradi. O‘lka hududida dasht landshaftlari – preriyalar katta maydonni egallagan. Uning sharqiy chekkasida o‘rmon qo‘ng‘ir tuproqlari ustida o‘sib yotgan keng bargli o‘rmonlar uchraydi. Janubidagi subtropik iqlim mintaqasida butazorli savannalar mavjud. Buyuk tekisliklarning quruq iqlimli va kashtan tuproqli preriyalari past bo‘yli amerika boshoqli o‘tlari bilan qoplangan. Ayniqsa, bizon o‘tlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Bepoyon preriya yalangliklari o‘rtasida orollar shaklidagi o‘rmonlar faqat Blek-Xils tog‘ida uchraydi. Janubda o‘t o‘simliklari bilan birga tikanli meskit, akasiya va kaktuslarning bir necha turlari o‘sadi.
O‘lkaning dastlabki tabiiy landshaftlari inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida kuchli o‘zgargan. Haydalgan yerlarga don ekinlari va yem-hashak o‘tlari ekiladi. Preriyalarning katta maydoni chorva mollari boqishda yaylov sifatida foydalaniladi. Appalachi tog‘lari.Bu tabiiy geografik o‘lka Shimoliy Amerikaning sharqiy qismida AQSh va Kanada hududida joylashgan. U o‘rtacha balandlikdagi tog‘ tizimi bo‘lib, morfostrukturasi tizmalardan, platolardan, yassi tog‘liklardan, vodiylardan va tog‘ oldi tekisliklaridan tarkib topgan. Appalachi tog‘ tizimi shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga qarab submeridional ravishda 2600 km masofaga cho‘zilgan. Eng baland cho‘qqisi o‘lkaning janubida joylashgan va okean sathidan 2037 m ko‘tarilib
turgan Mitchell tog‘idir.
Appalachi tog‘lari geologik taraqqiyot tarixiga ko‘ra Yer yuzidagi eng keksa tog‘lar qatoriga kiradi. U paleozoy erasining kaledon va gertsin tog‘ hosil bo‘lish
jarayonlari tufayli vujudga kelgan, kuchli yemirilgan, peneplenlashgan, so‘ngra yangi tektonik ko‘tarilishlar natijasida yoshargan tog‘lardan hisoblanadi. Appalachining shimoliy, janubi-sharqiy qismlari va Adirondak tog‘lari paleozoyning boshlarida burmalangan qadimiy gneys, slanes va kvarsitlardan tarkib topgan. Janubi-g‘arbiy qismi paleozoyning oxirida burmalangan ohaktosh, qumtosh, gilli slanes kabi cho‘kindi jinslardan tuzilgan. Mezozoyning oxiri va kaynozoyning boshlarida toshlar gumbazsimon ko‘tarilib, megaantiklinal strukturani vujudga keltiradi. Shu davrdan boshlab tog‘ yonbag‘irlari yaxshi rivojlangan daryo vodiylari bilan kuchli parchalanib, hozirgi relyef shakllari hosil bo‘lgan.
Appalachi tog‘li o‘lkasidagi landshaftlarning differensiasiyalanishida katta farqlar mavjud. Bunday farqlar ayniqsa tog‘ tizimining shimoliy qismi bilan janubiy qismi o‘rtasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu boisdan o‘lka hududi ikki qismga – Shimoliy Appalachi va Janubii Appalachiga bo‘linadi. Ular o‘rtasidagi tabiiy chegara tog‘ tizimini ko‘ndalang kesib o‘tgan Moxok tektonik cho‘kmasiga to‘g‘ri keladi. Bu cho‘kmadan Gudzon daryosi oqib o‘tadi. Appalachi tog‘larining iqlim sharoiti Atlantika okeani, ayniqsa Meksika qo‘ltig‘i ta’sirida shakllangan. Shu tufayli mayin va nam iqlim hukmronlik qiladi. O‘lkaning shimoliy qismi mo‘tadil va janubii qismi subtropik iqlim mintaqalariga qaraydi,
Shimoliy Appalachining iqlim sharoiti janubga qaraganda bir muncha sovuq, havo harorati fasllarga qarab keskin o‘zgarib turadi. Eng sovuq oyning o‘rtacha harorati -5°S dan -12°S gacha pasayadi. Daryo va ko‘llari dekabrdan to aprelgacha muz bilan qoplanadi. Qor ko‘p yog’adi va qor qoplami qalin bo‘ladi. Bunga sabab o‘lkaning shimoliy qismiga Labrador sovuq oqimining ta’sir etishidir. Yoz oylari salqin, iyulning o‘rtacha harorati +18°S dan yuqori ko‘tarilmaydi. Tumanli va yomg‘irli kunlar ko‘p bo‘ladi.
