Yer qimirlash va vulkanlar. Yevrosiyoning janubiy qismidan Yer shariining juda katta Yevropa-Osiyo seysmik mintaqasi, sharqiy chekkasidan esa Tinch okean seysmik mintaqasi o’tadi. Bu mintaqalar eng serharakat joylar hisoblanadi. Yer yuzida ro’y beradigan kuchli zilzilalarning aksariyati shu mintaqalarga to’g’ri keladi. Yer qimirlash tabiiy ofat jarayonlarining bir turi bo’lib, uning kuchli silkinishidan kishilar, shaharlar, qurilishlar katta talofat ko’radi. Masalan, 1923 yilda yer qimirlash natijasida Yaponiyaning poytaxti Tokio, 1948 yilda Turkmanistonning poytaxti Ashxabod, 1995 yilning yanvar oyida Yaponiyaning Kobe shahri to’liq vayron bo’lgan. 1966 yildagi yer qimirlash Toshkent shahriga juda katta zarar yetkazgan. 1998 yilda Afg’onistonda sodir bo’lgan kuchli zilzila natijasida o’nlab qishloqlar to’liq vayron bo’lgan, minglab aholi qurbon bo’ldi va boshpanasiz qolgan. 2011 yilning mart oyida Yaponiyada yuz bergan 9 balli zilzila ham mamlakat iqtisodiyotiga juda katta zarar yetkazgan. Hozirgi paytda olimlar Yer po’stida ro’y beradigan jarayonlarni har tomonlama o’rganishga kirishganlar. Tabiatda sodir bo’ladigan bunday hodisalarni har tomonlama mukammal o’rganish yer qimirlashning qaerda va qachon bo’lishini oldindan aytib berishga hamda aholini ogohlantirishga yordam beradi.
Vulkanlarning geografik tarqalishi ham zilzilalar singari Yer po’stining seysmik mintaqalari bilan chambarchas bog’liq. Vulkanlar ayniqsa Tinch okean "Olovli xalqasi"da keng tarqalgan. Shuning uchun ham Yevropa-Osiyo seysmik mintaqasi Yer seysmik energiyasining 15% ini shu mintaqada sarf qilsa, Tinch okean seysmik mintaqasi esa Yer seysmik energiyasining 80% ga yaqinini shu yerda sarf qiladi. Yevrosiyodagi otilib turadigan eng katta, eng baland va go’zal vulkan Kamchatka yarim orolidagi Klyuchi Sopkasi bo’lib, uning balandligi 4780 m, kraterining diametri 500 m, yon bag’irlarida 60 dan ziyod qo’shimcha konuslar ko’tarilib turadi. Klyuchi Sopkasining cho’qqisi qor va muzliklar bilam qoplangan. Ularning quyi chegarasi dengiz sathidan 1500-2000 m balandlikdan boshlanadi. Vulkanning otilishi juda dahshatli bo’lib, ovozi 250-300 km masofagacha boradi. Harakatdagi vulkanlar Kuril, Yaponiya, Ryukyu, Filippin, Katta Zond orollarida keng tarqalgan. O’rta dengiz orollari va sohillarida, Arman tog’ligida, Kavkaz tog’larida ham vulkanlar ko’p. Masalan, Katta Kavkaz tog’ tizmasidan Kazbek va
El'brus tog’ cho’qqilari to’rtlamchi davr boshlarida harakatdagi vulkanlar bo’lib, hozir so’ngan vulkanlar qatoriga kiradi.
Seysmik mintaqalarning serharakat joylarida vulkanlardan tashqari geyzer buloqlari ham otilib turadi. Geyzerlar ayniqsa Kamchatka yarim orolining sharqiy sohillarida ko’p uchraydi. Bulardan eng yiriklari Troynoy, Fontan va Velikan geyzerlari hisoblanadi. Velikan geyzerining maydonchasi 30x40 m, chuqurligi 3 m, o’rtacha har 4 soatu 10 daqiqada bir marta otiladi va 2 daqiqa davom etadi. Uncha katta bo’lmagan geyzerlar Kamchatkaning janubida, Paujet buloqlari rayonida uchraydi. Geyzer buloqlari birinchi marta 1755 yilda S.P.Krasheninnikov tomonidan kashf etilgan. Geyzerlar yer qa’ridan otilib chiquvchi qaynoq suvlardir. Geyzerlarning xalq xo’jaligida ahamiyati juda katta. Qaynoq suv bug’i elektr stansiyalarning turbinalarini bemalol aylantira oladi. Bunday elektr stansiyasi Kamchatkada qurilgan. Geyzer suvlaridan uylarni, korxonalarni va issiqxonalarni isitish uchun foydalaniladi.