Yassi tog’liklar va tog’liklar. Yevrosiyoning katta balandlik qismini yassi tog’liklar va tog’liklar tashkil etadi. Ular materik hududida juda notekis tarqalgan. Eng yirik makrostrukturali yassi tog’liklar va tog’liklar materikning Osiyo qismida joylashgan. Bular O’rta Sibir, Gobi, Ordos yassi tog’liklari va Tibet, Kichik Osiyo, Armaniston, Eron, Beyshan tog’liklaridir. Yevropaning turli regionlarida joylashgan yassi tog’liklar va tog’liklar maydon jihatidan bir muncha kichik va kam tarqalgan. Bular Skandinaviya yarim orolidagi Norland, Pireney yarim orolidagi Meseta, Buyuk Britaniya orolidaga Shotlandiya yassi tog’liklari hamda Bolqon yarim orolidagi Dinar tog’ligidir. Barcha yassi tog’liklar va tog’liklar materikning tekislik va pastekisliklariga o’xshab geologik eralarning turli davrlarida paydo bo’lgan.
O’rtaSibiryassitog’ligi. O’rta Sibir yassi tog’ligi shimoliy Osiyoning markaziy qismida, Yenisey va Lena daryolari oralig’ida joylashgan. Uning hozirgi rel’ef shakllarining tarkib topishida yer yuziga chiqib yotgan kristall jinsli qalqon va anteklizalar, zinapoyalarni vujudga keltirgan effuziv jinslar, eroziya jarayoniga to’sqinlik qiluvchi ko’p yillik muzloq yerlarning mavjudligi, kontinental rejimning uzoq vaqt davom etishi asosiy rol o’ynagan. Yassi tog’lik paleozoy va mezozoyda eroziya - nurash jarayonlari ta’sirida bo’lgan. Uzoq yillar davom etgan turli xil tabiiy geografik jarayonlar ta’sirida supasimon tog’lar, qadimgi peneplenlar, keng vodiylar, balandlik va tog’lik joylarda chuqur erozion vodiylar hosil bo’lgan. O’rta Sibir yassi tog’ligining eng baland Putorana tog’ massivi uning shimoli-g’arbiy qismida joylashgan. Massivning eng baland nuqtasi Kamen cho’qqisi bo’lib, dengiz sathidan 1071 m ko’tarilgan. Sharqda yassi tog’likning eng past joyi Lena-Vilyuy pastekisligi bo’lib, uning yuzasi dengiz sathidan 75 m dan 200 m gacha ko’tarilgan. Yassi tog’likning poydevorini Sibir platformasi tashkil etadi.
Gobi yassi tog’ligi.Gobi atamasi mongolcha “gov” so’zidan olingan bo’lib “suvsiz joy” degan ma’noni bildiradi. Gobi Markaziy Osiyoning yirik yassi tog’ligi bo’lib, uning asosiy qismini kristall jinslar tashkil etadi, qolgan hududi dengiz va
kontinental yotqiziqlar bilan qoplangan. Yassi tog’lik dengiz sathidan o’rtacha 800- 1200 m balandlikda joylashgan. Yer yuzasining rel’ef shakllari qiya tekisliklardan, keng tog’oralig’i vodiylaridan, cho’kmalardan tashkil topan. Yassi tog’likning kamroq maydoni nisbiy balandligi tekislik yuzasidan 1000-1500 m ko’tarilib turgan tog’lar bilan band. Bu tog’lardagi ayrim cho’qqilarning balandligi 2500 m gacha yetadi va undan ham oshadi.