Janubiy Appalachi hududida havo harorati yozda ham, qishda ham shimolga nisbatan yuqori bo‘ladi. Qishda eng sovuq oyning o‘rtacha harorati +8°S atrofida. Balandlikka ko‘tarilgan sayin harorat pasayib boradi. Dengiz sathidan 600-700 m balandlikdan boshlab manfiy harorat kuzatiladi. Yoz oylari issiq, iyulning o‘rtacha harorati +25°S gacha boradi, yog’in juda ko‘p bo‘ladi. Appalachi tog‘lariga doimo Atlantika okeanidan keladigan nam havo massalari ta’sir etib turadi. Nam havo massalari o‘lkaning hamma hududiga katta miqdorda yog‘in keltiradi. Yog‘in yilning hamma fasllari uchun xarakterli. Yillik yog‘in miqdori shimoldan janubga tomon 1000 mm dan 2000 mm gacha ko‘payib boradi. Maksimum yog‘in yoz fasliga to‘g‘ri keladi. Namlikning ko‘pligi tufayli o‘lkada daryo tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Appalachi tog‘laridan boshlanuvchi daryolar o‘z suvini Atlantika okeaniga va Missisipi havzasiga quyadi. Ular sersuv, yil davomida to‘lib oqadi, vodiylari chuqur ishlangan. Qor va yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi. Yirik daryolari Sent-Djon, Gudzon, Saskuixanna va Tennessilar gidroenergiya resurslariga boy.
O‘lka tabiatidagi ichki farqlar faqat geologik tuzilishi, relyefi va iqlimi sharoitlarida bo‘lib qolmasdan, tuproq-o‘simlik qoplamida ham aniq ifodalangan. Appalachining shimolida tog‘ podzol, tog‘ chimli podzol tuproqlari keng tarqalgan. Ular igna bargli va aralash o‘rmonlar bilan qoplangan. O‘rmonlar asosan tog‘larning yuqori qismida yaxshi saqlangan. Igna bargli tog‘ o‘rmonlarida qoramtir yel, balzam
pixtasi, oq qarag‘ay, tuyalar ko‘p o‘sadi. Aralash o‘rmonlarda igna bargli o‘rmonlar bilan birga shakar va qizil zarang, oq va sariq qayin, tog‘terak, emanlar keng tarqalgan. Ayrim joylarda qizil zarang, shakar zarang va emanlardan tarkib topgan o‘rmon massivlari saqlanib qolgan. Janubiy Appalachining tuproq qoplami o‘rmon qo‘ng‘ir, sariq va qizil tuproqlardan tashkil topgan. Katta maydonni egallagan appalachi keng bargli o‘rmonlarining tipik vakillari Moxok tektonik cho‘kmasi hududida paydo bo‘la boshlaydi. Keng bargli o‘rmonlarning asosini buk, chinor, tog‘ terak, kashtan yong‘oq, zarang va shumtollar tashkil etadi. Tog‘larning 1000 m balanllikkacha bo‘lgan qismida endemik va relikt turlar – lola daraxti, magnoliya, oq akasiyalar o‘sadi. 1000 m dan balandlikda Shimoliy Appalachiga xos bo‘lgan aralash va igna bargli o‘rmonlar o‘sadi. Undan yuqorida subal’p mintaqasi joylashgan.
Janubiy Appalachining o‘rmonlari antropogen omil ta’sirida juda siyraklashib qolgan. Ayrim hududlarda o‘rmonlar umuman kesib yuborilgan. Bunga sabab o‘lkaning geografik o‘rni va iqlim sharoitining inson hayoti uchun qulayligi hamda gidroresurslarga va foydali qazilmalarga boy ekanligidir. Tabiiy landshaftlar o‘rnini antropogen landshaftlar, ayniqsa agrolandshaftlar, seliteb va texnogen landshaftlar egallagan. Tabiiy qalin o‘rmonlar tog‘larning aholi siyrak yashaydigan baland joylarida yaxshi saqlanib qolgan. Bu yerda yirik o‘rmon hayvonlaridan Virginiya bug‘usini uchratiladi.